

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Akmal Rustamov ishtirok etdi.
- "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman. O'yinlar orasidagi vaqt kam bo'lgani uchun bizda tayyorgarlik uchun kam bo'ldi, futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash uchun esa vaqt yetmadi. Bir kun oldin kelib, stadionda mashg'ulot o'tkazdik. Uzoqdan kelgan muxlislarimizga ham rahmat aytmoqchiman. Birinchi bo'limda yigitlar harakat qilishdi. Ikkinchi bo'limda esa qo'shdik, biroq gol ura olmadik. 11 metrlik jarima zarbasi bo'yicha savollar ko'p. Birinchi penalti qaytarildi, qaytadan tepilsin deyildi. Ikkinchisida ham. Shu joyiga tushunmadim. Efir ham uzilib qoldi, deyishyapti. Shunday paytda jahon talablariga javob beradigan stadionda qanday qilib, internet uzilib qolgan bo'lishi mumkin... Shu vaziyatni ko'rish kerak, lekin internet yo'q, uzilgan efir ketmayapti. Markazda qay tariqa internet uziladi, degan savol tug'iladi. Shu paytda jamoamiz darvozasiga qayta-qayta penalti tepilyapti. Bu o'yinni ko'rib chiqamiz, tahlil qilamiz. Bu yerda savollar tug'iladi, deb o'ylayman. Buni tahlildan keyin bilib olamiz.
- Bugun "Qizilqum" yaxshi o'ynadi. Lekin asosiy vaqtini himoyada o'tkazdi. Jamoa bugun bir ochko uchun kelganmidi yoki tarkibdagi futbolchilarga qarab, taktika tuzilganmidi?
- Barcha murabbiyning o'z yo'nalishi bo'ladi. Bizda hamma futbolchilarimizning holati bir xil emas. Birinchi bo'limda asosiy tarkib futbolchilarining chimga o'rganishi qiyinroq bo'ldi. Futbolchilar bilan gaplashganimizda suv kamroq quyilganini, maysa biroz baland ekanligini aytishgandi. Shu sababli birinchi bo'limda unchalik kirishib keta olishmadi. Ikkinchi bo'limda esa yaxshi vaziyatlarimiz bo'ldi, biroq ulardan foydalana olmadik.

- Endi Kubok o'yinlariga start beriladi. Jamoa oldiga ushbu musobaqada vazifa qo'yilganmi yoki o'tgan yilgi holat bo'ladimi?
- Kubokda asosiy jamoamiz bilan harakat qilamiz. O'zbekiston ichidagi turnirlarda kurashishga harakat qilamiz. Kubokdagi uch o'yinda yoshlarga ham imkoniyat beramiz. Kurashamiz.
- Bugungi o'yin durangga tortarmidi?
- Bahs bir golgacha davom etardi. Shu golni biz urganimizda, biz g'alaba qozonardik. Shu golni "Lokomotiv" urdi va g'alaba qozondi. O'yin golgacha bo'ldi, desam adashmagan bo'laman.
- Tez fursatda 11 tur o'tkazildi va endi Superligada tanaffus bo'ladi. Jamoaning ushbu bosqichdagi o'yinlari bo'yicha umumiy hulosa.
- Chempionatni yaxshi boshlagandik. Keyin 5-6 nafar asosiy futbolchilarimiz jarohat olishdi. O'yinlar orasidagi vaqt kamroq bo'lgani uchun tarkibda rotaciya qilishga majbur bo'ldik. Ishlarimiz qayerdadir o'xshamadi, qayerdadir o'xshadi. Jahon chempionatidan keyin kurashishda davom etamiz.
- Haftalik cikl yoki 4-5 kunda o'ynash: qaysi biri maqul?
- Biz 4-5 kunlik o'yinga tayyor emas ekanmiz.



