

Ma'lumot uchun, ushbu musobaqa tarixdagi 21-turnir hisoblanadi.
Xabaringiz bor, FIFA kichik mundialni qatorasiga har yil o'tkazishni maqsad qilgan va 2025-2029 yillar oralig'ida faqat Qatarda bo'lib o'tishi belgilab qo'yilgan.
O'tgan yil U-17 Jahon chempionatida Portugaliya o'smirlar terma jamoasi finalda Avstriyani 1:0 hisobida engib chempionlikni qo'lga kiritgandi. Xuddi o'tgan yil bo'lgani kabi bu yil ham turnirda 48 ta jamoa ishtirok etadi. Bizga qiziq tomoni, kichik mundialda Osiyodan 9 ta jamoa qatnashadi. Bular - O'zbekiston, Qatar, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Vetnam, Xitoy, Avstraliya va Yaponiya.

Sakkizta debyutant
Bu yil U-17 Jahon chempionatida sakkizta o'smirlar terma jamoasi debyut qiladi: Dominikan Respublikasi, Gretsiya, Chernogoriya, Mozambik, Ruminiya, Serbiya, Tanzaniya, Vetnam. Ma'lumki, 11 noyabr kuni AQSH U-17 terma jamoasi musobaqaga kelmasligini rasman bildirdi. Shundan so'ng FIFA qaror chiqarib, o'rniga saralashda ikkinchi o'rinni egallagan Dominikan Respublikasini ro'yxatga qo'shdi.

Guruhlar va jamoalar
Bu yilgi U-17 Jahon chempionatida 48ta jama ishtirok etishini aytib o'tdik. Jamoalar to'rttadan 12 guruhga bo'lingan.
“A” guruhi: Qatar, Panama, Misr, Gretsiya.
“B” guruhi: Janubiy Koreya, Uganda, Yangi Kaledoniya, Ekvador.
“C” guruhi: Argentina, Avstraliya, Mozambik, Daniya.
“D” guruhi: Fransiya, Gaiti, Saudiya Arabistoni, Urugvay.
“E” guruhi: Italiya, Yamayka, KotD'Ivuar, O'zbekiston.
“F” guruhi: Senegal, Xorvatiya, Kuba, Tojikiston.
“G” guruhi: Mali, Yangi Zelandiya, Belgiya, Vetnam.
“H” guruhi: Ispaniya, Xitoy, Fiji, Marokash.
“I” guruhi: Braziliya, Irlandiya, Tanzaniya, Kosta Rika.
“J” guruhi: Dominikan Respublikasi, Chernogoriya, Chili, Jazoir.
“K” guruhi: Meksika, Ruminiya, Kamerun, Venesuela.
“L” guruhi: Yaponiya, Kolumbiya, Serbiya, Gonduras.
Musobaqa reglamentiga ko'ra, har bir guruhdan ikkitadan jamoa (jami 24 ta) hamda eng yaxshi 8 ta uchinchi o'rin egalari - shunda jami 32 ta jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Qolgan 12 ta jamoa esa guruh o'yinlaridan so'ng musobaqa bilan xayrlashadi.

O'zbekiston U-17 qachon o'ynaydi?
Albatta, bizning e'tiborimiz birinchi navbatda O'zbekiston U-17 terma jamoasining o'yinlariga qaratiladi. Sergey Chigodaev bosh murabbiyligidagi jamoamiz guruh bahslarini 20 noyabr kuni KotD'Ivuar bilan boshlaydi. Uchrashuv bizning vaqt bilan 21:00 da start oladi. 23 noyabr kuni 18:00 da Yamayka termasiga qarshi bahs olib borsak, guruhdagi oxirgi turni 26 noyabr kuni soat 19:00 da Italiyaga qarshi o'tkazamiz.
O'tgan yil ishtirokimiz qanday bo'lgan?
O'zbekiston U-17 terma jamoasi 2025 yilgi mundialda nimchorak finalga qadar yetib borgan. Guruhda Paragvayni 2:1 hisobida mag'lub etganmiz, shuningdek Panama ustidan 6:1 hisobida zafar quchganmiz. Irlandiyaga qarshi bahsda esa 1:2 hisobida mag'lub bo'lgandik. Natijada guruhdan ikkinchi o'rin bilan chiqqanmiz.
Musobaqaning 1/32 finalida Xorvatiyaga qarshi maydonga tushib o'yin 1:1 hisobida tugagan va penaltilar seriyasida 4:3 hisobida zafar quchgandik. Keyin esa nimchorak finalda Italiyaga qarshi 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib mundialni tark etganmiz. Bu yil Italiya bilan bir guruhga tushganimizni inobatga olsak, revansh olish uchun qulay imkoniyat yuzaga kelganini aytib o'tsa bo'ladi.

Terma jamoamiz va hakamlarimizga omad!
Qatar mezbonlik qiladigan ushbu FIFA U-17 Jahon chempionatida o'zbekistonlik hakamlar brigadasi ham ishtirok etadi. Asker Najafaliev bosh hakam sifatida o'yinlarni boshqarsa, unga qanotlarda Baxtiyorxo'ja Shavkatov bilan Avazbek Abdullaev yordam beradi. Musobaqa oldidan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga va hakamlarimizga omad tilab qolamiz.



