Anvar G'ofurov: "Kimdir hakamdan norozi bo'ladi, kimdir rozi. Bu futbol. Gapirsak gap ko'p"

22 avg 2026, 01:44
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Surxon" (0:0) uchrashuvidan so'ng termizliklar ustozi Anvar G'ofurov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Qiyin o'yin bo'lishini bilgandik. "Paxtakor"ning maqsadi chempion bo'lish. Bizga ham ochkolar juda kerak. Shukr, bugun bir ochkoni qo'lga kirita oldik. Yigitlarga rahmat, ular katta mehnat qilishdi. Har bir jamoada yaxshilanishi kerak bo'lgan jabhalar etarlicha topiladi. Termizdan kelgan muxlislarimizga rahmat. Har doim o'z muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Muxlislarimiz bugun uyga yaxshi kayfiyatda qaytadi degan umiddaman", - deya gap boshladi Anvar G'ofurov.

- "Surxon" "Paxtakor" uchun noqulay raqibga aylanib bo'ldi. Bugungi o'yinda ham "Surxon" yangilik qilmay, birinchi davradagi o'yin rejasini o'zgartirmagandek. To'g'ri, qimmatli ochko qo'lga kiritildi. Lekin musobaqa jadvalidagi o'rni yaxshi emas...
- Men unday o'ylamayman. Biz etarlicha vaziyatlar yaratdik. "Paxtakor" juda katta nom. Ular ham o'z imkoniyatlariga ega bo'ldi. Bugun biz ancha ishonchliroq harakat qildik, deyman. Bugun esa so'nggi daqiqaga qadar ikki tomonda ham vaziyatlar bo'ldi.

- Futbolchilaringiz hakamlarga ko'p etiroz bildirgandek...
- Hakam bilan gaplashish mumkin emas degan qoida yo'q. Hakam xohlasa o'yinni davom ettiradi, xohlasa yo'q. Kimdir hakamdan norozi bo'ladi, kimdir rozi. Bu futbol. Qaysidir o'yinlarda esa ikki jamoa ham hakamga etiroz bildirmaydi. Har bir jamoa g'alaba uchun harakat qiladi. Bizga ham g'alaba kerak. Gapirsak gap ko'p. Yigitlar maydonda borini berib harakat qilishmoqda. Qayerdadir bizga omad yetishmayapti. Biz namoyish etayotgan futbol baribir o'z mevasini beradi.

- O'yin oxiridagi vaziyatning takrorini ko'rdingizmi?
- Men sizni tushunaman, "Paxtakor" ishchisi sifatida....

- Yo'q, men jurnalistman.
- Men u vaziyatni ko'rmadim. Men hakamlarga to'liq ishonaman. Futbolchilar o'z ishini qilsin. Namanganda bo'lgan voqea menga dars bo'ldi. Bugun asabiy o'yin bo'ldi. Maydonda o'yin kechadi.

- Amerikalik legioner bugungi uchrashuv qaydnomasidan o'rin olmadi. U jamoaga kelib qo'shilishga ulgurdimi?
- Santyago biz bilan mashg'ulot o'tkazmoqda, ammo u jamoaga kech qo'shildi. U qoidalar bo'yicha bir muddat O'zbekistondan tashqarida bo'lib keldi. Sekin-astalik bilan jamoaga qo'shilib ketadi deb o'ylayman.

- "Surxon" to'rt oydan beri maosh olmayapti degan gaplar bor. Masalan, "Bunyodkor" ustozi Zeytullaev har bir o'yindan so'ng bu haqda gapiradi. Sizdan esa umuman bu holat haqida biror narsa eshitmadik. Ushbu muammoni ataylab muhokama qilishni istamaysizmi?
- Biz o'z ishimizni qilishimiz kerak. Rahbariyat bor-ku. Men gapirganim bilan vaziyat o'zgaradi deb o'ylamayman. Men murabbiyligimni, futbolchilar esa o'z ishini qilishi kerak. Kundan kunga yaxshilanib borishimiz kerak. Muammo bizda ham bor. Ushbu savolga javob berishimning hojati yo'q.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia