

- Qiziqarli o'yin bo'lishini aniq bilgandim. Ikkala jamoaga ham ochko kerak edi. Ikkala tomonda ham, umuman olganda, ko'pchilik klublarda bo'lganidek, muammolar etarli. Bugun to'pni nazorat qilishga kelishib olgandik.
Shunga qaramastdan, yaxshi o'yin ko'rdik deb o'ylayman. Vaziyatlarga boy bellashuv bo'ldi. "Bunyodkor"ning DNKsini, ichki muhitini juda yaxshi bilaman. Bu yerda maydonga qaysi tarkib tushmasin, chiroyli futbol ko'rsatishga harakat qiladi va shunga intiladi. Shunga yarasha bizning futbolchilar ham munosib o'yin ko'rsatishdi. Ularga katta rahmat: juda katta mehnat qilishdi, maydonda bor kuchlarini berishdi. Futbolchilar bizga ochko qanchalik zarurligini his qilib, vazifani uddalashdi. Shuningdek, Termizdan kelib, bizni astoydil qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga ham minnatdorchilik bildiraman. O'ylaymanki, ular ham uylariga, oilalari bag'riga xushnud va xotirjam kayfiyatda qaytadilar. Yigitlarga ham, muxlislarga ham ajoyib o'yin uchun kattadan-katta rahmat.
- Anvar aka, avvalambor, assalomu alaykum. G'alaba bilan tabriklaymiz! "Surxon" so'nggi uchta o'yinda gol ura olmagandi, o'tgan turda esa "Navbahor"ga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Jamoani asosiy hujumchi tark etganidan so'ng uning o'rni qanchalik bilinyapti? Jamoaning kam gol urayotganiga asosiy sabab nimada? Bu shunchaki mening emas, statistikaning gapi.
- Bu ko'pchilik jamoalarda bor muammo. Bundan tashqari, maydon holati ham o'z so'zini aytadi.
- Maydon holati yaxshi emasmidi?
- Yo'q, Olmaliqdagi stadion juda yaxshi. Shunchaki maydonda biroz notekislik bor edi va sal namroq edi. Lekin bu bahona bo'lolmaydi, sababi etarlicha vaziyatlar yaratyapmiz. Mirjalol Qosimovich aytganlaridek, xavfli vaziyatlar ko'p, ammo oxirgi nuqtani qo'yadigan futbolchi yetishmayapti. Bugungi o'yinda ham etarlicha imkoniyatlarga ega bo'ldik, lekin yakuniy zarba beradigan hujumchi hozircha yo'q. Tajribasiz yosh yigitlar bor, harakat qilishyapti, ammo ularga vaqt kerak. Agar ular shu yoshda har bir vaziyatdan unumli foydalana olishganida, bizda emas, allaqachon chet elda o'ynashayotgan bo'lardi. Ishlashda davom etamiz. Futbol shunisi bilan qiziq, balki yaqin orada yangi bir hujumchini kashf qilarmiz.

- O'tgan hafta "Surxon" O'zbekiston kubogini kutilmaganda tark etdi. O'yindan keyingi tayyorgarlik va ruhiy tiklanish jarayoni qanday kechdi? Umuman olganda, o'sha kutilmagan mag'lubiyat haqida to'xtalib o'tsangiz.
- Bu natija kimgadir kutilmagandek tuyulishi mumkin. Jamoamizning va ularning "Buxoro" bilan o'yinini qayta ko'rishlarini iltimos qilgan bo'lardim. "Buxoro" - juda yaxshi shakllangan jamoa. Guruh bosqichida mag'lub bo'lganimiz rost. Ular har bir o'yinga chin dildan tayyorgarlik ko'rishadi, ularga qarshi o'ynash juda qiyin. Futbolchilari o'yinning boshidan oxirigacha bor kuchini berishga tayyor. Ular xuddi "Bavariya"dek yaxshi sozlangan "mashina"ga aylanishgan. Biroq ko'pchilik ularni mensimamayapti, bu noto'g'ri. O'sha o'yinda bizda ham imkoniyatlar bo'lgandi, lekin foydalana olmadik. Bu - futbol. Qaysi jamoa yutqazmaydi deysiz? Hatto "Real Madrid" ham kubokda quyi liga jamoasiga imkoniyatni boy berib qo'ygan paytlar bo'lgan. Biz ham bor kuchimizni berdik, lekin vaziyatlardan unumli foydalanmasang, shunday bo'ladi. Gol urmagan jamoa yo durang o'ynaydi, yo yutqazadi.
- To'g'ri, "Buxoro" tarkibida tajribali futbolchilar bor, lekin "Surxon" tarkibiga qarasak, rotaciyaga qo'l urilganini ko'ramiz. Murabbiylar shtabi tomonidan raqibni biroz mensimaslik bo'lmadimi?
- Yo'q, aslo! Jamoada bor bo'lgan futbolchilarni maydonga tushirdik. Ularga ham qachondir imkoniyat berish kerak-ku. Har safar bitta tarkib bilan o'ynay olmaymiz, asosiy tarkib futbolchilariga ham dam berish lozim. Yetakchilardan kimdir jarohat olishi yoki kartochkalar sababli keyingi o'yinni o'tkazib yuborishi mumkin. Shunda maydonga tushadigan yoshlarga avvalroq imkoniyat bermagan bo'lsak, ulardan to'satdan katta natija talab qilish noto'g'ri bo'ladi. Biz ularga ishonishimiz va tajriba to'plashlariga sharoit yaratishimiz kerak. Mag'lub bo'ldik, lekin harakat qildik. Besh qo'l barobar emas. Keyingi o'yinlarda vaziyatlardan unumli foydalansak, hammasi yaxshi bo'ladi.
- Birinchi taymda "Surxon" to'pga juda ko'p egalik qildi, ammo yakuniy zarbalar deyarli bo'lmadi. Faqatgina 12 ta burchak zarbasi amalga oshirildi. Ikkinchi taymda esa standartlar kamroq bo'lsa-da, o'yin sifati oshdi. Zaxiradan tushgan futbolchilar, xususan, golli uzatma bergan Yusupovning o'yiniga qanday baho berasiz?
- E'tibor bergan bo'lsangiz, har bir futbolchiga ishonch bildiryapmiz. Ular - yosh yigitlar, ularga bosqichma-bosqich imkoniyat berishimiz zarur. Maydonga tushmasa, tajribani "PlayStation" o'ynab o'rganadimi? Ular maydonda xato qilishi va biz o'sha xatolar ustida ishlashimiz kerak. Katta yulduzlar ham xato qiladi. Xato bo'lmasa, futbolda gol ham bo'lmaydi.
Birinchi taymdagi burchak zarbalariga kelsak, raqib himoyachilari yaxshi harakat qilib, to'pni qaytarib yuborishdi. Ikkinchi taymda esa zaxiradan tushgan yoshlar o'yinni jonlantirdi. Ammo ularni haddan tashqari maqtashdan ehtiyot bo'lish kerak, chunki hali oldinda muhim o'yinlarimiz bor. Bitta yaxshi harakat bilan o'zini "yulduz" deb hisoblab yubormasliklari lozim. Umuman olganda, har bir futbolchi berilgan topshiriqni bajarishga harakat qildi va bundan mamnunmiz.
- Navbatdagi o'yin "Neftchi"ga qarshi kechadi. Hozir ular ishtirokidagi bahs hisobidan xabaringiz bormi?
- Ha, eshitdim.
- Bu hisob sizning jamoangizga va bo'lajak o'yinga qanday ta’sir ko'rsatadi?
- Bu normal holat. Har qanday o'zini hurmat qilgan jamoa mag'lubiyatdan so'ng keyingi o'yinda bor kuchi bilan maydonga tushib, muxlislari oldida o'zini oqlashga harakat qiladi. Raqib bizga qarshi alam bilan maydonga tushishi tabiiy. Lekin bizning o'z yo'nalishimiz, o'z oldimizga qo'ygan maqsadlarimiz bor. Turnir jadvalida kolganchalik yuqoriroq o'rinlarni egallashga harakat qilamiz. Raqibning kimligidan qati nazar, har bir jamoani hurmat qilamiz, ammo maydonga o'z yo'limizdan chekinmagan holda tushamiz.



