Salkam ikki yil hakamlarga rahbarlik qilgan Erkin Baxtiyorov qaerda?
31 okt 10:55
Yangiliklar
Salkam ikki yil hakamlarga rahbarlik qilgan Erkin Baxtiyorov qaerda?
Yaqinda ish yuzasidan bir o'yinga borganimda tanish hakamlardan biri so'rab qoldi: "Avval hakamlar qo'mitasida Erkin Baxtiyorov rahbar bo'lib ishlardi. SHu aka ko'rinmay qoldi. Hozir qaerda ishlayapti bilmaysizmi?"
To'g'risini aytsam, o'zim ham bilmas ekanman. Rostan, yaqin-yaqingacha Erkin Baxtiyorov O'FA Hakamlar bo'limi rahbari (keyinroq O'zbekiston futbol hakamlari markazi direktori) edi. Biroq, malum muddat futbol olamida ko'rinmay qoldi. Bilganim shuki, hozir ushbu markazni Laziz Qo'chqorov boshqaryapti. Keyin o'zim ham qiziqib Erkin Baxtiyorovni surishtirishni boshladim va ko'p o'tmay topdim. Erkin aka hozirgi paytda "Lokomotiv" futbol klubida faoliyat yuritib kelayotgan ekan.
Erkin Baxtiyorovga qo'ng'iroq qilib intervyu olish istagim borligini bildirganimda hozir emas, balki keyinroq imkon bo'lsa degan javobni berdi va men hech bo'lmasa u haqida maqola yozsam deb o'zidan batafsilroq malumot oldim. SHundan so'ng erkin ijod sifatida Erkin Baxtiyorov haqida bilganlarimni qoraladim.
1993 yil Toshkent shahrida tug'ilgan Erkin Baxtiyorov 2023 yilning may oyidan "Lokomotiv" professional futbol klubida Xalqaro munosabatlar va licenziyalash menejeri sifatida ishlab kelmoqda. U katta futboldagi ilk qadamlarini 2009 yil "Paxtakor" klubi matbuot xizmatida yo'lga qo'ygan bo'lib, taniqli sharhlovchi Mirzahakim To'xtamirzaev qo'lostida o'z faoliyatini boshlagan. O'sha yillari ustoz jurnalist Mirzahakim To'xtamirzaev "Paxtakor" futbol klubi matbuot xizmati rahbari bo'lib ish olib borganlar. SHuningdek, klub matbuot xizmati tarkibida Nodirxo'ja Yuldashev bilan Behzod Nazarov ham bo'lganini qo'shimcha qilish joiz.
2009-2011 yillar oralig'ida "Paxtakor"da ishlagan Erkin Baxtiyorov keyinchalik Toshkent Moliya instituti talabasiga aylandi va 2016 yilgacha u erda tahsil olib, o'qishni tugatgach "Angren shakar" MCHJda iqtisodchi bo'lib ish boshladi. SHu bilan birga o'qishni ham davom ettirib, ikkinchi mutaxassislik sifatida O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti sirtqi bo'limida tahsil oldi.
Futbolga qiziqdingizmi, sohadan chiqib ketish oson bo'lmaydi. "Millionlar o'yini" doim o'z og'ushiga tortib turadi. SHuning uchun bo'lsa kerak, Erkin Baxtiyorov ham yana futbolga qaytib, dastlab O'FA marketing bo'limi etakchi mutaxassisi sifatida ishga kirishdi.
Keyinchalik faoliyatini O'zPFLda davom ettirgan Erkin aka dastlab sport bo'limida etakchi mutaxassis, so'ngra klublarni licenziyalash bo'limi bosh mutaxassisi bo'lib faoliyat olib bordi. Bundan tashqari Osiyo chempionlar Ligasining bir nechta o'yinlarida mahalliy koordinator, Superkubok va Superliga uchrashuvlarida komissar bo'lib ishlashi tajribasi yanayam ortishiga xizmat qildi. O'zPFLdagi to'rt yillik mehnat davomida Erkin Baxtiyorov liga rahbari Diyor Imomxo'jaev bilan hamjihatlikda milliy futbolimiz rivoji uchun bir qator ishlarda bosh-qosh bo'ldi.
Yosh kadrning izlanuvchanligi hamda o'z kasbiga bo'lgan sadoqati sabab mehnat faoliyati faqat O'zPFL bilan cheklanib qolmadi. 2020 yilning noyabr oyida 27 yoshli Erkin Baxtiyorovga O'FA Hakamlar bo'limi boshlig'i vazifasi ishonib topshirildi. Va ikki yilga yaqin vaqt mobaynida shu lavozimda ish olib bordi.
Esingizda bo'lsa, 2020 yil bo'lib o'tgan O'zbekiston Kubogi final uchrashuvida ilk bor VAR tizimi amalda tadbiq etib ko'rilgandi. Namangan shahrida bo'lib o'tgan "Paxtakor" - OKMK bahsida VAR qo'llanilishi milliy futbolimiz uchun katta voqeaga aylangan. 2021 yilgi mavsumdan Superliga bahslarida ushbu texnologiyani qo'llash odat tusiga kirganini ham yaxshi bilasiz.
Bizga malum bo'lishicha, VAR texnologiyasining Kubok finalida rasman ishlashida Erkin Baxtiyorov ham katta hissa qo'shgan. Buning uchun avvalo FIFA roziligini olish kerak bo'ladi va bu oson bo'lmagan. O'shanda O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov VAR orqali ko'p bahsli vaziyatlar joyida hal bo'ladi degani hamon yodimizda.
2022 yilning may oylariga kelib Erkin Baxtiyorovning faoliyatida biroz sukunat yuzaga keldi. O'zining aytishicha, bir muddat shaxsiy ishlari bilan mashg'ul bo'lgan. Oradan biroz vaqt o'tib uning "Lokomotiv"dagi faoliyati orqali yana futbol jamoatchiligiga qaytgani hamda o'z mehnati bilan "temiryo'lchilar" ish tizimida o'z o'rniga ega bo'lganini eshitdik. Yosh, shu bilan birga futbolda o'z fikri va qarashlariga ega bo'lgan kadrlarning soha rivojiga hissa qo'shishi va doimiy faoliyat yuritishi foydadan holi bo'lmaydi, nazarimizda.
Jasur Aslanov
Fikrlar