Moziyga qaytib... Bir surat tarixi
02 jan 11:26
Yangiliklar
Moziyga qaytib... Bir surat tarixi
Oradan 4 yil o'tib, studiya negizida “Sport” telekanali tashkil etildi. 2024 yil “Sport” telekanalining 20 yilligi nishonlandi va shu munosabat bilan bu sohada uzoq vaqt mobaynida fidoyilik ko'rsatgan ijodkorlarga “O'zbekiston sport fahriysi” ko'krak nishoni topshirildi. Telekanal rahbariyati taqdim etgan ro'yhatda Abror Imomxo'jaev nomi zikr etilmagan edi. Lekin yakunda unga ham ushbu mukofot topshirildi. Bu qay tarzda amalga oshirilgani borasida, hozirda CHAMPIONAT.asia saytida “Futbol olami” dasturini olib borayotgan Abror akaning xotiralari bilan tanishishingiz mumkin.
Bir surat tarixi
1998 yil 1 sentyabrdan O'zbekiston televideniesida “Yoshlar” telekanali va uning negizida “Davr” informacion dasturi ishga tushdi. O'sha paytda men “Davr”da bosh muharrir o'rinbosari lavozimida ishlardim. 2000 yil aprel oyida MTRK raisi Abdusaid aka Ko'chimov meni “O'zbekiston” telekanali “Umid” Bosh muharririyati bosh muharriri lavozimga taklif qildi va ishlarni jonlashtirish borasida bir qancha tavsiyalar berdi.
Man eng shimarib ish boshladim. Jamoa yaxshi ijodkorlardan tashkil topgan, faqat yoshi kattalar ko'pligi sabab, bir oz eskicha tizimda ishlardi. Biz yig'ilish o'tkazdik, unda yangicha g'oyalarni muhokama qildik. Reytingi past ko'rsatuvlardan voz kechib, yoshlarni qiziqtira oladigan mavzular ustida bosh qotirdik. Har hafta efirga ketadigan 10 daqiqalik informacion ko'rsatuv tayyorlashga kirishdik va u tanlangan mavzularning dolzarbligi bilan tez orada yuqori doiralarda etirof etildi.
Bu orada mamlakat rahbari tashabbusi bilan 3 bosqichli sport musobaqalari boshlandi va ularning orasida eng mashhuri – talabalar o'rtasida o'tkaziladigan ilk Universiada Namangan viloyatida bo'lib o'tdi. Tashkiliy ishlar yuqori daraja bo'lgani sababli, Birinchi Universiada katta muvaffaqiyat bilan o'tkazildi. Unda barcha viloyatlardan tashrif buyurgan talabalar sportning 9 turida bellashdilar va yakunda umumjamoa hisobida mezbonlar shoxsupaning eng yuqorisidan joy oldilar.
Keyinroq, eng yuqori doirada Birinchi Universiada yakunlariga bag'ishlanagan yig'ilish o'tkazilgan va unda masullarning hisobotlari tinglangan. Tashkiliy ishlar yaxshi baholangan, bazi etiroz – musobaqlarni televidenie orqali yoritishda bo'lgan. Translyaciya uchun tanlangan rejissyorlar sportni yaxshi tushunmagani sababli muammolar ko'zga tashlangan, shuningdek, kundalik lavhalarda tezkorlik etishmagan. Bu haqda otamga yuqori lavozimda ishlaydigan yaqin tanishi so'zlab bergan.
Ko'p o'tmay, meni Abdusaid aka yana o'z huzuriga chaqirdi va “Sport” Bosh muharriyati boshqaruvini qo'lga olishimni so'radi. Albatta, yuqori darajada bo'lib o'tgan yig'ilish haqida so'z ochilmadi, lekin men nima maqsadda chaqirilganimni bilardim. Men “Umid”ga bosh bo'lib tayinlanganimga endi 1 oy bo'lgani, yangi loyihalar borasida eng shimarib ishga kirishganimni, shu bois joyimda qoldirilishimni so'radim. Rais chiroyli tabassum qildi, “shunday deyishingizni bilardim, shu bois taklifimni mutahkamlovchi vositalar ham tayyorlab qo'yganman. 3 oydan so'ng Avstraliyaning Sidney shahrida navbatdagi Yozgi olimpiada o'yinlari boshlanadi. Televideniedan bittadan muxbir va tasvirchi borishi belgilangan. Agar “Sport”ga o'tsangiz, o'sha muxbir siz bo'lasiz”.
Otam 1988 yilgi Seul Olimpiadasiga borgan, u erdagi atmosfera haqida ko'p gapirib bergan va men uchun olimpiya o'yinlariga borish orzuga aylanib qolgan edi. Shu bois ham men bu taklifdan voz kecha olmasdim, lekin “Sport”ni “odam qilish” qiyinligini ham yaxshi bilardim. Rahbarga ochig'ini aytib qo'ya qoldim: “u erdagi xodimlar bilan biror o'zgarish qilish mushkul. 5-6 tasi o'z o'rniga mustahkam joylashib olgan, o'zi ham ishlamaydi, boshqaga ham ish bermaydi”. Abdusaid aka mashhur tabassumini yana bir takrorladi va uning zamiridagi qatiy qarori bilan meni lol qoldirdi: “Buni ham bilaman, shu bois bu borada har bir taklifingizni qo'llab-quvvatlayman. Siz menga yangi bo'linma, undagi lavozimlar va shtatlar jadvali bo'yicha taklifingizni bering, u tasdiqlangandan keyin barcha xodimlar ishdan bo'shatiladi va yangilari faqat arizasiga siz imzo chekkandan so'ng ishga olinadi. Shu bahonada kerakmas shaxslardan qutilib olasiz”.
Ochig'i, rais masalaga bu darajada chuqur yondoshishini tasavvur ham qilmagandim. Televidenie tarixida butun boshli bir muharririyat xodimlarini bir kunda ishdan bo'shatib yuborish mumkinligini ham endi bilgandim. Ortiqcha tortishuvga hojat qolmagandi, men rahbarga ishonch uchun minnatdorchilik bildirdim va yangi loyiha tayyorlash sari yo'l oldim. “Sport” muharririyatida deyarli barchani tanirdim, ular orasida o'zimga yaqin hisoblagan 3-4 nafari bilan alohida suhbatlashdim va ularning fikrini oldim. Bir necha kundan so'ng “Sport” studiyasi loyihasi bilan yana rais qabuliga kirdim. Unda yangi shtatlar jadvali ko'rsatilgan bo'lib, deyarli barcha xodimlar faqat studiya xizmatchisi sifatida ko'rsatilgan va boshqa umumiy bo'limlarda ishlamasligi belgilangan edi. Masalan, televidenieda tasvirchilar guruhi alohida bo'lib, har bir muharririyat ko'rsatuvida buyurtma bo'yicha faoliyat yuritishsa, “Sport” studiyasida 4 ta tasvirchi bo'lib, ular faqat shu bo'linmada ishlar, aniqrog'i bu yog'iga faqat sportga ixtisoslashardi. Men shu soxaga qiziqishidan kelib chiqib, Ramiz Qosimov, Nozim Tolipov, Abdulla Zikrillaev hamda Muzaffar To'laganovlarni tanlab oldim va ularni shatatlar jadvaliga kiritgandim. Albatta, endi ular musiqiy yoki biror ko'ngil ochar ko'rsatuvlarda ishlay olishmas, lekin sport musobaqalari orqali dunyo kezishlari uchun imkoniyat yaratilgan edi.
Biz Abdusaid aka bilan har bir shtat, ularning yo'nalishi va foydali ish koefficienti borasida fikr almashdik. So'ngra u kishi kadrlar boshqarmasi boshlig'ini chaqirdi va yangi loyihani unga ko'rsatdi. Kadrlar boshlig'i unga ko'z yugurtirgach, “alohida telekanal ochilayotgan ekan-da” dedi. Ko'chimov “Xudo xohlasa kelajakda shunday ham bo'ladi” dedi va unga ham betakror tabassumini ulashdi.
Shundan so'ng kadrlar boshlig'i “Sport” muharririyati xodimlari bilan yig'ilish o'tkazdi. U muharririyat tizimida o'zgarish bo'layotgani, endi u studiyaga aylantirilayotgani, shu bois, hamma o'z xohishi bilan ishdan bo'shashi to'g'risida ariza yozishini va ertasiga yangi shtat bo'yicha ishga qabul qilinishi haqida yana ariza yozilishi, faqat u yangi rahbar imzosi chekkandan keyingina tasdiqlanishi borasida malumot berdi. Albatta, bu ko'pchilikni sarosimaga solib qo'ydi.
Eng qizig'i shundan keyin boshlandi. Meni “O'zbekiston” telekanali Bosh direktori Bobur aka Alixonov o'z huzuriga chaqirdi. Bobur aka otamni yaxshi tanir va ko'p suhbatlashar, shu bois men bilan ham muomilasi yaxshi edi. Negadir meni “Xo'jam” deb chaqirardi. “Endi Xo'jam, gap bundoq. Men hamma rejalaringni qo'llab-quvvatlayman. Lekin bizning kanalni nazorat qiladigan rais o'rinbosari bor va u meni chaqirib, shuncha yil ishlab kelgan xodimlarni bir kunda ko'chaga irg'itish yaxshimas, Abrorni chaqirib gaplashing va unga tushuntiring dedi. Nima qilamiz?” Men Abdusaid aka vada berganlari, faqat shu yo'l bilan muhitni tozalash mumkinligini aytdim. “To'g'ri, hozir raisga kirsang, bir buyrug'i bilan hamma narsani hal qiladi va seni aytganing bo'ladi. Lekin rais o'rinbosari senga qasdlashib qoladi va bundan keyingi har bir qadaming siquvga olinaveradi. Senga o'zimni yaqin olib aytaman, qandaydir kompromiss topishimiz kerak”.
O'zi eski xodimlardan 95 foizi yangi shtatga ham kiritilgan, gap 5 nafar yoshi katta ijodkorlar borasida bo'lmoqda edi. Bobur aka bilan nomma-nom ko'rib chiqib, kompromissni topdik: bir nafari menga princip qilib, qayta ishga kirishga ariza yozmadi va o'zi bo'shab ketdi, bir nafari yarim stavkaga ishga o'tdi va faqat ko'rsatuvlari kuni keladigan bo'ldi. Qolgan 3 nafari bilan Bobur akaning o'zi gaplashdi. Ular umuman meni ishimga aralashmaydigan, majlislarga kirmaydigan va ko'rsatuv ham qilmaydigan, tinchgina oylik maoshina olib yuradiganlar qatoridan joy oldi.
Biz yangi jamoa bilan yangicha ishlashga kelishib oldik, translyaciyalar sonini ko'paytirdik. Rejissyor va tasvirchilar shu soxaga ixtisoslashagini sari, translyaciyalar sifat borasida ham o'sishni boshladi.
15-sentyabrdan 1 oktyabrgacha Sidneyda 27-Yozgi olimpiada o'yinlari bo'lib o'tdi. Zero unga borishni istaganlar ko'p bo'lsa-da, Ko'chimov vadasida turdi va olimpiadani yoritish uchun meni yubordi. U paytda internet rivojlanmagan, men har kuni musobaqalar yakuniga etganidan so'ng, mehmonxonaga kelib matn tayorlar edim. Tunggi soat 00.00 da (Toshkentda 17:00) menga “Axborot” dasturidan qo'ng'iroq qilishar va ovozimni yozib olishardi. Shu tariqa men telefonda gaplashayotgan surat har kuni “Axborot” dasturida qo'yilar va uning ostida mening sharhim efirga uzatilardi.
Sidneyda, musobaqalar oralig'ida O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport qo'mitasi raisi Bahodir aka Maxsitov bilan ancha yaqindan tanishdik va uzoq suhbatlashdik. Televidenieda “Sport” studiyasi ochilgani, ishga professional yondoshilinayotgani, kelajakda alohida sport kanali ochilishi mumkinligi haqida fikr almashdik.
... 80 yillar boshida maxallamizga bir yozuvchi ko'chib keldi va uyimiz ro'parasidagi boshi berk ko'chadan kichkina hovli sotib oldi. O'sha paytda nomi u qadar mashhur emasdi, lekin keyinchalik katta lavozimlarda ishladi. Hozirda u bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga yo'l olgani sababli, ismini yozmay qo'ya qolaman (Alloh gunohlarini kechirsin va rahmatiga olsin) va shunchaki Yozuvchi deb ko'rsataman. Bir kuni Yozuvchi uyimizga baqir-chaqir qilib kirib keldi. Otam va men uyda edik. U otamga qarab “o'g'ling futbol o'ynab, o'g'limni qo'lini sindirdi. Senlar bizni viloyatdan kelgan deb chiqishtirmaysanlar, mayli senlarga atalgani ham bordir” deb qattiq gapirdi. Otam bu - futbol va baxtsiz xodisa tufayli shunday bo'lgani, bunga shahar va viloyatlarning umuman aloqasi yo'qligini tushuntirmoqchi bo'ldi. Deyarli har bir viloyatda yaqin tanishlari borligini aytib, ularni nomma-nom sanab fikrlarini isbotlamoqchi ham bo'ldi: Andijondan Azim Ahmedov, Xorazmdan Zafar Paratov, Namangandan Hakimjon Hoshimov va Shokir Qoraboev, Marg'ilondan Muhammad Muso Usmonov, Samarqanddan Nuriddin Hasanov, Buxorodan Mahmud Xolov va Farhod Sultonov, Qashqadaryodan Husan Temirov, Surxondaryodan Qo'chqor Karimov va Bahrom Hamraev... Lekin Yozuvchining bamisoli ko'zi ko'r, qulog'i kar edi. U baqirishda davom etdi va oxirida “senlarga ko'rsatib qo'yaman hali” deb hovlimizni tark etdi.
Sidney Olimpiadasidan qaytib kelganimdan so'ng, yanada yangicha ishtiyoq bilan ishga kirishdim. “Yangi ming yillik o'yinlari” nomi bilan turkum ko'rsatuvlar qildim. Lekin bir haftalardan so'ng televideniyada sodir bo'lgan o'zgarishlar hamma yoqni ostin-ustun qilib yubordi.
Bu voqealar mening ishtirokimsiz bo'lgan va ularning tepasida turmaganman. Shu bois, faqat eshitganlarimni yozaman. Muharririyatlarning birini boshqargan Yozuvchi katta ko'rsatuv tayyorlagan va rahbariyatga taqdim qilgan. Uni ko'rgan Bobur Alixonov Yozuvchini chaqirib, “ko'rsatuv yaxshi, ancha mehnat qilinibdi, lekin prezident juda ko'p maqtanilibdi. Shaxsga sig'inish darajasigacha borilibdi. O'zlari bu narsani yoqtirmaydilar, shu axvolda ko'rsalar jahllari chiqadi va gap eshitib qolamiz. Shu bois paxta qo'yishni kamaytiring” deb chiqarib yuborgan.
Yozuvchi Bosh direktor xonasidan chiqib to'g'ri Prezident qarorgohiga borgan. Uni o'sha paytdagi Davlat maslahatchisi qabul qilgan. Oralarida nima suhbat bo'lib o'tgani faqat o'zlariga ayon. Lekin o'sha kunning o'zida MTRK raisiga apparatdan qo'ng'iroq bo'lgan va undagi topshiriq bo'yicha Alixonov ishdan olinib, uning o'rniga Yozuvchi Bosh direktor etib tayinlangan.
Ertasiga yangi Bosh direktor meni o'z huzuriga chaqirdi. Sport studiyasi ishidan qoniqmayotgani, jamoa faqat tayyor translyaciyalardan u yog'iga o'tmayotgani, uning asosiy vazifasi olis qishloqlarga borib, turli musobaqalar tashkil etib, ana shular haqida ko'rsatuvlar tayyorlash lozimligini uqtirdi. Men etiroz bildirib, musobaqalar tashkil etish sport va kasaba uyushmalari tashkilotlari vazifasi ekani, televidenie esa ular haqida ko'rsatuvlar tayyorlashi kerakligini bildirdim. U o'z bilganidan qolmadi, men esa o'z bilganimdan. Qisqasi suhbatimiz qovushmadi va men rahbar xonasini tark etdim.
Ertasiga Bosh direktor yana o'z huzuriga chaqirdi. Bu safar qog'ozga qarab juda ko'p takliflar bildirdi va ochig'i, sportni shu qadar yaxshi tushunishidan hayron qoldim. Bir-ikki joyda fikrlarini to'g'irlamoqchi bo'lganimda “o'zingizni hammadan aqlli deb bilasiz, nima Davlat Turdaliev sportni tushunmaydimi?” deb so'rab qoldi. Shundan so'nggina bildim, uning qo'lidagi qog'ozda yozilgan takliflar muallifi Davlat aka ekanini. O'sha paytda u kishi “Yoshlar” telekanalida Bosh muharrir lavozimida ishlar va kanalning sport haqidagi ko'rsatuvlariga masul hisoblanardi.
Davlat aka bilan munosabatlarimiz yaxshi edi, o'z vaqtida “Davr” informacion dasturida birga ishlaganmiz. Jahl ustida unga qo'ng'iroq qildim va nega mening ustimdan yozib bergani, hamma ayblarimni ko'rsatib yangi rahbarga meni yomon ko'rsatgani haqida so'radim. U kishi bosiqlik bilan Bosh direktor uni chaqirib, sportni yaxshi bilgani uchun shu sohani yoritishda o'zgarishlar qilish mumkinligini, “Sport” studiyasi ishida qanday kamchiliklar borligi va ularni yaxshilash uchun nima ishlar qilish lozimligini so'ragani, u esa studiya qisqa muddatda katta o'zgarishlar qilgani, kamchiliklar ko'rmayotgani haqida gapirib, oxirida yangi loyihalar bo'yicha o'z takliflarini bildirganini aytdi. O'sha paytda qiziqqonlik qildim va “meni ko'ra olmayapsiz shekilli, joyim kerak bo'lsa oling” deb suhbatga yakun yasadim. (Keyinchalik Davlat aka bilan yana yaqinlashib ketdik, hatto shaxsiy masalalarda ham sirlashadigan bo'ldik. Betob bo'lib qolganida mening maslahatimga ko'ra ayolim ishlaydigan Toshkent viloyat ixtisoslashtirilgan somatik shifoxonasida davolandi. Insult bo'lib yotib qolganida Mirjalol Qosimov bilan uyiga borib yo'qladik va samimiy suhbatlashdik. Rahmatli akaning oxiratlari obod bo'lsin!).
Bosh direktor uchinichi kuni ham o'z xonasiga chaqirdi va yana mayda-chuyda gaplar boshlandi. Bu safar toqatim chidamadi va “mendan nima istaysiz o'zi?”deb so'radim. U zaxarxanda tabassum qildi va “esingizdami, ukangiz o'g'limni qo'lini sindirgan edi” deb menga tikildi. Buni eshitib hang-mang bo'lib qoldim va boshimga og'riq turdi. U 20 yil oldin bo'lgan baxtsiz hodisaga shu paytgacha kek saqlab yurgan ekan! Va imkon topilishi bilan ukam uchun mendan alamini olayotgan ekan. Bu yog'iga sabrim chidamadi, undan bir varaq oq qog'oz so'radim va oldida ishdan bo'shash haqida ariza yozib, stolida qoldirdim. U arizani o'qib chiqqach, “meni qo'rqitmoqchimisiz?” deb so'radi. “Yo'q, hotirjam qilmoqchiman” – mening javobim shunday bo'ldi.
Men ishdan ketganimdan so'ng, direktor o'rnimga Davlat Turdialievni taklif qilgan va rahmatli Davlat aka birdamlik principidan kelib chiqib, bu taklifni qatiyan rad etgan. O'z navbatida Yozuvchi bu masuliyatli lavozimda ko'p ishlay olmadi. Uni avval quyi boshqarmalardan biriga tushirishdi, keyin u erdan ham ketgazishdi. O'shandan keyingina rahmatli Davlat aka yangi tashkil etilgan “Sport” teleradiokanaliga direktor etib tayinlandi va umrining oxirigacha o'sha erda samarali mehnat qildi. Alloh Akani o'z rahmatiga olsin!
... Bu yil “Sport” teleradiokanali tashkil topganiga 20 yil to'ldi. Kanalning tashkil etilishi o'zbek sport targ'ibotida katta ahamiyat kasb etgan. Hozir 20 dan ortiq telekanallar mavjudligida bu oddiy ko'rinar, lekin o'sha paytda 4 ta kanalning bittasini sportga berilishi, bu soxada tashlangan ulkan qadam edi.
20 yillik faoliyat munosabati bilan rahbariyat kanal tashkil topishi va o'z o'rniga ega bo'lishida munosib hissa qo'shgan ijodkorlarni taqdirlash borasida O'zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitovga murojaat qilgan. Kanalning hozirgi direktori Zohid Karimov bilan birga ishlamagnmiz. Sababi, “Sport” studiyasi ochilgan paytda u bu sohada bo'lmagan. Shu boisdan bo'lsa kerak, u kanal ochilishiga turtki bo'lgan studiya haqida eshitmagan bo'lishi mumkin va taqdirlash uchun ro'yxat berilganda, u erda men ko'rsatilmaganman (ro'yxatda marhumlar ham bor).
Rasmiy xat Bahodir akaga etib borganda, u kishi “iya, bir pasda 20 yil bo'ptimi” deb kanal ochilishi paytlarini, jumladan Sidneyda men bilan bu borada suhbatlashganini eslagan va ukamni chaqirib men hozir nima ish bilan shug'ullanayotganim borasida so'ragan. Zafar 30 yil avval televidenieda efirga ketgan “Futbol olami” ko'rsatuvini davom ettirayotganimni, faqat endi u internetda, yu-tub kanalida uzatilayotganini malum qilgan. Bahodir aka yordamchilarini chaqirgan va “30 yildan beri sport targ'iboti bilan shug'ullanayotgan bu ijodkorni ham ro'yxatga qo'shib qo'yinlar” deb ko'rsatma bergan.
Aynan shu ko'rsatma orqali men ham ro'yxatdan joy oldim va mart oyining boshida Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga taklif qilindim hamda qolganlar qatorida “O'zbekiston sport faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandim! Ana endi suratga razm solamiz. 2 nafar ayol kishi bilan birga ishlamaganman, shuningdek chap tomonda birinchi turgan Rahimboy Rajabov ham kanalga mendan keyin kelgan. Qolganlari bilan o'z vaqtida sport targ'ibotida birga javlon urganmiz. Tolib Ro'ziev, Fatxulla G'ulomxo'jaev, Anvar O'rmonov, Bahrom Usmonov, Rahmatjon Sodiqov va Rixsitilla Umarov men “Sport” studiyasi uchun tanlab olgan ijodkorlar va “Sport” teleradiokanaliga qo'yilgan poydevorning qaldirg'ochlari hisoblanishadi. 2 nafar fotograf ham menga begona emas. Almurat Mamadaminov bilan o'tgan asrda “Yosh leninchi” gazetasida birga ishlagan bo'lsak, Anvar Ilyosov bilan Sidney Olimpiadasida faoliyat yuritganmiz. Ana shu qadrdon hamkasblar qatorida taqdirlanish va ular bilan birga tarixiy suratga tushish meni juda xursand qildi. Bu kunga etib kelish uchun nimalar qilingani va nimalar bo'lgani bilan yuqorida ulashdim.
O'sha kuni mutasaddilardan bir nechtasi “Siz bunga sazovorsiz” deb qo'llab-quvvatlashdi va eng qizig'i, o'zim ham shu fikrdaman. Agar siz ham bu tarixdan tasirlangan bo'lsangiz, tabriklarni qabul qilishga tayyorman.
Abror Imomxo'jaevning Facebook sahifasidan olindi.
2024 yil, 4 aprel
O’xshash yangiliklar
championat.asia
ОЧЛ 2 плей-офф босқичига қуръа ташланди: Роналду етакчилигидаги "Ал Насср" "Арқадағ" билан ўйнайди
Тимур Кападзе дунёнинг энг кучли мураббийлари орасида кучли ўнликка кирди!
АПЛ. "Арсенал" "Астон Вилла"нинг ғалабали сериясига нуқта қўйди. МЮ аутсайдерни мағлуб эта олмади
Расман: Ислом Тўхтахўжаев — "Андижон" футболчиси!
Fikrlar