Igor Sergeev "Qizilqum"ga qarshi o'yin, penalti tepish siri va terma jamoada bu ishni amalga oshirish imkoniyati haqida gapirdi
20 okt 11:11
Yangiliklar


Igor Sergeev "Qizilqum"ga qarshi o'yin, penalti tepish siri va terma jamoada bu ishni amalga oshirish imkoniyati haqida gapirdi
– O'yin qanday o'tdi?
– Uchrashuv qiyin boshlandi, harakatlarimiz ham biroz sekin bo'ldi. Xudoga shukr, tezda ikkita gol urdik – biri penalti, biri standartdan. Shundan so'ng o'ynash biroz engillashdi, lekin baribir tezkor o'yin bo'ldi deb aytolmayman.
Ikkinchi bo'limda o'yin keskinlashdi, umuman olganda, bellashuvdan qoniqdim. Rostini aytsam, qizil kartochka bo'lgan epizodni ko'rmadim, takroriy vaziyatni ham ko'zdan kechirishga ulgurmadim, shu bois bu haqda hech narsa deya olmayman.
Keyin o'yin biroz izdan chiqdi – VAR ko'rildi, kimdadir jarohat bo'ldi, shifokor maydonga chiqdi... barchasi o'yin ritmini buzdi. Ammo eng muhimi – natija. G'alaba qozondik, oldinga indilishda davom etamiz.
– Yodingizda bo'lsa, "Qizilqum" maydonidagi o'yinda ham penaltidan ushbu uchrashuvdagi singari aynan bir nuqtaga zarba bergandingiz. Quvvatovning ikki urinishda ham boshqa tarafga otilishi xavotirga solmadimi?
– Ochig'ini aytsam, bu haqda ko'p o'ylamayman. Har bir futbolchining penalti tepish bo'yicha o'z uslubi bor. Men “aynan mana shunday tepish kerak” deb aytmayman. Agar o'zingga ishonching bo'lmasa – penalti tepma. Agar ichingda xavotir bo'lsa ham – tepma. Agar ishonch bo'lsa – bor, tep va gol ur.
– O'zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o'yinlarda penaltini golga aylantira olmaslik holatlari bir necha bor kuzatildi. Ushbu vazifani amalga oshirishni zimmangizga olish imkoni yo'qmi?
– Eslashimcha, maydonda bo'lgan paytimda faqat bir marta penaltini tepilgan, Eron bilan o'yinda bu ishni Shomurodov amalga oshirgan. Terma jamoada Shomurodov – sardor. Agar u tepaman desa, men yoniga borib “to'pni menga ber” demayman. Aksincha, uni qo'llab-quvvatlayman. U “o'zimga ishonaman” desa – mayli, tepsin.
Agar murabbiy aytsa yoki zaxiradan tushayotganda “penaltini sen tepasan” desa, unda mayli, buni zimmamga olaman. Terma jamoada etakchilar bisyor, ijrochilar ham ko'p. Agar hamma “men tepay”, “yo'q, men tepay” desa, bu ish yaxshi bo'lmaydi, tortishuv boshlanadi. Shu bois menga ishonch bildirishsa va o'sha paytda o'zimni ishonchli his qilsam – albatta, penalti tepaman.
Eslatib o'tamiz, 32 yoshli hujumchi ayni damda 18 ta gol bilan Superliga to'purari bo'lib turibdi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar