Vadim Abramov: "Bugun omad biz tomonda bo'ldi"

6 noya 2026, 22:21
Superliganing 27-turi doirasidagi "So'g'diyona" - "Dinamo" (1:3) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Fikrim qanday bo'lishi mumkin? Biz 1:0 hisobida yutqazayotgan edik. Shuning uchun raqibning qizil kartochka olgani biz uchun omadli bo'ldi, deb o'ylayman. Ular o'n kishi bo'lib qolishgach, albatta, bizga osonroq bo'ldi. Yigitlarga g'alaba uchun minnatdorchilik bildirish kerak, ammo bu bizning eng yaxshi o'yinimiz bo'lmadi. Lekin, uch ochko - uch ochko. Bugun omad biz tomonda bo'ldi. Endi jamoaga kelgusi o'yinlarda ham omad tilaymiz. FIFA kunlari bois tanaffus bo'ladi. Qolgan uchta uchrashuvga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Bu yilgi mavsum biroz tushunarsiz kechdi. Endi bor e'tiborimizni tayyorgarlikka qaratamiz.

- Bu jamoaning ketma-ket ikkinchi g'alabasi. Mavsum yakunidagi bu natijani ijobiy holat sifatida baholash mumkinmi?

- Safarda ikkita o'yinda g'alaba qozonganimiz quvonarli. Undan oldingi to'rtta uchrashuvda ko'p ochko yo'qotdik. Balki o'sha o'yinlarda bugungidan ham yaxshiroq harakat qilgandirmiz, ammo, afsuski, mag'lub bo'ldik. Bugun esa ko'rib turibsiz, futbol shunday o'yin. Unchalik ishonchli ko'rinmagan bo'lsak-da, g'alaba qozondik. Shuning uchun hozir biror narsa deyish qiyin. Bu yil shunday kechdi. Yana bir jihatga e'tibor qaratmoqchiman: bugun qancha sariq kartochka olganimizni ko'rdingiz. Hamma futbolchilar kartochka oldi, men ham, nazarimda, jami 11 ta bo'ldi. Buni tushunish qiyin.

- Tez orada FIFA kunlari boshlanadi. "Dinamo" futbolchilaridan birortasi O'zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv oldimi?

- Yo'q, hozircha hech kim olmadi. Bugun oxirgi tur bo'lgani uchun chaqiruvlar hali yuborilmagan bo'lishi mumkin. Bu haqda aniq ma'lumotim yo'q.

- Bugun gol urgan Rasul Yo'ldoshevning o'yini haqida fikringiz qanday?

- Eng muhimi, u gol urdi. Buni alohida takidlash kerak. Ammo u bugun to'rtinchi sariq kartochkasini oldi va shu sababli keyingi uchrashuvni o'tkazib yuboradi. Umuman, jamoa ko'pchilik bo'lib o'ynagan holda shuncha sariq kartochka olganini qayerda ko'rgansiz? Go'yoki biz doim himoyalanayotgandek va ko'p qoidabuzarlik qilayotgandek ko'rinadi. Bu holatni qanday izohlashni bilmayman.

- Bugun Anvarjon Xojimirzaaev o'zining 12-golini urdi. Bu uning faoliyatidagi eng yaxshi natija. Uning o'yini haqida qanday fikrdasiz?

- Bugun u eng zo'r o'yinini o'tkazdi, deya olmayman. Ammo raqibning qizil kartochka olishiga sabab bo'lgan vaziyatdagi harakati va penaltidan gol urgani yaxshi. Shu bilan birga, u bundan ham yaxshiroq o'ynay olishiga ishonchim komil.

- Umuman, butun mavsum davomidagi o'yini haqida nima deysiz?

- Albatta, agar u jarohat olmaganida, hozirgacha yanada ko'proq gol urgan bo'lardi, deb o'ylayman. U aynan eng yaxshi formasiga kirgan paytda edi. Uning o'yinini kuzatish yoqimli bo'lgan. Afsuski, jarohat futbolchini deyarli bir oyga safdan chiqardi. Bu juda qiyin bo'ldi.

- Edem Seytveliev bugun uchinchi o'yinini o'tkazdi. Asosiy tarkibda ham yomon ko'rinmayapti. Endi uni asosiy tarkib futbolchisi deb hisoblash mumkinmi?

- Albatta, yigit harakat qilyapti. Bu quvonarli. Xudo xohlasa, u yanada o'sishi va rivojlanishiga umid qilamiz.

- Endi FIFA kunlari munosabati bilan futbolchilarga dam beriladi. Navbatdagi o'yingacha qanday rejalar bor?

- Jamoaga besh kunlik dam beramiz, shundan keyin tayyorgarlikni boshlaymiz. Jizzax jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishga kelishib oldik. 15 noyabrda Samarqandda o'ynaymiz. Shundan keyin "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia