So’nggi yangiliklar

03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  26 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5

Pavel Bugaloga urilgan gol, Yuriy Sarkisyan maslahatlari, futbolchilikdan so'ng murabbiylik faoliyati haqida sobiq "Neftchi" azosi Iqbol Akramov bilan intervyu Yangiliklar

Pavel Bugaloga urilgan gol, Yuriy Sarkisyan maslahatlari, futbolchilikdan so'ng murabbiylik faoliyati haqida sobiq "Neftchi" azosi Iqbol Akramov bilan intervyu

Farg'onaning "Neftchi" klubidagi yorqin o'yinlari bilan futbol muxlislariga yaxshi tanish bo'lgan sobiq futbolchi Iqbol Akramov hozirgi kunda murabbiylik faoliyatini olib bormoqda.

 Ko'pchilik muxlislardan kelayotgan takliflarni inobatga olgan xolda saytimiz muxbiri "Neftchi"ning sobiq azosi bilan uchrashib intervyu tashkil etdi.

- Iqbol aka, futbol muxlislari sizni Farg'onaning "Neftchi" klubidagi o'yinlaringiz orqali tanishadi. Hozirgi kunda qaerdasiz, qanday yumushlar bilan bandsiz?

- Avvalambor etibor uchun sizlarga va futbol muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Hozirda Farg'ona shahridagi bolalar va o'smirlar futbol maktabida ishlab kelmoqdaman. Futbolchilik faoliyatim "Neftchi"dan so'ng "Olmaliq" (hozirgi AGMK-tahr.) va "Andijon" jamoalarida yakuniga etgan. Ayni vaqtda murabbiylik ishini boshlagan xolda o'zbek futboliga yosh iqtidorli futbolchilarni etkazib berish bo'yicha ishlayapmiz. 

- Murabbiylik ishi bo'yicha hozirga qadar qanday yutuqlarga erishdingiz?

- Qashqadaryo viloyatida 2018 yili 1999-yilda tug'ilgan futbolchilar o'rtasida tashkil etilgan musobaqada ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdik. O'sha futbolchilar hozirda Superliga, Pro-liga, Birinchi liga kabi turli chempionatlarda o'ynashmoqda. Hozirda 2006-2009 yillarda tug'ilgan yosh futbolchilar bilan ishlayapmiz, ularni futbolga har tomonlama tayyor xolda tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Mashg'ulotlar uchun futbol maktabimiz rahbariyati, xususan direktorimiz Mahmud aka tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan.

- Yuqorida aytib o'tdim, sizni ko'pchilik "Neftchi"dagi faoliyatingiz orqali tanishadi. Aytingchi, jamoa safida o'tkazgan eng esda qolgan o'yingiz qaysi?

- Agar o'sha davrlarni eslasam yana futbol o'ynagim kelaveradi. O'sha davrdagi "Neftchi"da qanday buyuk futbolchilar o'ynagan, buni ko'pchilik yaxshi xotirlasa kerak. Yodimda qolgan o'yinlar ko'p, lekin Farg'onada "Al-Saad" bilan o'yin eng esda qolarli bahs bo'lgan. Raqib ham, "Neftchi" ham juda kuchli tarkibga ega edi. Stadiondagi muxlislar atmosferasi, o'yin harorati, Anvar Berdievning chalqancha uslubda kiritgan goli, bularning barchasi kechagidek yodimda turibdi. 

- Yodingizda bo'lsa, qaysidir uchrashuvda Sergey Lebedev hakam hushtagidan avvalroq zarba yo'llab raqib darvozasini ishg'ol qilgandi...

- Ha, to'g'ri. O'shanda "Neftchi" Eronning "Istiqlol" klubiga qarshi maydonga chiqqandi. Sergey Lebedev tezkor qaror chiqarib kutilmaganda zarba yo'llab raqib darvozasini ishg'ol qilgandi. Hakam o'sha golni inobatga olgan.

- "Neftchi" tarkibida qanday yutuqlarni qo'lga kiritgansiz?

- Jamoa bilan birga 1 marta O'zbekiston chempioni, 2 marta kumush medal sohibi bo'lganman. SHuningdek, yoshligimda "Neftchi" o'rinbosarlari bilan 3 marotaba chempionlikni qo'lga kiritganmiz. 

- Futbolchilik faoliyatingizda qanotdan raqib jarima maydoniga tezkorlik bilan yorib kirish, driblinglarni amalga oshirish kabi yorqin uslublaringiz bor edi. Ayni vaqtda yosh futbolchilarda ham bu kabi ko'nikmalarni shakllantirish bo'yicha ishlayapsizmi?

- Hozirgi kunda yoshlar ko'proq texnikalar, xususan smartfonlarga ko'proq berilib qolishayapti. Bizning davrda yosh futbolchi uchun maktab, futbol, mashg'ulotlar va oila bor edi. Biz faqat shular haqida o'ylardik xolos. Bolalar shu kabi turli gadjetlarga chalg'ib qolmasligi ustida ham ishlayapmiz, ularga tezkor fikrlash va jismoniy imkoniyatlarini oshirish bo'yicha turli dasturlarni amalga oshirayapmiz. O'zimizda bor bilimlarni yosh futbolchilarga etkazib berishga harakat qilayapmiz.

- "Neftchi"ning sobiq futbolchilari, o'sha davrdagi jamoadoshlaringiz bilan hozirgi kunda munosabat qanday?

- Deyarli hamma sobiq jamoadoshlarim bilan muntazam aloqadamiz. Ular bilan do'stona munosabatimiz saqlanib qolingan. Yuriy Sarkisyan bizga birinchi navbatda jamoada do'stlikni yo'lga qo'yish muhimligi haqida maslahat bergandi. Yuriy Vazgenovichning o'sha paytda bizga to'g'ri yo'nalish bergan ekan, uning ko'rsatmalari hozirga qadar aktual xolatda bo'lib kelmoqda. Do'stlarim bilan ko'rishib futbol ham o'ynab turamiz.

- Iqbol Akramovning futbolga kirib kelishi qanday yuz bergan?

- Futbolga kirib kelishimda birinchi murabbiyim, hozirda marhum Tohir akaning o'rni muhim bo'lgan. U kishi orqali futbol internatiga joylashdim. Keyinchalik Vladimir Kassaev qo'l ostida futbol sir-asrorlarini o'rgandim. Natijada oradan bir oz muddat o'tib "Neftchi" o'rinbosarlari safiga qo'shildim. Aziz Alijonov, Mansur Saidov, Nodir Qo'ziboev, G'ayrat Hasanovlar birgalikda o'ynaganmiz. 

- Faoliyatingizda ko'p bora raqiblar darvozasini ishg'ol qilgansiz. Aytingchi, qaysi golingiz hammasidan ham ko'proq yodingizda qolgan?

- Yodimda qolgan gollardan biri "Al-Saad" klubi darvozasiga burchakdan etkazib berilgan to'pga bosh bilan zarba yo'llab kiritgan golim hisoblanadi. SHuningdek, "Lokomotiv"ning o'sha vaqtdagi posboni Pavel Bugaloga jarima zarbasidan kiritgan golim hamon yodimda turibdi. Gol urish asosiy vazifam emasdi, maydonda ko'proq hujumchilarga golli uzatmalar berish bo'yicha ishlardim.

- Qaysi xorij futbolchilaridan ideal sifatida o'rnak olardingiz?

- O'sha paytda garchi poziciyam mos kelmasa-da, Zidan va Kakalarning uslublaridan namuna olishga olishga harakat qilardim. Bu futbolchilarning maydondagi harakatlarini zavq bilan kuzatib borganman. Hozirgi kunda o'z mehnati evaziga yutuqlarga erishgan futbolchi sifatida Krishtianu Ronalduni yosh futbolchilarga o'rnak sifatida ko'rsatish mumkin. 

- Qaysi xorij klubiga muxlislik qilasiz?

- Yoshligimdan to hozirga qadar Ispaniyaning "Real Madrid" klubiga muxlislik qilaman.

- Muxlislarga aytadigan qanday tilaklaringiz bor?

- Ochig'i, vodiy klublaridagi kabi muxlislikni hech qaerda ko'rmaganman. O'sha davrda bo'lib o'tgan vodiy derbilarida stadionlarga muxlislar sig'may qolardi. Ulardan hamisha minnatdorman va har doim rahmat aytaman. Murabbiylik faoliyatim davomida o'zbek futboliga etuk iqtidorli futbolchilarni etkazib berib muxlislarni xursand qilishga harakat qilaman.

Bekzod Tolibov suhbatlashdi

Reyting: +20   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика