Eldor Moyliev: "Maqsadimiz - o'yinchilarni Superliga darajasiga olib chiqish"

26 apr 2026, 20:42
Proliga 5-tur doirasidagi "G'azalkent" - "Lochin" o'yinidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

“O'yinni yaxshi boshladik. Ilk gol qarshi hujumda kiritildi. “G'azalkent” jamoasidagi o'yinchilarning yoshi… to'g'risini aytsam ular meni hayratda qoldirdi. Ularning yoshi shunchaki qog'ozda, ammo ularning fikrlashi va o'yin jihatdan har qanday jamoani qiynaydi. 2:0 hisobida g'alaba qozondik, ammo bahs qiyin o'tdi”, - deya gap boshladi mutaxassis.

- “Lochin” bugun o'z o'yinini raqibga o'tkaza oldimi yoki bugun shunchaki “G'azalkent”ning kuni emasmidi?

- Biz o'ylagandek qarshi hujumda gol urdik. Birinchi bo'limda gol urganimizdan so'ng o'yinimizda pasayish kuzatildi. Ammo, ikkinchi bo'limda to'pni ko'proq nazorat qildik va pressing uyushtirdik. Raqibning yosh o'yinchilari har bir qarich er uchun kurashdi va bizga o'ylashga ortiqcha vaqt berishmadi.

- Jarohat olgan Ilhom Alijonovning qachon maydonga qaytishi borasida yangilik bormi?

- Yo'q, hali aniq emas. Bugun Toshkentda tekrishuvdan so'ng aniq bo'ladi.

- Ko'plab klublar Superligaga chiqish maqsadlari ekanligini takidlashdi. “Lochin”da ham shunday maqsad bormi?

- Maqsadimiz Superligaga chiqish emas. Biz har bir jamoaga qarshi chiroyli o'ynab, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz. Yana bir maqsadimiz Superliga darajasida futbolchilarni yetishtirish. Jamoamizdagi o'yinchilar Superligaga o'ta olmay qolganlar, ammo ularning iqtidori va fikrlashi hech kimnikidan past emas. Faqatgina o'sha paytda kuchsizroq bo'lishgan bo'lishi mumkin. Hozirda ularga ikkinchi imkoniyat berilmoqda. Rektorimiz Dilmurod Hamidullaevichga shunday jamoa tuzgani uchun rahmat aytmoqchiman.

- Ishlagan jamoalaringizda ko'proq natija qayd etishga harakat qilasiz. Jamoaga munosabat bo'yicha principlaringiz qanday?

- Har bir murabbiyning o'z yo'nalishi bo'ladi. Avvalo, har bir jamoani qabul qilib olganimizda futbol o'ynashga, tezroq fikrlashga, o'ylashga harakat qildiramiz. Shuningdek, to'psiz holatda ham fikrlab futbol o'ynashni targ'ib qilamiz. Har bir futbolchi bilan individual harakat qilib, ularning o'zlariga bo'lgan ishonchini orttirib borishga harakat qilamiz.

- Hozirda boksing-dey bo'lib o'tmoqda va bu holatda ikkita tarkibi bor jamoalarga osonroq. Bu borada “Lochin”da vaziyat qanday?

- Oxirgi paytlarda himoyachilarimizdan Olim Karimov qo'li sinib qoldi va Ilhom Alijonovning oyog'ida jarohat bor. Shuningdek, Feruzning ham oyog'ida jarohat bor. Himoyada rotaciya qilishning iloji yo'q, ammo buni yarim himoya va hujumda qilyapmiz.

- Oldin Superligada o'ynab, hozirda Proligada harakat qilayotgan Javohir Hasanovning bugungi o'yiniga qanday baho berasiz?

- Javohir bugun o'zini yaxshi tomonlama ko'rsatdi. Uning imkoniyatlari bundan ham yuqori. Yana o'ziga ishonchni orttira olsa, bundan ham chiroyli o'yin ko'rsata oladi. Unda bor tezlik va dribling kam sonli o'yinchilarda bor. U agar o'ziga bo'lgan ishonchni orttira olsa, bemalol Superligada o'ynay oladi.

- Jamoaning moliyaviy holati qanday?

- Bizda moliyaviy muammolar yo'q. Hamma maoshlar va mukofot pullari vaqtida berilyapti.


Manba: championat.asia