

✅ OKMK – "Xorazm"
Hakam o'yinni davom ettirib, to'g'ri qaror qabul qilgan. OKMK futbolchisini ushlab qolish uning oldinga siljishiga hech qanday to'sqinlik qilmagan va u o'z tashabbusi bilan yiqilgan. VAR bu vaziyatga xato aralashgan.
✅❌ "Bunyodkor" – "Surxon"
Dastlab yordamchi hakam "Surxon" futbolchisida o'yindan tashqari holatni qayd etib xatoga yo'l qo'ygan bo'lsa-da, VAR to'g'ri aralashib, hakamni monitor orqali vaziyatni ko'rib chiqishga chaqirdi. Fikrimizcha, bu vaziyatda penalti belgilanishi va raqibni to'p uchun kurashmasdan yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi.
P.S. VAR orqali vaziyatni ko'rib chiqqandan so'ng, hakam "Bunyodkor" himoyachisiga qizil kartochka ko'rsatdi, biroq penalti belgilamadi.
✅ "Navbahor" – "Lokomotiv"
Hakam o'yinni davom ettirib, to'g'ri qaror qabul qilgan. Havoda biroz kontakt bo'lgani rost, lekin bu holat "Navbahor" hujumchisining oldinga siljishiga hech qanday ta’sir ko'rsatmagan, shu sababli hakam va VAR qarorini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz.
✅ "Paxtakor" – "Andijon"
Bosh hakam vaziyatni to'g'ri baholadi va "Andijon" darvozabonini yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun maydondan chetlatdi. To'pga ulgurmagan darvozabon keyingi teginishdayoq gol urish uchun yaqqol imkoniyatga ega bo'lgan raqibini chalib yiqitgan edi.
✅ "Qo'qon-1912" – "Dinamo"
Ushbu vaziyatda futbolchilarning qo'llari bilan o'zaro kurashganini ko'ryapmiz, "Dinamo" himoyachisi tomonidan yaqqol ushlab qolish yoki turtish holati kuzatilmagan. Hakam o'yinni davom ettirib, to'g'ri qaror chiqargan.
❌ "Qo'qon-1912" – "Dinamo"
Bu vaziyatda esa hakam va VAR qaroriga qo'shila olmaymiz. "Qo'qon-1912" himoyachisi qo'li bilan to'p tomon harakat qilgan va shundan keyingina qo'lini orqasiga yashirgan. Fikrimizcha, bu holatda intizomiy choralarsiz penalti belgilanishi to'g'ri qaror bo'lar edi.
✅ "So'g'diyona" – "Mashal"
Bu yerda o'yindan tashqari holat yo'q va gol qoidalarga muvofiq urilgan, chunki "Mashal" o'yinchisi dastlab to'g'ri holatda joylashgan va to'pni sherigining harakat yo'nalishiga o'tkazib yuborgan edi.
✅ "Qizilqum" – "Buxoro"
VAR to'g'ri aralashib, hakamni vaziyatni ko'rib chiqishga chaqirdi. "Buxoro" o'yinchisi yaqqol qo'li bilan o'ynab, raqibini gol urishning yaqqol imkoniyatidan mahrum qilgan. To'p qisqa vaqt ichida "Qizilqum" hujumchisiga yetib borishi va u darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borishi mumkin edi. Bu vaziyatda qizil kartochka ko'rsatilishi to'g'ri qaror hisoblanadi.
Shu tariqa, Superliganing 20-turi doirasidagi o'yinlarda hakamlar ikkita qo'pol xatoga yo'l qo'yishgan.



