O'FA nega jim?
30 sen 19:20
Yangiliklar
Ertaga oktyabr va kuz fasli kirib kelganiga ham bir oy bo'ldi. Kuzda Superliga eng qiziqarli pallasiga kiradi. Etakchi klublarimiz esa OCHLdagi ishtirokini boshlaydi. Shuningdek, terma jamoa o'yinlari aynan qiziydigan muddat. biroq O'zbekiston o'z tarixida ilk bor marotaba Jahon chempionatiga chiqdi va bu safar saralashning so'nggi bosqichida ishtirok etmaydi. Bizdan ortda qolgan Qatar, BAA va Saudiya Arabistoni kabi terma jamoalar saralashning to'rtinchi bosqichida ur-pichoq bo'lishadi. Biz esa endi mundialga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Butun futbol hamjamiyati va, ayniqsa, O'FA so'nggi kunlarda ushbu ish bilan ovora. O'FA shunchalik shunchalik ko'p ishlab yuboryaptimi deyman, ayrim muhim bo'lgan vazifalarni bajarmay qo'ydi.
Roppa-rosa bir haftadan so'ng oktyabr oyidagi FIFA kunlari boshlanadi, MTJ esa ushbu sanalarda ikkita o'rtoqlik o'yinida ishtirok etishi kerak. Ikki raqib jamoadan biri – Urugvay. Nomdor jamoaga qarshi Malayziyada o'ynaymiz. Grand terma jamoa mundialdan oldin sparring bo'ladi, ammo ikkinchi raqib hali hamon topilmadi yoki O'FA buni muxlislardan yashirmoqda. Agar raqib hali topilmagan bo'lsa, etti kun ichida O'FA o'rtoqlik o'yini bo'yicha kim bilan kelishuvga erishishi mumkin? Bunday qisqa vaqt ichida raqib topishga ulgursa bo'ladimi? Savollar ko'p, ammo O'FAdan javob yo'q.
Ushbu jabhada FIFA va UEFA musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlangan va dunyo futbolidan uzilib qolgan Rossiya ham bizdan yaxshiroq harakat qildi. Rossiya terma jamoasi matbuot xizmati, 12 avgust kunidayoq terma jamoaning kuz faslidagi taqvimini va raqiblarini elon qilib bo'lgan edi. Biz esa hali hamon raqib izlash bilan ovoramiz. Ruslar hozirgi kunda hech qanday musobaqa ishtirok etmayapti va Rossiya futbol ittifoqining qilayotgan yagona ishi o'rtoqlik o'yinlari uchun raqib izlash deyishingiz mumkin va siz haq bo'lasiz. Shuning uchun faqat Rossiya misoli bilan cheklanmaymiz.
Osiyo vakillari va xuddi biz kabi JCH yo'llanmasini qo'lga kiritib bo'lgan Koreya Respublikasi va Avstraliya terma jamoalari ham allaqachon oktyabr oyidagi raqiblarini topib bo'lgan. Avstraliya 15 iyuldayoq 11 oktyabrda Kanada bilan, 15 oktyabr kuni AQSH bilan o'rtoqlik bahslarida ishtirok etishini elon qildi. Yani uch oy oldin Avstraliya terma jamoasi oktyabrda kim bilan to'qnash kelishi aniq edi. Koreya futbol associaciyasi esa 26 avgustda terma jamoa oktyabrda dastlab Braziliya va Paragvay bilan to'qnash kelishini bildirgandi.
Ustiga-ustak MTJni kim boshqarishi va JCHga olib boradigan murabbiy nomi aniq emas. O'FA ko'plab mutaxassislar bilan bog'landi, ammo ularning ko'pchiligi bizga "yo'q" dedi. To'g'ri, O'FA so'nggi yillarda juda katta hajmdagi ishlarni bajardi, yaqinda ochilishi bo'lib o'tgan terma jamoalar markazi bunga yaqqol misol bo'la oladi. Balki O'FA allaqachon raqib topib bo'lgan, ammo uni elon qilmayotgandir? Bilishimcha, O'FA marketing va media bilan ishlash bo'limiga yangi rahbar tayinlangan. Yangi rahbar associaciya faoliyati va terma jamoa haqidagi malumotlarni yashirishga harakat qilmaydigan, aksincha OAV va muxlislar bilan ochiq siyosat yuritadigan mutaxassis degan umiddaman.
Uzoq muddat davomida O'FA xalqaro bo'limida faoliyat yuritgan va o'tgan yildan boshlab terma jamoalar markazini boshqargan Sherzod Igamberdiev yaqinda O'FAdan ketganini elon qildi. Sherzod Igamberdiev davrida terma jamoamiz AQSH, Meksika va Urugvay kabi katta terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazdi. Urugvay terma jamoasi bilan kelishuv Sherzod Igamberdievv davrida ro'y berdi. Argentina terma jamoasi bilan o'rtoqlik o'yini bo'yicha muzokaralar olib borildi, yakunda muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagan bo'lsa ham. Demak, Igamberdievning O'FA tizimida tutgan o'rni shunchalik kattamidi? Igamberdiev bo'lmasa, O'FA o'rtoqlik uchrashuvlari uchun raqib topa olmaydigan holatdami?
P.S Mintaqadagi to'rt yillikning eng yirik musobaqasi - Osiyo Kubogiga matbuot kotibini olib ketmagan tashkilotdan ko'p narsa talab qilib yubormadimmi?
O’xshash yangiliklar

Fikrlar