Abdusalom Nuriddinov: "Metallurg" ustidan g'alaba sensaciya emas"

Оқил Абдубарноев
6 may 2026, 22:00
Proliganing 7-turida "Jayxun" o'z maydonida "Metallurg"ni qabul qildi (2:0).

O'yinda jamoaning birinchi goli Abdusalom Nuriddinov tomonidan urildi. Proligada debyut qilgan futbolchi bekobodliklarga qarshi bellashuvdan keyin fikrlarini bildirdi.

- Dastlab "Metallurg" bilan bo'lgan o'yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz. Sizningcha, bu natija sensaciya bo'ldimi?

​- Assalomu alaykum. O'yin haqida gapiradigan bo'lsam, buni sensaciya demagan bo'lardim. Chunki biz bu bahsga oldindan jiddiy tayyorgarlik ko'rgan edik. Mashg'ulotlar davomida murabbiyimiz tomonidan berilgan ko'rsatma va taktikalar ustida qunt bilan ishladik. Maydonda esa ana shu mehnatlarimizni qo'llay oldik va bu o'z samarasini berdi.

​- Qanday o'ylaysiz, "Metallurg" "Jayxun"ga etarlicha baho bermadimi yoki maydonda "Jayxun" haqiqatdan ham kuchliroq ko'rindimi?

​- To'g'ri, "Metallurg" tarkibida tajribali va yoshi katta futbolchilar ko'p, ular kuchli jamoa hisoblanadi. Biroq biz yoshlik shijoati evaziga ko'proq harakat qildik va ko'p yugurdik. Menimcha, har bir futbolchi o'z poziciyasida sidqidildan harakat qilgani uchun ham ijobiy natijaga erishdik.

​- Oxirgi ikkita o'yinda "Jayxun" o'ziga kela oldi va "uyg'ondi". Dastlabki turlarda jamoaga nima yetishmagan edi?

​- O'tgan o'yinlarni tahlil qilsak, bizga biroz omad yetishmadi, xolos. Vaziyatlar bo'ldi, lekin ulardan foydalana olmagan edik. So'nggi uchta uchrashuvda mana shu kamchiliklar ustida ishlab, vaziyatni o'ngladik. Xudo xohlasa, bundan buyon ham shu ruhda davom etib, muxlislarimizni va Qoraqalpog'iston xalqini xursand qilishda davom etamiz.

​- Bu yil faoliyatingizda yangi sahifa ochilyapti desak bo'ladimi?

​- Albatta, bu yil faoliyatimda katta yangilik bo'ldi. Oxirgi uch yil davomida Birinchi ligada to'p tepgan bo'lsam, mana bu yil Proligada debyut qilyapman. Nasib qilsa, joriy mavsumda yaxshi natijalar ko'rsatib, kelasi yili Superliga jamoalari safida o'ynashga harakat qilaman.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia