

1980 yilda "Milan" va "Lacio" B Seriyaga tushirib yuborilgan, 2006 yilda esa – "Yuventus". Endi esa Milan prokuraturasi va xususan Mauricio Ashone Milan milliy sudyalar komissiyasi rahbari Janluka Rokkini o'yinlarni soxtalashtirish va "Inter"ga yordam berganlikda rasman ayblamoqda. O'zi nima bo'ldi va 20 yil oldingi voqea takrorlanishi mumkinmi?
Tahlil qilamiz.
Rokki "Inter"ga “qulay” hakamlarni tayinlagan emish. Ammo milanliklar o'sha uchta o'yinning ikkitasida mag'lub bo'lgan.
Ha, mana shunday paradoks. AGI agentligi o'tgan mavsumdagi ikki holat haqida xabar bermoqda.
2024 yil 6 yanvar. A Seriyaning 19-turi, "Inter" – "Verona" o'yini (2:1). Davide Frattezi 90+3-daqiqada g'alaba golini urdi, biroq undan oldin Alessandro Bastoni tirsak bilan Ondrey Dudening yuziga urgan. AGI ma'lumotlariga ko'ra, VAR assistenti bosh hakam Mikael Fabbrini monitorga chaqirishni qasddan rad etgan.

Ushbu voqea Rokki faoliyati bilan bog'lanmoqda. Tergovchilarning fikricha, Rokki shunday tizim yaratganki, VAR’da ishlaganlar reytingdan tushib qolish xavfi tufayli "Inter"ga qarshi qaror qabul qilishdan qo'rqqan.
2025 yil 20 aprel. A Seriyaning 33-turi, "Bolonya" – "Inter" o'yini. Tergov materiallariga ko'ra, Rokki bundan biroz oldin Italiya Kubogidagi Milan derbisini (1:1) stadionda tomosha qilib, Andrea Kolomboni "Bolonya"ga qarshi o'yinga tayinlashni "hal" qilgan.
Kolombo "Inter"ga hatto durang ham olib kelmadi: qo'shimcha vaqtda Rikkardo Orsolini "qaychi" usulida gol urib, "Inter"ning chempion bo'lishiga to'sqinlik qilgan.
23 aprel. Italiya Kubogi yarim finalining javob o'yini: "Milan" – "Inter". Ayblovchi tomonning fikricha, Rokki birinchi o'yin (1:1) vaqtida Kolomboni "Bolonya" bilan o'yinga tayinlash bilan birga, yangi derbiga Daniele Doverini ham tayinlashga kelishgan.
2025 yil 1 mart. A Seriyaning 27-turi, "Udineze" – "Parma" o'yini (1:0). Yagona gol penaltidan urilgan. Nima uchun Rokki chempionatning o'rtacha jamoasiga yordam berishi kerak edi – o'sha mavsum "Udineze" 12-o'rinni egallagan. Katta extimol bilan ular qaysidir jamoaga emas, balki o'yin natijasiga ta’sir qilishga harakat qilgan.

“Il Gazzettino” nashri VAR markazidan videoyozuvni e'lon qildi. O'yinning bosh hakami Fabio Mareska dastlab 11 metrlikni belgilashni istamagan. Videoassistent Daniele Paterna ham shunday deb o'ylagan va shunday degan: "Qo'lning holatiga qarang. U tanaga yopishganga o'xshaydi". Biroq keyin Paterna kadrdan tashqarida kimgadir qarab, maslaxatini eshitgan va Mareskani monitorga chaqirgan. Qaror o'zgargan. Takidlanishicha, o'sha kimsa – Rokki. Uning sobiq yordamchisining aytishicha, Janluka "tez turib, bir necha marta oynani taqillatgan".
“Sky Sport Italia” nashriga ko'ra, dastlabki tergov bir yil oldin sobiq yordamchi hakam Domeniko Rokkining xatidan boshlangan. U Italiya hakamlari assotsiatsiyasiga o'zining ishiga nisbatan juda qattiq baho berilayotganidan shikoyat qilib, buni shunday qoldirmasligini aytgan. Rokkini so'roq qilishgan, ish yopilgan. Ammo Domeniko "uya”ni qo'zg'atib yuborgan.
Yana VAR rahbari (A va B Seriya) Andrea Gervazoni ham firibgarlikda ayblanmoqda. “La Gazzeta dello Sport” o'tgan mavsum B Seriyadagi "Salernitana" – "Modena" (1:0) o'yinini esga oldi, unda Gervazoni xuddi Rokki kabi VAR assistentiga ta’sir qilgan.

Andrea ixtiyoriy ravishda iste'foga chiqdi. Rokki ham shunday qildi, lekin o'zining aytishicha, vaqtincha. Rokkining navbatdagi so'rog'i 30 aprelga belgilangan.
"Bugungi voqealar munosabati bilan Italiya hakamlari assotsiatsiyasi bilan kelishilgan holda va Milliy sudyalar komissiyasi tinch ishlashi uchun men darhol lavozimdan ketaman. Bu og'riqli va og'ir qaror, lekin oilam bilan maslahatlashgan holda qabul qilingan. U sud jarayonining to'siqsiz o'tishini taminlaydi. Men oqlanaman va yanada kuchliroq bo'lib chiqaman, bunga ishonaman", - deb fikr bildirgan Milliy sudyalar komissiyasining sobiq rahbari Rokki.

"Inter"" kechagacha jim turdi, ammo nihoyat bayonot berdi. Italiyada yana nimalar deyilyapti?
Klub rahbariyati kechagacha jim turgan. OAV bunga rahbariyat ayblovlardan shokka tushib, ichki muzokaralar o'tkazayotgani bilan izohlagan. Sukunat nihoyat yakunlandi. "Torino" bilan o'yin oldidan klub prezidenti chiqish qildi.
"Biz hamma narsani matbuotdan bilamiz. Bu bayonotlar bizni ajablantirdi: bizda yoqadigan yoki yoqmaydigan hakamlar yo'q. Biz halol ish tutganimizni bilamiz. Bu eng muhim jihat bo'lib, hammani tinchlantirishi kerak. Bundan shikoyat qilmoqchi emasman, biroq o'tgan mavsumda bizga qarshi qabul qilingan qarorlar bo'lgan. Hatto "Inter" – "Roma" o'yinidagi penalti kabi ochiq-oydin qarorlar ham. "Milan" bilan Italiya Kubogidagi birinchi o'yindagi ayblovlar? Ular meni hayratda qoldirdi, men hech qanday bog'liqlik topa olmayapman. Bularning barchasini matbuotdan bildim va to'liq javob berdim. Boshqa hech narsa demoqchi emasman. Biz Turindamiz, o'yin o'tkazish va uyga haqli Skudettoni olib kyetish uchun. Biz halol ishlaganmiz”, – deb bayonot bergan "Inter" prezidenti Beppe Marotta.
Sport vaziri Andrea Abodi ogohlantirdi: agar ayblovlar isbotlansa, jazo muqarrar:
"Men ham siz kabi Milan prokuraturasi tergovida paydo bo'layotgan tafsilotlarni o'qiyapman. Umid qilamanki, tez orada rasmiy ma'lumot olaman. Agar kimningdir qonunga xilof harakatlari aniqlansa, oqibatlari muqarrar bo'ladi".
Italiya futbol federatsiyasi prokurori Juzeppe Chine bir yil oldin Domeniko Rokkining Janluka Rokkiga qarshi shikoyatini rad etgan edi. Hozir o'zi ham tergov ostida. U o'shanda Janluka Rokki harakatlarida hech qanday taqiqlangan narsa topilmaganini, agar yangi dalillar paydo bo'lsa, bu ko'p narsani o'zgartirishini aytgan.

Va oxirida A Seriya prezidenti Ecio Simonellining so'zlarini keltiramiz. U shoshqaloq xulosalardan ogohlantirdi:
"Takidlamoqchimanki, bu ham boshqa holatlar kabi tergovchilarning ayblovlaridir va har kim ularni demokratik muhokamalar doirasida shunday qabul qilishi shart. Shoshqaloq mulohazalar yoki xulosalar qabul qilish mumkin emas, chunki biz haqiqatni aniqlash uchun tergov tugashini vijdonan kutib turibmiz.
Bizdan hech kim ishning tafsilotlarini bilmaydi va bizning bevosita vazifamiz – qaror chiqqunga qadar kafolatchi bo'lish. Aks holda A Seriya tizimi va butun Italiya futbolining obro'siga zarar etkazish xavfi bor".


