Aleksandar Stanislavlevich: Superliga o'yinlarida eng yaxshilarni kim tanlashi hamda qaysi kriteriyalarga asoslanishlarini tushunmayman va bu menga qiziq emas

Iskandarov Abdulaziz
1 iyun 2022
Yaypandagi o'yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri nimalar dedi?

Superliganing 11-turi doirasidagi Qo'qon-1912 - Qizilqum (1:3) uchrashuvining haqiqiy qahramoniga aylangan va joriy mavsum chempionatda yorqin o'ynayotgan navoiyliklarning serbiyalik legioneri Aleksandar Stanislavlevichning fikrlari bilan qiziqdik.



Kechagi g'alabani butun Navoiy ahliga, jamoamiz muxlislari va klub rahbariyatiga bag'ishlaymiz. Men har o'yinda ishonchni oqlashga va doim jamoamga naf keltirishga urinaman. Samaradorligimda jamoadoshlarimni xizmati katta, har bir natijaga birgalikda erishamiz. Albatta gol urganim va qolgan gollarga assistentlik qilganim yoqimli. Muhimi, jamoamiz g'alaba qozondi. Samaradorligimning siri bu jamoaviy mehnat. 


O'yinda eng yaxshi bo'lmaganim? Eng yaxshi futbolchi deya topilmaganim meni qiziqtirmaydi. Men maydonda o'z ishimni qilaman. Umuman bu erda eng yaxshi futbolchini kim tanlashi va qaysi kriteriyalarga asoslanishlarini tushunmayman. Qaytaraman, men uchun eng muhimi jamoaga foyda keltirish. Yevropada eng yaxshilarni ekspertlar guruhi aniqlaydi. Superligada kim aniqlaydi? Ochig'i bilmadim va bu menga qiziq emas. Lekin sizlarning saytingizda har hafta laureatlarni aniqlanishi va drim tim tashkillashtirilishidan xabardorman. Eng munosib bahoni bu erda championat.asia beradi, deyishgandi. Aldashmagan ekan. O'zbekiston chempionatida futboldan rohatlanib o'ynayapman va buning uchun jamoamizning har bir a'zosiga minnatdorchilik bildiraman. Menga Superligada o'ynash yoqmoqda. Chempionat qiziqarli va kutilmagan natijalarga boy o'tmoqda. Har turdan keyin peshqadam jamoalar navbati bilan o'zgarayotgani fikrimga isbot.


Shartnomam? Menda 1 yillik shartnoma mavjud. To'g'risi, men chempionat davomida transfer yoki shartnoma borasida gaplashib chalg'imayman. Hamma diqqat-e'tiborim Qizilqum jamoasiga qaratilgan. Transfer yoki shartnoma bo'yicha agentim shug'ullanadi. Meni ishim maydonda futbol o'ynash va jamoaga foyda keltirishdan iborat. Hozir ligada qisqa tanaffus va kichik tatildan unumli foydalangan holda men o'z oilam bag'riga qaytib, ayni paytda 6 oy ko'rishmagan bolalarim bilan vaqt o'tkazyapman. Aytgancha, rafiqam ham kasbdoshingiz, yani jurnalist. U ham saytingizni va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni doimiy kuzatib boradi, deya o'z fikrlarini bildirdi Aleksandar Stanislavlevich.



Ma'lumot uchun: Aleksandar Stanislavlevich qishda Serbiya chempionatidan Qizilqumga kelib qo'shilgan va Superligada o'tkazilgan 11 o'yinda 4 gol urgan va 7ta golga assistni bajarib, gol plyus pasda 11 ochko to'plagan holda katta farq bilan peshqadamlik qilmoqda. Aleksandar Qizilqumning joriy mavsumdagi kiritilgan 17ta golining 11tasida bevosita qatnashgan futbolchi.


Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.

Muallifning telegram kanali: Interyular olami


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia