

✅ "So'g'diyona" – "Qo'qon-1912"
Nazarimizda, hakam to'g'ri qaror qabul qilib, o'yinni davom ettirdi. “So'g'diyona” o'yinchisining qo'li tabiiy holatda bo'lib, gavdasidan chetga chiqarilmagan edi. Qolaversa, u qo'li bilan to'p tomon harakat qilmagandi.
❌✅ "Bunyodkor" – "Lokomotiv"
VAR hakamlari bosh hakamni vaziyatni ko'rish uchun chaqirib, o'yinga noto'g'ri aralashdi. "Bunyodkor" hujumchisi haqiqatan ham o'yindan tashqari holatda edi, ammo u darvozabonning to'pga o'ynash imkoniyatiga xalaqit bermadi, u bilan kurashga kirishmadi va vaziyatni ko'rish imkoniyatini to'sib qo'ymadi. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish va golni hisobga olish edi.
✅ "Xorazm" – "Dinamo"
Mavjud takroriy lavhalardan kelib chiqib, ishonch bilan ayta olamizki, qanot hakami o'yinni davom ettirib, to'g'ri qaror qabul qilgan. Katta ehtimol bilan, to'p maydonni to'liq tark etmagan, shu sababli "Xorazm"ning goli to'g'ri hisobga olingan.
❌✅ "Qizilqum" – "Neftchi"
Nazarimizda, hakam dastlab "Neftchi" foydasiga penalti belgilamay xatoga yo'l qo'ygan. Hujumchi to'pni oldinga tashlab, u tomon harakatni davom ettirishga uringan. Himoyachi esa to'pga o'ynamasdan, unga "shlagbaum" qo'ygan (to'siq bo'lgan). Natijada oyoqlarda jazolanishi kerak bo'lgan kontakt yuz berdi. VAR to'g'ri aralashdi. To'g'ri qaror – penalti.
✅ "Surxon" – "Buxoro"
O'yin qoidalariga ko'ra, to'pga qo'l bilan bexosdan o'ynab, raqibni aniq goldan mahrum qilganlik uchun qoidabuzarga sariq kartochka ko'rsatilishi lozim. Bizningcha, ushbu vaziyatda “Buxoro” himoyachisi qo'lini tanasidan notabiiy holatda uzoqlashtirgan, biroq bu harakat qasddan sodir etilmagan. Nazarimizda, to'g'ri qaror - penalti va sariq kartochka.
Shu tariqa, 5-tur o'yinlarida ikkita xatoga yo'l qo'yildi. "Bunyodkor" – "Lokomotiv" uchrashuvida VAR bosh hakamni monitor yoniga chaqirib, vaziyatga noto'g'ri aralashdi. "Qizilqum" – "Neftchi" bahsida esa aksincha, bosh hakam penalti belgilamay xato qildi, shundan so'ng VAR aralashuvi tufayli to'g'ri qaror qabul qilindi.



