Eldor Boymatov: "G'alabadan so'ng elkamizdan tog' ag'darildi"

Оқил Абдубарноев
6 may 2026, 22:28
Proliganing 7-turidan o'rin olgan "G'azalkent" va "TerDU" jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Eldor Boymatov matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– Uchrashuvga keladigan bo'lsak, biz "G'azalkent" jamoasining o'yinlarini ko'rib, tahlil qilib chiqqan edik. Ular yaxshi jamoa. O'zbekistondagi eng yaxshi, yosh va istiqbolli jamoalardan biri hisoblanadi hamda yaxshi murabbiyga ega. O'yin qiyin kechishini bilgan edik va bu maydonda ham o'z aksini topdi. Bizga uch ochko juda zarur edi, shuning uchun ko'p mehnat qildik, yigitlar ham bor kuchlari bilan harakat qilishdi. Futbolchilarning elkasida qandaydir ruhiy bosim bor edi. Bugungi g'alabadan so'ng elkamizdan tog' ag'darildi.

– Ikkinchi bo'limda himoyachi va yarim himoyachilar o'rniga hujumchi va hujumkor vingerlarni maydonga tushirdingiz. Ular bilan tashkil qilingan taktikangiz kelgusi o'yinlarga poydevor yarata oldimi?

– Biz bu o'yinga, safarda to'p tepishimizga qaramasdan, g'alaba uchun kelgan edik. Shu sababli hujumkor futbolchilarni maydonga tushirdik. Turnir jadvalida egallab turgan o'rnimizdan kelib chiqadigan bo'lsak, keyingi o'yinlarda ham mana shunday taktikadan foydalanamiz. Himoyachilar o'rniga hujumkor o'yinchilarni maydonga tushirish orqali taktik o'zgarishlarni amalga oshirib boramiz.

– Oldingi o'yinlarda g'alaba qozonish uchun nima yetishmagan edi?

– Oldingi o'yinlarda g'alaba qozonish uchun yigitlarga o'ziga bo'lgan ishonch biroz yetishmadi. Biz hujumning so'nggi qismigacha yetib bora olyapmiz, ammo oxirgi uzatmani berishda muammolarimiz bor. Asosan mana shu jihatlar yetishmadi. Endilikda, o'ylashimcha, yigitlarning elkasidan tog' ag'darilgandek bo'ldi. Bundan keyin yaxshi niyat qilamiz, umid qilamanki, barchasi yaxshi bo'ladi.

– Oxirgi gol tushunmovchilikka sabab bo'ldi. O'sha vaziyatda aslida nima ro'y bergan edi?

– Hakam hushtak chaldi. Bizning o'yinchimiz hakamning hushtagidan so'ng zarba yo'lladi. Darvozabon esa hali jonli devor hosil qilayotgan edi. Hakam ruxsat berganidan keyin, o'yinchimiz vaziyatdan foydalanib to'pni darvozaga aniq yo'naltirdi. O'z navbatida yana bir fikrni bildirib o'tmoqchiman. Bu erga kelishimizdan oldin universitetimiz rektori Abduqodir Toshqulov bilan uchrashgan edik. U kishiga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bizni og'ir kunlarimizda ham yolg'izlatib qo'ymadilar. Bir qator mag'lubiyatlarga uchragan bo'lsak ham, bizga ruhiy dalda berdilar. Shaxsan uchrashib, "Yigitlar, men sizlarga ishonaman, hali hammasi yaxshi bo'ladi", – deb qo'llab-quvvatladilar. Jamoamiz va yigitlarimiz nomidan Termiz davlat universiteti rektoriga hamda Jasur Rahimovga katta rahmat aytamiz.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia