

Bir yillik tanaffusdan so'ng elitaga qaytgan Jizzaxning "So'g'diyona" klubi 30 yanvar kuni Toshkentda Qozog'istonning "Ordabasi" jamoasi bilan o'rtoqlik o'yinida kuch sinashgan. Qiziqarli voqealarga boy bo'lgan mazkur bahsda chimkentliklar 1:0 hisobida g'alaba qozonishgan.
O'sha vaqt ichida jizzaxliklar tarkibida bir qator yangilanishlar yuz bergan edi. Xususan, chimkentliklarga qarshi bahsda Shuhrat Asatov ("Neftchi"), Stanislav Proxorov va Murod Jalilov (har ikkisi – "Guliston") maydonga tushishgan. Biroz avvalroq esa "Metallurg"dan Farhod Mavlonov va Timur Galeev ham kelib qo'shilgan edi.
Bungacha Farg'onada yig'in o'tkazib, so'ng O'zbekiston poytaxtiga yetib kelgan "Ordabasi" tarkibida esa to'rt nafar o'zbekistonlik futbolchi harakat qilgan: Murtazoev, Sobirov, Ni va Pavlov. Murtazoev va Sobirov "Ordabasi" safida avvalgi yildan buyon o'ynab kelayotgan bo'lsa, Ni va Pavlov jamoaga yaqindagina kelib qo'shilgan edi. Bundan tashqari, chimkentliklar tarkibida yana bir qator hamyurtlarimiz – Sergey Andreev ("Neftchi"), Yoqub Mamatov ("Cementchi"), Aziz Hoshimov ("Qaysar") va Bahodir Abduraimov ("Samarqand-D") ko'rikdan o'tayotgan edi.
Qizig'i shundaki, mazkur uchrashuvdagi g'alaba keltiruvchi yagona golni "So'g'diyona" bosh murabbiyi Suyun Murtazoevning o'g'li Spartak kiritgan. U o'yinning 44-daqiqasida boshi bilan yo'llagan zarbasi orqali to'pni Sharipov qo'riqlayotgan darvoza to'riga joylab qo'ygan va o'z otasi boshqarayotgan jamoaning mag'lubiyatiga sababchi bo'lgan.
"So'g'diyona" – "Ordabasi" 0:1
30 yanvar. 2004 yil.
"So'g'diyona": Sharipov, Beketov, Usmonov, Asatov, Proxorov, Zokirov, Jalilov, Mavlonov, Do'rmonov, Aliqulov, Galeev.
Zaxiradan tushganlar: Ahmedov, Jabborov, Hayitov, Shixov.
Gol: Murtazoev (44).
Spartak Murtazoevning futbolchilik faoliyatiga nazar tashlaydigan bo'lsak, u o'z karerasi davomida O'zbekiston va Qozog'istonning bir qator klublarida to'p tepgan. U turli yillarda "So'g'diyona", "Paxtakor", "Qizilqum", OKMK va "Dinamo" kabi o'zbek klublari sharafini himoya qilgan. Qozog'iston chempionatida esa "Ordabasi"dan tashqari "Yassi Sayram" hamda "Atirau" jamoalarida faoliyat yuritgan. Futbolchilik faoliyatini esa 2010 yilning boshida Samarqandning "Dinamo" klubida yakunlagan.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



