Tudor "Tottenxem" uchun APL va YCHLdan qaysi biri muhimroqligini aytdi

Sherzod Nurmatov
10 mar 2026, 15:13
Joriy mavsumda "Tottenxem" juda og'ir inqirozni boshdan kechirmoqda: ko'p yillardan beri ilk bor jamoa APLda qolish uchun kurashmoqda.

Shu bilan birga, Chempionlar Ligasida ishlar kutilmagan darajada yaxshi ketyapti va bu yerda ustuvorlikni to'g'ri belgilash talab etiladi.

Shimoliy London jamoasining bosh murabbiyi Igor Tudor eng muhim vazifa APLda joyni saqlab qolish ekanini tan oldi. Biroq "Atletiko"ga qarshi o'yin arafasida "shporlar" evrokuboklarda ham kurashdan voz kechmayotganini bildirdi:

"Bizning birinchi maqsad - Premer-liga. Buni ochiq aytish kerak. Lekin bu keyingi bosqichga chiqishni istamaymiz, degani emas. Har bir o'yin muhim. Biz o'sishimiz kerak, bu esa biz uchun imkoniyat bo'lishi mumkin. Tarixi, tajribasi va Chempionlar Ligasiga xos sifati bor jamoaga qarshi butunlay boshqa turnir.

Ehtimol, bu o'yin bizdagi muammolarni ko'rishga yordam berar. Bunday uchrashuvlar bizga to'g'ri yo'nalishga burilish, jamoa sifatida o'sish va ishlarni yaxshiroq qilishga ko'maklashishi mumkin", – dedi Tudor.

"Atletiko" – "Tottenxem" bahsi bugun Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: London Evening Standard