

Manba: Katanets yordamchilari O'FAni sudga bermoqchi
Ushbu xabarga O'FA matbuot xizmati bayonot bilan chiqdi.
"O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2025 yil 17 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq murabbiylar shtabi a'zolari bo'yicha e'lon qilingan maqolada keltirilgan ma'lumotlar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi yordamchi murabbiylari mehnat shartnomalarida belgilangan “bosh murabbiyning mehnat shartnomasi bekor bo'lganda yordamchi murabbiylarning ham shartnomasi bir vaqtning o'zida bekor bo'lishi” opciyasining ishga tushganligi bois, ular bilan shartnomalar bir tomonlama avtomatik tarzda bekor bo'lgan va bu haqida ularga ma'lum qilingan.
Sobiq bosh murabbiy shartnomasining taraflarning roziligi bilan bekor bo'lishi va jamoaga yangi murabbiylar shtabining kelishi sobiq murabbiylar shtabi a'zolarining shartnomalarini ham bekor bo'lishiga olib keladi.
Terma jamoa sobiq bosh murabbiyi yordamchi murabbiylari mehnat shartnomalariga kiritilgan ushbu bandlar FIFA va Sport Arbitraj sudi yurisprudensiyasida normal amaliyot sifatida qabul qilinadi.
Avvalroq, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tegishli bandlarga asosan shartnomalari bekor bo'lgan murabbiylar shtabi a'zolariga boshqa yosh toifasidagi terma jamoalarda ishlash bo'yicha takliflar berilgan edi", - deb yoziladi rasmiy bayonotda.



