Anchelotti Braziliya haqida: "Maradona JCHda yolg'iz o'zi g'olib chiqqandi, lekin bu 40 yil oldin edi"

Aslanov Jasurbek
13 may 2026, 19:41
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jamoaning JCH-2026dagi imkoniyatlari haqida gapirdi.

"Albatta, biz istedodlarni saqlab qolishimiz kerak, chunki hech qaysi davlatda Braziliya milliy jamoasida bo'lgani kabi doimiy namoyon bo'ladigan talantlar yo'q. Ammo biz boshqa jihatlarni ham qo'shishimiz lozim: yaxshi kayfiyat, munosabat, mehnatsevarlik va fidoyilik. Chunki jahon chempionatida g'olib chiqish uchun faqatgina talantning o'zi etarli emas.

Mening xotiramdagi jahon chempionatida yolg'iz o'zi zafar quchgan oxirgi futbolchi - 1986 yilgi Diego Maradona edi (kulimsirab). Lekin 1986 yildan 2026 yilgacha 40 yil o'tdi. Futbol esa o'zgardi.

Menda yaxshi jamoa bor va biz barcha bilan raqobatlasha olamiz. Boshqa haqiqatan ham kuchli jamoalar ham mavjud: Fransiya, Ispaniya, Argentina, Angliya, Germaniya va Portugaliya. Yil davomida men barcha jamoalarni o'rganib chiqdim. Ideal jamoaning o'zi yo'q, har birining o'z muammolari bor.

Bizda ham muammolar mavjud. Barcha chiziqlarda to'liq shakllanmaganmiz. Ideal bo'lgan jamoa emas, balki kuchliroq bo'lgan va xatolarni to'g'rilay oladigan jamoa g'olib chiqadi", - dedi Anchelotti.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Athletic