Brendan Rojers: "Sportda bitta jamoa favorit bo'lishi mumkin, lekin bu har doim ham natijani kafolatlamaydi"

Абдулвосит Бектемиров
13 okt 2026, 08:03
Elit OCHL 2-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Al Qodsiya" uchrashuvidan so'ng (1:1) mehmonlar murabbiyi Brendan Rojers o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Haqiqatan ham yaxshi o'yin bo'ldi. Penaltidan gol o'tkazib yuborganimizdan hafsalamiz pir bo'ldi. Men umuman buni penalti deb o'ylamagandim. Shunga qaramay, juma oqshomida o'ynaganimizni hisobga olsak, biz o'yinga bor kuchimizni berdik, ko'p energiya sarfladik. Barcha safarlarimizni hisobga olganda, o'yinchilar juda katta kuch sarflashdi va hozir ular o'yinda g'alaba qozona olmaganimizdan biroz xafa bo'lishlari mumkin. Lekin har doim, ayniqsa eng yuqori darajada, muhim bo'lgan narsa, agar o'yinda yuta olmasang, yutqazmaslik chorasini ko'r, va biz aynan shunday qildik. Shuning uchun biz penaltidan norozimiz, biroq bizda gol urish uchun boshqa imkoniyatlar ham bor edi, lekin biz bu imkoniyatlardan foydalana olmadik. Shunday qilib, biz shunchaki ochkomizni olib, uyga qaytamiz", - deya gap boshladi Brendan Rodjers.

- Bir ochko ishlaganingiz, mehmondagi o'yin yaxshi ekanligi haqida aytib o'tdingiz. Birinchi va ikkinchi bo'lim o'rtasidagi farq nimada?

- Ha, Chempionlar Ligasida mehmonda o'ynaganingizda, agar yaxshi jamoaga qarshi o'yinda ochko olsangiz, bundan xursand bo'lasiz. Raqibning yo'qotadigan narsasi yo'q edi, va ular ko'plab uzatmalar amalga oshirishi va kuchli bosim o'tkazishi mumkin. Biz uchun, o'yinni tahlil qilganimizda, ehtimol, ayniqsa ikkinchi bo'limga kelganda, to'pni yaxshiroq boshqarishimiz mumkin edi, deb aytarmiz. O'yinni nazorat qilish uchun futbolni (to'pni) ehtimol yaxshiroq boshqarishingiz mumkin, bizda bittadan ko'proq gol urish uchun hali ham bir nechta yaxshi imkoniyatlar bor edi. Bu dastlabki ikkita o'yindagi olti ochkodan to'rttasi degani. Bu ushbu darajada o'ynayotgan ko'plab o'yinchilarimiz uchun ajoyib dars bo'ladi. Shunday qilib, yaxshi jamoaga qarshi yaxshi o'yin bo'ldi va aytganimdek, biz o'yinlarda g'alaba qozonishga shunchalik o'rganib qolganmizki, bizda g'oliblik mentaliteti bor, shuning uchun g'alaba qozonmasak, bu har doim darhol tushkunlikka tushamiz.

- Agar markaziy himoyachilar haqida gapiradigan bo'lsak, "Al-Qodisiya"da uchta markaziy himoyachi, bu jami beshta himoyachi degani. "Paxtakor"da ham xuddi shunday o'yin sxemasi edi. Lekin shunga qaramay, "Paxtakor"da besh-oltita golli vaziyat bo'ldi va raqibda ham besh-oltita golli vaziyat yuzaga keldi. Savol, buning sababi nimada?

- Birinchidan, men "Al-Qodisiya"ga kelganimdan beri biz 3-1-4-2 sxemasida o'ynayapmiz. Bu sxema o'zgarmadi. O'zingiz aytganingizdek, raqib odatda to'rtta himoyachi bilan o'ynaydi, lekin ular tizimni o'zgartirishdi, shuning uchun ikkala jamoa ham taktik jihatdan beshta himoyachi bilan o'ynadi. Biz bugun ko'plab imkoniyatlar yaratdik va gol urdik, lekin menimcha, bu darajada qanchalik yaxshi himoyalanmang yoki qanchalik yaxshi hujum qilmang, har doim sizga qarshi qaratilgan vaziyatlar yuzaga keladi. Va mening darvozabonim ikkita fantastik seyv amalga oshirdi, biri birinchi bo'limda, ikkinchisi ikkinchi bo'limda. Ajoyib seyvlar. Lekin siz bu darajada buni qilish kerakligini kutasiz, chunki vaziyatlar yarata oladigan yaxshi o'yinchilar bor va bu sodir bo'lishi mumkin.

- Xayrli kech, agar nazariy jihatdan qog'ozga qaraydigan bo'lsak, "Al-Qodisiya" - Osiyodagi eng yirik klublardan biri va Saudiya Pro-ligasining hozirgi darajasi ma'lum. Mening savolim shundan iboratki, qanday qilib "Paxtakor" kabi jamoalar "Al-Qodisiya" kabi klub bilan deyarli tengma-teng kurasha oladi, buning sababi nimada deb o'ylaysiz, agar biz faqatgina tarkibni, moliyaviy qo'llab-quvvatlashni, umuman hammasini solishtiradigan bo'lsak oradagi farq juda katta. Lekin maydonda o'yin teng kechdi va "Paxtakor" bugungi uchrashuvda g'alaba qozonishi ham mumkin edi…

- Bu sport, bu futbol, va xayriyatki, men gazetalar va yangiliklarni o'qimayman. Bugun raqib haqiqatan ham yaxshi o'yin namoyish etdi, ular bor kuchlari bilan kurashishdi, ularda yaxshi o'yinchilar bor va bazida bizga o'xshagan raqibga qarshi o'ynaganingizda, siz ehtimol o'sha qo'shimcha 10-15%ni bera olishingiz mumkin, lekin shu bilan birga ular yaxshi shug'ullantirilgan yaxshi jamoa va bu men uchun kutilmagan holat emas. Siz sportda ko'rasizki, bitta jamoa favorit bo'lishi mumkin, lekin bu har doim ham natijani kafolatlaydi degani emas. Biz g'alabadan bir necha daqiqa uzoqlikda edik, va bu biz uchun haqiqatan ham, haqiqatan ham yaxshi g'alaba bo'lardi, lekin biz unga erisha olmadik, shuning uchun bir ochko bilan kifoyalanamiz.

Biz uchun hali ham atigi ikki yil oldin Saudiya Arabistonining ikkinchi divizionida bo'lgan klubmiz. Endi esa klubdan, o'zingiz aytganingizdek, umidlar katta, va bu biz xohlagan narsa. Lekin biz hali ham qurilyapmiz va takomillashyapmiz, va aytganimdek, buni davom ettiramiz.

To'g'risini aytsam, men bu klubning tafsilotlarini aniq bilmayman. Men faqat tahlil qilayotgan jamoam haqida fikr bildira olaman, ularning "Al-Ahli"ga qarshi qanday o'ynashganini ko'rganimda, ular fantastik gol urishgandi. Shuningdek, bugungi o'yinni ko'rganimizda ham, biz uchun biz hali o'sayotgan jamoa, klub va mamlakatmiz. Bizda Saudiya Pro-ligasida bir qancha ajoyib o'yinchilar bor, bizda fantastik sharoitlar mavjud, o'yin o'smoqda, rivojlanmoqda, va biz buni davom ettiramiz. Bugungidek tajriba ham bizga yordam beradi, chunki bizda ko'plab o'yinchilarimiz bor, ayniqsa yosh o'yinchilarimiz, ular ko'plab musobaqalarda o'ynashga o'rganmagan. Lekin bu sport, bu futbol degan gapdan boshqa aytadigan gapim yo'q. Va aytib o'tganimdek, biz o'yinlarda yutishni yaxshi ko'ramiz, lekin bazida durang bo'lganda bunga ko'nikish kerak.

- Siz dunyoning ko'plab jamoalari va murabbiylariga qarshi o'ynagansiz, men sizning "Paxtakor" haqidagi taassurotlaringiz qandayligi, "Paxtakor"ning birinchi va ikkinchi bo'limlardagi taktikasi haqida nima deya olishingizni so'ramoqchi edim?

- Bu bazida shunchaki o'yinning tabiiy borishi. Aytganimdek, biz juda hujumkor jamoamiz. O'ylaymanki, ikkinchi bo'limda biz unchalik yaxshi qilmagan narsamiz - biz juda ko'p to'p yo'qotdik. Biz etarlicha uzatmalar amalga oshira olmadik va to'pni etarlicha uzoq vaqt ushlab turmadik, va qachonki uni raqibga berib qo'ysangiz, ko'proq himoyaviy poziciyaga qaytishga majbur bo'lasiz.

brendan rojers2.JPG

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif