

3,5 yil oldin “So'g'diyona”ga kelgan shimoliy makedoniyalik futbolchi Lyupcho Doriev esa allaqachon o'zining kuchli tomonlarini ko'rsatishga, tanilishga ulgurdi. Ayni paytda to'purarlar poygasida yetakchilik qilayotgan legioner to'ptepar bilan o'tgan davr, kelajak va boshqa mavzularda suhbatlashdik.
- Lyupcho, hozirda mavsumning eng yaxshi to'purari bo'lish uchun asosiy da'vogarlardan biri bo'lib turibsiz. Umuman oluvda, bu yilgi mavsum siz uchun qanday kechmoqda?
- Mavsum qanday o'tayotganidan qatiy nazar juda mamnunman, ammo e'tiborni shaxsiy statistikaga haddan tashqari qaratmoqchi emasman. Albatta, to'purarlar qatorida bo'lish men uchun katta motivaciya va har bir o'yinda gollar yoki assistlar bilan jamoaga yordam berishni xohlayman. Lekin asosiy ustuvorlik - bu jamoa va umumiy natijalarimiz. Agar jamoa muvaffaqiyat qozonsa, shaxsiy mukofotlar ham yanada qadrliroq bo'ladi. Men mehnat qilishda, diqqatni jamlashda va har bir bellashuvda maksimal darajada hissa qo'shishda davom etaman.
- Jizzaxda o'tkazgan 3,5 yilingiz davomida o'z mahoratingizni to'liq ko'rsata oldingiz. Boshqa kuchli jamoalardan ham takliflar bo'lgani sir emas. Faoliyatingizni “So'g'diyona”da yakunlaysizmi yoki kelajakni qanday tasavvur qilasiz?
- “So'g'diyona”, klub rahbariyati, jamoadoshlarim va ayniqsa muxlislar bilan juda yaxshi munosabatdaman. Bu yerda juda muhim bo'lgan uch yarim yilni o'tkazdim va bu klubga hurmatim baland. Boshqa jamoalardan takliflar va qiziqishlar bo'ldi - bu futbolda tabiiy hol. Ammo ayni damda bor e'tiborimni “So'g'diyona”ga va qo'yilgan maqsadlarga erishishga qaratganman. Kelajakka kelsak, futbolda hamma narsa juda tez o'zgarishi mumkin. Uzoq kelajak haqida oldindan vada berishni yoqtirmayman. Shunchaki rivojlanishda davom etishni, maydonda bor kuchimni berishni va voqealar rivojini kutishni afzal ko'raman.
- Jamoa Ulug'bek Baqaev qo'l ostida o'z o'yinini topa oldimi? Boshkovich davrida nima yetishmayotgan edi va Baqaev nimani o'zgartira oldi?
- Menimcha, har bir murabbiyning o'z g'oyalari, falsafasi va ish tutishi bor. Ikkala murabbiyni ham juda hurmat qilaman, shu bois Boshkovich davrida nimadir “xato” bo'lgan deb aytmagan bo'lardim. Ulug'bek Baqaev kelganidan beri o'yinimizda ishonch va barqarorlik ortdi. U ayniqsa o'yinni tashkil etish, hujumkor futbol va uchrashuvlar davomidagi mentalitetimizga yangi g'oyalarni olib kirdi. Biz uning talablarini juda yaxshi tushunamiz va fikrimcha, bu maydonda ham ko'rinib turibdi. Lekin bu butun jamoaning xizmati. Futbolchilar yangi talablarga moslashish uchun juda ko'p mehnat qilishdi va har bir o'yin sayin o'sishga erishmoqdamiz.

- Superliga himoyachilari sizga qarshi juda diqqat bilan va bazan agressiv o'ynashadi. Qaysi jamoa himoyachisi maydonda sizga eng katta boshog'riq bo'ladi?
- Superligada juda ko'p yaxshi himoyachilar bor va men ularning barchasini hurmat qilaman. Har bir o'yin - bu yangi chorlov, chunki himoyachilar mening o'yin uslubimni o'rganib, maydonda harakat qilishim uchun bo'sh joy qoldirmaslikka harakat qilishadi. Biror bir futbolchini alohida ajratib ko'rsatmagan bo'lardim, chunki bu boshqalarga nisbatan adolatsizlik bo'ladi. Men uchun eng katta qiyinchilik - juda tartibli, yaqin o'ynaydigan, kam joy qoldiradigan va birga-bir vaziyatlarda qayrilishga imkon bermaydigan himoyachilarga qarshi bahslarda yuzaga keladi. Ochig'i, bunday kurashlar menga yoqadi. Ular futbolchi sifatida sizni yanada kuchli qiladi va yangi echimlar izlashga majbur etadi.
- Raqib darvozabonlarini oldindan o'rganasizmi yoki maydonda hamma narsa intuiciya va tezkor qarorlarga bog'liqmi? Siz uzoqdan ko'p zarba berasiz va darvozabonning zaif nuqtasini oson topgandek tuyulasiz...
- O'yinlardan oldin raqibni, jumladan, darvozabonni ham atroflicha o'rganaman. Bizda ularning uslubi, maydonda joylashuvi va odatlari haqida ma'lumotlar bo'ladi, shuning uchun tayyorgarlik juda muhim. Ammo maydonga tushganingizdan so'ng hamma narsa juda tez sodir bo'ladi. Bazan qaror qabul qilish uchun bor-yo'g'i bir soniya vaqtingiz bo'ladi, xolos. Shunday lahzalarda intuiciya, ishonch va tajriba birinchi o'ringa chiqadi. Uzoqdan zarba berishni yaxshi ko'raman va imkoniyat paydo bo'lishi bilan ikkilanmay zarba yo'llayman. Albatta, bazan jasur bo'lish va o'z qaroringizga ishonish talab etiladi. Agar zarba bermasangiz, nima bo'lishi mumkinligini hech qachon bila olmaysiz.
- Jizzaxlik muxlislar sizni ko'chada uchratib qolishsa, odatda qanday qiziqarli savol yoki iltimos bilan murojaat qilishadi?
- Bu yerdagi muxlislar juda samimiy va futbolni chin dildan sevishadi. Meni tanib qolishsa, odatda to'xtatib, suratga tushishadi yoki oxirgi o'yin maqul kelganini aytishadi. Bazan “keyingi o'yinda qachon gol urasiz?” deb so'rashadi, bu esa kayfiyatimni ko'taradi. Shuningdek, ular menga muvaffaqiyat tilab, “So'g'diyona”da qolishimni so'rashadi. Men uchun bunday qo'llab-quvvatlash juda qadrli. Odamlar mehnatingizni etirof etayotganini va klub uchun qilayotgan ishlaringizni qadrlayotganini his qilganingizda, bu sizga qo'shimcha kuch va motivaciya bag'ishlaydi.

- Superligada VAR tizimi tez-tez o'yin tempini buzadi va bazan tushunmovchiliklar sodir bo'ladi. Jamoa yetakchisi sifatida bu holat sizga qanday ta’sir qiladi?
- VAR - zamonaviy futbolning ajralmas qismi va uning nima uchun kerakligini tushunaman. Bazan u hakamga to'g'ri qaror qabul qilishda yordam beradi, bu esa juda muhim. Shu bilan birga, uzoq davom etadigan pauzalar futbolchilarning o'yin ritmi va diqqat-e'tiboriga ta’sir qilishi mumkin. Siz emocional jihatdan o'yin ichida bo'lasiz va to'satdan qarorni kutish uchun bir necha daqiqa to'xtashga majbur bo'lasiz. Jamoa yetakchisi sifatida men bosiqlikni saqlashga va futbolchilarning diqqati bo'linmasligiga harakat qilaman. Qanday qaror chiqmasin, uni qabul qilib, darhol bor e'tiborni o'yinga qaytarishimiz kerak. Bitta VAR qarori mentalitetimizni yoki koncentraciyamizni o'zgartirishiga yo'l qo'ya olmaymiz.
- Muhim g'alabalardan so'ng oshga yig'ilish yoki jamoaviy tadbirlar o'tkazish ananasi bor. “So'g'diyona”da bu jarayon qanday kechadi? Shaxsiy irim-sirimlaringiz yoki o'yinoldi odatlaringiz bormi?
- Ha, muhim g'alabalardan so'ng jamoa bo'lib yig'ilishlar muhit uchun juda muhim hisoblanadi. Bunday lahzalarni birgalikda baham ko'rish jamoani yanada jipslashtiradi va futbolchilar o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi. Shaxsiy irim-sirimlarga kelsak, alohida bir ajoyib odatim bor deb ayta olmayman. O'yin oldidan kichik tartib-qoidalarim bor, chunki puxta tayyorgarlik va barqarorlikni muhim deb bilaman. Tinchlanish, muzyka eshitish, o'yinga diqqatni qaratish va ruhan tayyorlanishni xush ko'raman. Lekin qaysidir alohida ritual g'alaba keltiradi deb o'ylamayman. Jiddiy mehnat, intizom, diqqat-e'tibor va jamoaviy o'yin juda muhimroqdir.



