"Sanderlend" o'z stadioni tablosiga "Nyukasl" gerbini joylashtirishdan bosh tortdi – derbi tarixiga nazar
15 dek 19:20
Yangiliklar
"Sanderlend" o'z stadioni tablosiga "Nyukasl" gerbini joylashtirishdan bosh tortdi – derbi tarixiga nazar
Qariyb 10 yildan so'ng "Light" stadionida shiddatli Tayn–Uir derbisi o'tkazildi. "Qora mushuklar" o'z stadioni tablosida raqiblarini etirof etishdan bosh tortishdi, shunchaki ularni "mehmonlar" deb atash bilan cheklandi. Odatda esa tabloda mehmon jamoaning gerbi aks ettirilardi.
"Sanderlend" jamoasi muxlislari o'yin boshlanishidan oldin o'z his-tuyg'ularini aniq-ravshan ifodaladi. Ular "Nyukasl" laqabiga ishora qilib, qo'rquvdan dovdirab qolgan zag'izg'onga tashlanayotgan vahshiy qora mushukni tasvirlovchi ulkan bannerni namoyish etdi.

Ziddiyat tarixi
Derbi nomi raqib jamoalarning shaharlar atrofida oqib o'tadigan daryolar – Tayn va Uir nomlaridan kelib chiqqan (mos ravishda Nyukasl va Sanderlend). Ularning qarama-qarshiligi (klublar emas, shaharlar) tarixi Angliya inqilobi davriga, yani XVII asr o'rtalariga borib taqaladi. O'sha paytda Nyukasl qirol hokimiyatini qo'llab-quvvatlagan, Sanderlend esa parlament tarafdorlari tomonida bo'lgan.

Nihoyat, sanoat inqilobi qo'shni shaharlarni (Nyukasl va Sanderlend o'rtasidagi masofa taxminan 20 km) kemasozlik va toshko'mir qazib olishda raqobatchiga aylantirdi.
Odatdagidek, shaharlar o'rtasidagi raqobat futbolga ham ko'chib o'tdi. Qizig'i shundaki, dastlab har ikki shaharda ikkitadan klub mavjud edi: Nyukaslda – "Uest End" va "Ist End", Sanderlendda esa – "Sanderlend" va "Sanderlend Albion". 1892 yilda "Uest End" bankrotga uchrab, raqiblariga "Sent-Jeyms Park" stadionidan foydalanish huquqini va futbolchilarini topshirdi. Shu tariqa Nyukaslda yagona jamoa shakllandi. Xuddi shu yilda "Sanderlend Albion" ham o'z faoliyatini tugatdi.

Sovrinlar masalasida esa deyarli tenglik mavjud (birinchi tarafda – "Nyukasl" kuboklari):
Angliya chempioni: 4 – 6.
Angliya kubogi: 7 – 2.
Angliya superkubogi: 1 – 1.
Yarmarkalar kubogi: 1 – 0.
Shu bilan birga, "Nyukasl"ning ko'plab muxlislari hali ham 90-yillar o'rtasini yaxshi eslaydi. O'shanda Kevin Kigan qo'l ostida jamoa ketma-ket ikki mavsum chempionlik uchun kurashgan, ammo ikkala safar ham "Manchester Yunayted"dan keyin ikkinchi o'rinda qolib ketgan.

"Nyukasl" va "Sanderlend" o'rtasidagi o'yinlar
Jamoalar ilk rasmiy uchrashuvini 1898 yil 24 noyabrda o'tkazgan. O'sha paytda "Nyukasl" Angliya oliy divizionida ishtirok eta boshlagan va o'z maydonida 3:2 hisobida g'alaba qozongan.
Ayniqsa, o'tgan asrning 10–20-yillaridagi to'qnashuvlar juda qizg'in kechgan. Chunki o'sha davrda har ikki klub ham ingliz futbolining etakchilari qatorida edi. Qiziq voqealar ham bo'lib turgan. Masalan, 1908–1909 yilgi mavsumda "Sanderlend" raqibini ikki bor mag'lub etgan – uyda 3:1, safarda esa shov-shuvli 9:1 hisobida. Ammo shunga qaramay, chempionlikni "Nyukasl" qo'lga kiritgan, "qora mushuklar" esa uchinchi o'rin bilan cheklangan.
Har bir uchrashuvni jangga qiyoslash mumkin, ularning istalgani haqida alohida gapirishga arziydi. Ammo bittasini albatta tilga olmaslikning iloji yo'q. 1990 yil may oyida jamoalar birinchi divizionga chiqish huquqi uchun pley-off yarim finalida to'qnash kelgan. Sanderlendda bo'lib o'tgan ilk o'yin 0:0 hisobida yakunlangan, o'shanda maydon egalari penaltidan foydalana olmagan.

Javob uchrashuvida "qora mushuklar" 2:0 hisobida g'alaba qozondi. "Nyukasl" muxlislari esa maydonga yugurib chiqib, o'yinni buzishga harakat qilishdi — ularning fikricha, bu holat o'yinni takroran o'tkazishga olib kelishi mumkin edi. Biroq qayta o'yin o'tkazilmadi va "Sanderlend" finalga yo'l oldi. Finalda esa jamoa "Suindon Taun"ga 0:1 hisobida mag'lub bo'ldi. Ammo keyinchalik bu klub futbolchilarga noqonuniy to'lovlar bilan bog'liq moliyaviy firibgarliklarda ayblandi, "Suindon" ikkinchi divizionda qoldirildi va "Sanderlend" elitaga yo'l oldi.

Futbolchilar
Ikki klub safida o'ynagan futbolchilar juda kam, jamoalar o'rtasida to'g'ridan to'g'ri transferlar esa umuman bo'lmagan. So'nggi yillardagi eng mashhur "qochqin" futbolchi yarim himoyachi Maykl Brijes hisoblanadi.
"Sanderlend" tarbiyalanuvchisi bo'lgan Brijes asosiy jamoada 1995 yil debyut qildi, 1999 yilda "Lids"ga o'tdi, besh yil o'tib esa ijara asosida "Nyukasl"ga yo'l oldi. U erda Brijes o'z o'rnini topa olmadi va ko'p o'tmay "Bolton" orqali yana "Sanderlend"ga qaytdi. Biroq muxlislar uning bunday xiyonatini ham kechirishmadi va bir yarim yildan so'ng Brijes jamoani tark etdi.
Muxlislar to'qnashuvi
Albatta, "Nyukasl" va "Sanderlend" muxlislari o'rtasida azaldan keskin qarama-qarshilik mavjud. Ilk yirik to'qnashuv 1901 yilda sodir bo'lgan. O'sha paytda derbini taxminan 120 ming kishi tomosha qilish istagini bildirgan, holbuki "Sent-Jeyms Park" stadioni atigi 30 ming tomoshabinni sig'dira olardi. Natijada o'yin bekor qilingan va bu ommaviy tartibsizliklarga sabab bo'lgan. To'polonlar davomida jabrlanganlar ham bo'lgan.

Yaxshiyamki, bu qarama-qarshilik tarixida o'lim holati qayd etilmagan. Biroq "Sanderlend" va "Nyukasl" o'yinlarida muxlislarning hibsga olinishi hatto bugungi kunda ham oddiy hol hisoblanadi. Masalan, 2001 yil mart oyidagi derbidan keyin 160 nafardan ortiq muxlis qo'lga olingan.
Yana bir qiziq voqea 1996–1997 yilgi mavsumda ro'y bergan. O'shanda "Sanderlend" Premer-ligaga chiqqan, ammo eski "Roker Park" stadioni ("qora mushuklar"ning hozirgi uy arenasi – "Stadium of Light" o'sha paytda hali qurilayotgan edi) xavfsiz deb topilmagan. Shu sabab policiya derbida "Nyukasl" muxlislarining ishtirokini taqiqlagan. Bu Angliya futboli uchun mutlaqo misli ko'rilmagan holat edi. Bunga javoban "zag'izg'onlar" rahbariyati javob uchrashuvida raqib muxlislarini stadionga kiritmasligini malum qilgan.
Biroq kechagi voqea oxirgi to'qnashuv bilan bog'liq. 2024 yil 6 yanvar kuni Angliya Kubogi (FA Cup) doirasida “Nyukasl Yunayted” “Sanderlend”ning uy stadionida 3:0 hisobida g'alaba qozongan va o'yindan keyin mehmon jamoa futbolchilari ommaviy ravishda suratga tushgandi.

Ushbu voqea “Sanderlend” muxlislari orasida katta norozilik uyg'otgan, chunki raqib jamoaning derbi maydonida g'alabani namoyishkorona nishonlashi hurmatsizlik sifatida qabul qilingan. Bir yil o'tib, tabloda “Nyukasl” nomi o'rniga “mehmonlar” yozilishi aynan shu epizodga nisbatan ramziy javob sifatida talqin qilindi. Qolaversa, “Sanderlend” futbolchilari 1:0 hisobidagi g'alabadan so'ng ashaddiy raqibining ishini takrorladi.

O’xshash yangiliklar
championat.asia
Аргентина ЖЧ-2026дан четлатилиши мумкин
Ла Лига. Рафиньянинг дубли "Барселона"га "Осасуна" устидан ғалабани тақдим этди
Туркия Суперлигаси. Шомуродовнинг гол ва ассисти "Башакшехир"га меҳмонда "Самсунспор" устидан ғалабани тақдим этди
ФИФА Туркий давлатлар Кубоги. Қулоққа қандай эшитилади?
Fikrlar