Azamat Sharipov: "G'alabaga juda yaqin edik"

6 may 2026, 23:47
Proliga 7-turdan o'rin olgan "BuxDU" – "FarDU" uchrashuvi 1:1 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Birinchi taym to'liq nazoratimiz ostida o'tdi. Nimani xohlagan bo'lsak, yigitlar maydonda shuni ko'rsata olishdi. Ikkinchi taymga kelib charchoq kuzatildi. Raqibning zaxiradan tushgan futbolchilari o'yinni o'zgartirib yubordi. Bizga esa shunaqa o'yinchilar yetishmadi. Natijada gol o'tkazdik va bahs durang bilan yakun topdi.

- Hisob 1:1 bo'lgan vaziyatda himoyachilar harakatini qanday baholaysiz?

- Hisob tenglashishidan oldin bizda 100 foizli imkoniyat bo'ldi. O'sha vaziyatda gol urishimiz kerak edi, shundan so'ng asabiylashdik va to'p o'tkazib yubordik. Himoyada o'ynash oson emas, o'ziga yarasha bosimi bor. Hujumchilar gol urmasa, himoyachilarga bosim bo'ladi.

- O'yinga qo'yilgan taktika qanday edi?

- Hozircha 7ta tur ortda qolgan bo'lsa, o'z futbolimizni yo'lga qo'yishni o'ylayapmiz va mashg'ulotlarda shuning ustida ishlayapmiz. Raqib jamoani o'rgandan ko'ra, o'z o'yinimizni yo'lga qo'yib olishimiz kerak. Bugun o'z futbolimizni namoyish etdik deb o'ylayman.

- Jamoangiz gol urib olgach, shuning kayfiyatida bemalol o'yinni davom ettirdi deb hisoblaysizmi?

- Yo'q, unday bo'lmadi. Biz hushyorlikni yo'qotmaslikka harakat qildik. Yuqorida pressing qildik, to'p nazorati ham bizda bo'ldi. Faqat 65-daqiqadan keyin yigitlar charchab qoldi. Bunday vaziyatda zaxiradagi kuchlar yordam berishi kerak bo'ladi. Raqib jamoaning zaxiradan tushgan o'yinchilari tez kirishib ketdi. Biz bilan esa bunday bo'lmadi. Kamchiligimiz ham shunda. Buyog'iga xatolar ustida ishlashni davom ettiramiz.

- Bugungi holatda jamoangiz futbolchilari necha daqiqa maksimal harakat qila oladi?

- Bugungi bahsda 65 daqiqa yaxshi o'ynadik. Qanot futbolchilarimiz va markazdagi o'yinchilar ko'p ter to'kdi. Lekin baribir zaxira kerak. Kamida besh nafar shunday o'yinchimiz bo'lishini xohlaymiz.

- Bugun dastlabki ochko qo'lga kiritildi. Jamoa xursand bo'lish o'rniga o'yindan keyin norozi ohangda maydonni tark etdi.

- Nega desangiz, biz g'alabaga yaqin edik. Asosiy tarkibda maydonga tushgan yoshi katta futbolchilarimiz yoshlarga ko'p etiroz bildirdi. Bu esa asbiylashishga olib keldi. Biz ikki ochko yo'qotdik deb o'ylayman.

- Darvozabon ko'p hollarda vaqtni cho'zishga harakat qildi. Hisob 1:1dan keyin ham shu holat davom etdi.

- E'tibor bering, raqib hujum qilyapti, biz pressingda o'ynayapmiz. Baribir bunday vaziyatda ozroq pauza kerak bo'ladi. To'pni birdaniga o'yinga kiritib o'ynab ketish oson emas. Kuchli jamoalar ham shunday qiladi. Darvozabonimiz bu bilan tempni tushirishga harakat qilgandir, buni normal holat deb hisoblayman. Chunki shu orqali biroz bo'lsa-da nafas rostlab oladi. Lekin bu 1:1ga rozi edik degani emas. Shunchaki o'yin tempini nazorat qilish.

- Bilamizki, "BuxDU" uy o'yinlarini Muborakdagi stadionda o'tkazyapti. Maydon holati bo'yicha fikringiz?

- Maydon holati juda a'lo darajada. Buning uchun "Mashal" klubi rahbariyatiga rahmat aytib qolaman. Muborakda shunday stadionni chiroyli saqlab turish oson emas. Bu maydonda faqat futbol o'ynash kerak.

- Muborakda havo ancha issiq. Uchrashuv boshlanish vaqti 17:00ga qo'yildi. Ancha vaqtli emasmi?

- Bu ham ta’sir qilyapti. Birinchi 25 daqiqadan so'ng futbolchilar muvozanatni yo'qotib qo'ydi. Issiq baribir ta’sir qiladi. Keyingi o'yinlarni salqinda o'tkazsak yaxshi bo'lardi. Yaxshiyamki hakamlar suv ichib olish uchun pauza berishyapti.


Manba: championat.asia