Asadbek Karimov: "Mavsum davomida "Surxon" hech kimdan kuchsiz emasligini ko'p bor isbotlamoqdamiz"

Iskandarov Abdulaziz
31 iyul 2023, 17:08
"Surxon" jamoasi ikkinchi davrani kuchli va nomdor OKMKga qarshi uchrashuv bilan boshladi.

Sergey Arslanov shogirdlari shu kuni o'z o'yini bilan haqli ravishda g'alabaga erishdi (3:2). O'yin qahramoni esa  2003 yilda tug'ilgan Asadbek Karimov bo'ldi. 20 yoshli futbolchi dubl bilan olmaliqliklarni taslim qilishda asosiy rolni o'ynadi. Ma'lumot uchun, 2022 yil O'zbekiston U-21 Birinchiligi. OKMK safida zaxirada qayd etilgan 42-raqamdagi Asadbek Karimov sobiq jamoasi darvozasiga ikki bor yo'l topdi. Yakunda u saytimiz tomonidan etirof etildi. 

"OKMKga qarshi o'yin qiziqarli o'tdi. Birinchi davradagi o'yin orqali raqibning nimalarga qodirligini bilgan edik. Shunga qaramasdan yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Murabbiylar qo'rqmasdan oldinga o'tishni, vaziyatlar yaratishni aytishgandi. O'ylaymanki, rejamiz ish berdi. 

OKMK men uchun begona emas. Sobiq jamoasiga qarshi o'ynash, gol urish istalgan futbolchiga qo'shimcha motivaciya beradi. Ochig'i boshqacha bo'lar ekan. 

"Surxon" hech kimdan kuchsiz emas. Istalgan jamoaga qarshi maydonga chiqib g'alaba qozona olishimizni mavsum davomida isbotlab kelyapmiz. "Bunyodkor"ni yutdik, "Nasaf" bilan tengma-teng o'ynadik. Buni barcha ko'rib boryapti",- deydi Asadbek Karimov.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia