

19-turning eng yaxshi darvozaboni - Botirali Ergashev (“Neftchi”)
“Neftchi” ortda qolgan turda “So'g'diyona”ni yirik hisobda taslim qildi (3:0). Bunda darvozabon Botirali Ergashevning ham hissasi bor. 31 yoshli posbon bahs mobaynida 4 marta havodagi to'pni muvaffaqiyatli ilib olgan bo'lsa, 3 marta seyv ham namoyish etdi. Shunday qilib, aynan u tur darvozaboni sifatida etirof etildi.

19-turning eng yaxshi murabbiyi - Anvar G'ofurov (“Surxon”)
“Surxon” bu turda OKMK bilan bahs yuritib, durang o'ynadi (0:0). Termizliklar 17-daqiqadayoq 1 kishi kam bo'lib qolishganiga qaramay, darvozani “quruq” saqlashdi va qimmatli ochkoga ega bo'lishdi. Bunda murabbiy Anvar G'ofurovning bahsga yondashuvi va shogidlariga to'g'ri ko'rsatma bergani qo'l keldi. Shu tariqa, Championat.asia xodimlari jamoasi mardonavor o'yin ko'rsatgan “Surxon” ustozini tur murabbiyi nomiga loyiq ko'rishdi.

19-turning eng yaxshi futbolchisi - Behzod Shamsiev (“Neftchi”)
Yuqorida aytilganidek, “Surxon” bu turda OKMK bilan murosa ko'chasini tanladi (0:0). Bunda jamoa himoyachisi Behzod Shamsievning hissasi juda katta. 25 yoshli futbolchi uchrashuv mobaynida 31 marta samarali harakatni amalga oshirdi. Xususan, 11 marta to'pni olib qo'ygan bo'lsa, 20 marta to'pni o'z jarima maydonchasi tomondan uzoqlashtirdi. Bundan tashqari, 3 bor havodagi kurashda ham g'olib chiqdi. Championat.asia xodimlari aynan Shamsievni tur futbolchisi deb topishdi.

19-turning eng chiroyli goli muallifi - Shahzod Ubaydullaev (“Buxoro”)
“Buxoro” yakunlangan turda “Qo'qon-1912” maydoniga safar uyushtirib, durangni rasmiylashtirdi (1:1). Jamoa hujumchisi Shahzod Ubaydullaevning 90+2-daqiqada urgan goli juda esda qolarli bo'ldi. U olisdan belgilangan standartdan o'ng oyoqda to'g'ridan-to'g'ri darvozani nishonga oldi. Darvozabon bu kuchli zarba oldida ojiz qoldi. Shu tariqa, Ubaydullaevning goli turdagi eng chiroylisi sifatida qayd etildi. Quyida ushbu golni tomosha qilishingiz mumkin.




