Abduvohid Ohtoev: "G'azalkent" bizga qarshi yuqori pressingda o'ynagan ilk jamoa bo'ldi"

Sherzod Nurmatov
27 apr 2026, 15:15
Proliganing navbatdagi turida "Lochin" Toshkentda "G'azalkent" mehmoni bo'ldi va 2:0 hisobida g'alaba qozondi.

O'yindagi gollardan biriga o'tgan mavsumda Birinchi ligada to'purarlikka erishgan Abduvohid Ohtoev mualliflik qildi. Biz bellashuvdan so'ng uning fikrlari bilan qiziqdik.

​- "G'azalkent" bilan o'yin avvalgilaridan qanday farq qildi va g'alabada asosiy omil nima bo'ldi?

​- Bu mavsumda "G'azalkent" bizga qarshi yuqori pressing bilan o'ynagan birinchi raqib bo'ldi. Ikkala jamoa ham g'alabaga munosib ishtiyoq ko'rsatdi, deb o'ylayman. G'alabamizning asosiy omillari - murabbiylarning ko'rsatmalari va yigitlarning g'alabaga bo'lgan yuqori istagi bo'ldi. O'yin ancha qiyin, shu bilan birga juda qiziqarli kechdi.

4.JPG

​- Golni nishonlamaganingizning o'ziga xos sababi bor, axir Zayniddin Tojiev qo'l ostida o'ynagansiz. Goldan so'ng qanday hissiyotlarni boshdan kechirdingiz?

​- O'tgan yili "Zamin" jamoasida Zayniddin Tojiev va Jahongir Usmonov kabi murabbiylar bilan ishlash imkoniga ega bo'lganman. Ular menga yangi qirralarimni ochishga va futboldan yanada ko'proq zavq olishga yordam berishgan. Murabbiylar mendan hech qachon yordamlarini ayashmagan, shu sababli ularga bo'lgan hurmatim cheksiz. Shu bois, gol nishonlamaslikka o'yindan oldin qaror qilgandim. Gol urganimdan so'nggi hissiyotlarimga kelsak, "G'azalkent" safida men bilan birga o'ynagan ko'plab do'stlarim borligi uchun o'zimni xuddi sobiq jamoamga gol urgandek his qildim.

​- O'tgan yili "Birinchi liga"da to'purar bo'lgansiz. Proliga bilan Birinchiligani solishtira olasizmi?

​- Proligada gol urish ancha qiyinroq. Lekin bu yerdagi gollarning qiymati ham yuqoriroq. Menimcha, ikki liga o'rtasidagi asosiy farq jamoalarning o'yinlarga bo'lgan yondashuvida. Ammo bu Birinchi liga da gol urish oson degani emas, u yerda ham doimo kuchli futbolchilar bo'lgan.

2.jpg

​- Hozirda "Lochin" sharafini himoya qilyapsiz. Jamoa, murabbiylar va yaratilgan sharoitlar haqida fikringiz qanday?

​- Yil boshida Proliganing boshqa jamoalaridan ham yaxshi takliflar bo'lgandi. Legioner bo'lishni reja qilgandim, ammo transferning so'nggi bosqichida menga bog'liq bo'lmagan sabablarga ko'ra amalga oshmay qoldi. O'zbekistonga mart oyida qaytdim, bu paytda esa ko'plab jamoalar tarkibini shakllantirib bo'lgandi. Shunga qaramay, "Lochin" jamoasi menga imkoniyat berdi. Jamoamiz o'rta yoshli, iqtidorli futbolchilardan yig'ilgan. Murabbiylar bilan munosabatlarimiz juda yaxshi, ular bizdan doim o'sishni va o'z darajamizni ko'rsatishimizni talab qilishadi. Sharoitlarga kelsak, jamoaning ilk bor Proligada qatnashayotganini hisobga olsak, barchasi talab darajasida.

​- Bu yilgi mavsum hozirgacha bo'lgan o'yinlar orasida eng qiyini qaysi bo'ldi?

​- Mavsumdagi barcha o'yinlarimizning o'ziga xos qiyinchiliklari bor. Menimcha, "Sho'rtan"ga qarshi o'yinda kamida durangga loyiq edik. Ammo bu - futbol, mag'lubiyatlar ham bo'lib turadi. Eng muhimi, xatolarimiz ustida ishlashdan to'xtamaslik.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia