"Bu Eron terma jamoasida "oltin avlod"ning oxirgi davri bo'lishi mumkin" - eronlik jurnalist
08 sen 13:58
Yangiliklar


"Bu Eron terma jamoasida "oltin avlod"ning oxirgi davri bo'lishi mumkin" - eronlik jurnalist
Fursatdan foydalanib, Eronning eng yirik nashrlaridan biri sanalgan varzesh3.com sayti muxbiri Jafar Ahmadi bilan suhbatlashdik. Qiziqarli intervyu mobaynida Eronning yosh avlodi, mamlakat futboli infratuzilmasi, CAFA turniri, murabbiylar Karlush Keyrush va Amir G'alenoi haqida so'z borgan.
- Eron futbolida infratuzilma va yoshlar akademiyalarining ahvoli qanday?
- Afsuski, Eronda futbol infratuzilmasi va yoshlar futboli akademiyalari holati qoniqarli ahvolda emas. Aksariyat klublar asosiy jamoa va kattalarga etibor qaratadi, natijada akademiyalarga etarli ahamiyat berilmaydi. Shu bilan birga, kam sonli klublar yoshlar tarbiyasi va akademiyalar rivojiga jiddiy ahamiyat qaratmoqda, shu bois ular munosib shart-sharoitga ega, ammo ularning soni juda oz.
- O'zbekiston futboli va Eron futboli o'rtasidagi asosiy farqlar nimada?
- Menimcha, Eron va O'zbekiston futboli o'rtasida katta farq yo'q. Ayniqsa, so'nggi yillarda O'zbekiston futboli juda katta taraqqiyotga erishdi. Eng asosiy farq esa futbolchilarning qarashlarida ko'riladi. Eronlik futbolchilar ko'pincha o'z faoliyatini ertaroq xorijda, hatto arab ligalarida davom ettirishni afzal ko'radi, shundan so'ng Evropa ligalariga yo'l ochishga harakat qiladi. O'zbek futbolchilari esa bunday tafakkurga ega emas.
- So'nggi paytlarda Eron klublari O'zbekiston terma jamoasining ko'plab futbolchilari bilan shartnoma tuzdi. Buning asosiy sababi nimada deb o'ylaysiz?
- Menimcha, Eron klublarining o'zbek futbolchilarini jalb etishga qiziqishiga asosiy sabab – ikki xalqning madaniy yaqinligi. O'zbek futbolchilari qiyin sharoitlarda ham jamoasi uchun kurashadi. Infratuzilma va mashg'ulot maydonlari hamda stadionlar sifati jihatidan Eron va O'zbekistonning sharoiti o'xshash. Bundan tashqari, o'zbek futbolchilari jismoniy kuch va texnik jihatdan yuqori darajaga ega, ko'pchiligi milliy jamoada ham o'ynaydi. Shuning uchun ular Eron klublari uchun jozibali hisoblanadi. Yana bir sabab shundaki, so'nggi yillarda Eron va O'zbekiston jamoalari ko'p marta to'qnashdi va o'zbek futbolchilarining o'yini yaqqol ko'zga tashlana boshladi. O'zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishi esa ularni jalb etish orqali moliyaviy foyda olish imkonini ham beradi.
- O'zbekiston bilan o'yindan nimalarni kutmoqdasiz? Sizningcha, Eron CAFA musobaqasida finalga finalga qadar mazmunli o'yin ko'rsatib keldimi?
- Bugungi O'zbekistonga qarshi o'yin mushkul o'tishi kutilmoqda. Aslida, Eronning CAFA turnirida ishtirok etishining asosiy sababi aynan shu o'yin edi, chunki boshqa raqiblarga qarshi o'yinlar milliy jamoa uchun texnik tarafdan katta foyda bermaydi. Bu turnirda taxminan 15 nafar asosiy futbolchi yo'q, shu sababli yangi futbolchilar chaqirildi va ayrimlari ilk marta milliy jamoa libosini kiydi. Shuning uchun ham jamoa sifati jozibador ko'rinishmadi va natijalar ham kutilgandek chiqmadi. Biroq bugungi O'zbekistonga qarshi bahsda asosiy tarkib va etakchi yulduzlar maydonga tushishi kutilmoqda.
- Bugungi o'yinda Eronning qaysi futbolchilari maydonga tusha olmaydi va nima uchun?
- Eron milliy jamoasi bu o'yindan oldin bir qator muhim yo'qotishlarga duch kelgan. Asosiy darvozabon Alirizo Beyranvand diskvalifikaciya sababli qatnashmaydi. Majid Husayni, Said Izzatullohi, Ali Qulizoda, Mehdi Gaedi va Muhammad Xudobandelu jarohat olgan. Shojae Xalilzoda esa umuman bu turnirda yo'q. Shuningdek, Muhammadjavad Hussaynijod, Muhammadmehdi Zari, Said Saxarxizon, Rizo Gandipur va Amir Muhammad Rizzognia kabi muhim futbolchilar Olimpiya terma jamoasi safida U-23 Osiyo Kubogi saralash o'yinlarida ishtirok etmoqda. Eng katta yo'qotish esa Sardor Azmun bo'lib, u jarohati tufayli bu turnirda qatnashmayapti.
- O'zbekistonda CAFA Nations Cup musobaqasidan ko'ra kuchliroq terma jamoalar bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazilganida foydaliroq bo'lardi, degan qarash mavjud. Eronning bu boradagi qarashi qanaqa?
- Eronda ham milliy jamoaning CAFA turnirida ishtirok etishi ortidan tanqidlarga uchradi. Hatto Eron bosh murabbiyi Amir G'alenoi final oldidan matbuot anjumanida federaciya CAFA'ga turnirda ishtirok etmaslik haqida xat yuborganini aytdi. Biroq oxir-oqibat murabbiy va futbolchilar xohishiga qarshi milliy jamoa musobaqada qatnashishga majbur bo'ldi.
- O'zbekiston Karlush Keyrush qo'l ostidagi O'monni yutolmadi va durang o'ynadi. O'zbekistonlik jurnalistlar Karlush Keyrushni kuchli mutaxassis deb biladi va unga tan beradi. Umuman, eronliklar sobiq bosh murabbiy Keyrushni qanday xotiralar bilan eslaydi?
- Karlush Keyrush hali ham Eron futbolida sevimli shaxs hisoblanadi. U ikki marta Eronni Jahon chempionatiga olib chiqdi va uchinchi marta ham jamoani boshqardi. Jami 3 ta Jahon chempionatida Eron terma jamoasini boshqargan. Yaqinda u Amir G'alenoiga qo'ng'iroq qilib, omad tiladi. Keyrushning takidlashicha, Eron terma jamoasi G'alenoi qo'l ostida ancha o'sgan. Shu bilan birga, u Eronda tanqidchilariga ega, lekin shunga qaramay, baribir Keyrush Eron futboli uchun tarixiy shaxslaridan biri sanaladi.
- Eronda yangi avlod vakillari unchalik yorqin ko'rinmayotganiga sabab nimada deb o'ylaysiz?
- Eron futbolidagi asosiy muammolardan biri – muxlislarning klublarga qo'ygan bosimi. Ular zudlik bilan chempionlik va natija talab qiladi, shuning uchun ko'p klublar yoshlarga imkoniyat bermaydi. Masalan, legionerlar limiti "7+1" ga oshirildi va katta klublar – "Istiqlol", "Persepolis", "Sepaxon" va "Traktor" yulduz legionerlarni jalb qilishga intilmoqda. Masalan, "Istiqlol" Jaloliddin Masharipov va Rustam Ashurmatovdan tashqari, yaqinda "Barselona"ning sobiq futbolchisi Munir bilan shartnoma imzoladi. Bu holat yoshlar uchun imkoniyatni kamaytiradi va yangi avlod unchalik yorqin ko'rinmaydi. Ammo hozir ham Olimpiya jamoasi va U-23 terma jamoasida bir qancha umidli yoshlar bor.
- Eronda avlodlar almashinuvi ro'y berayotgani tufayli xalqaro maydondagi natijalarida pasayish kuzatilmaydimi?
- Hozirgi vaqtda Eron terma jamoasi o'z tarixidagi eng yaxshi avlodga ega. Biroq ehtimol bu "oltin avlod"ning oxirgi davri bo'lishi mumkin. 2027 yilgi Osiyo Kubogidan so'ng jamoa yoshlarga yo'l berishga majbur bo'ladi. Avlodlar almashinuvi – Eron futbolidagi eng katta muammolardan biri. Shu sababli murabbiylar CAFA turniridan foydalanib, milliy jamoada bazi yoshlarni sinab ko'rmoqda. Eron futboli hozir avlodlar almashinuvi jarayonining muhim bosqichida turibdi. Shu bois, klublarga yoshlarga imkoniyat berish tavsiya etilmoqda, ammo bu holat ko'plab jamoalarda hali ham ko'zga yarq etib tashlanmaydi.
- Eron OAV Amir Galenoi haqida qanday fikrda? Uning qaysi jihatlarini kuchli deb bilasizlar?
- Tabiiyki, har qanday mamlakatda bo'lgani kabi, Eron milliy jamoasi bosh murabbiyining tanqidchilari ham, tarafdorlari ham mavjud. Amir G'alenoi ham bundan mustasno emas. Uning kuchli jihatlaridan biri shundaki, u Eron futboli uchun eng muhim davrlardan birida yosh futbolchilarga maydonga tushish va o'zini ko'rsatish imkoniyatini bermoqda. U tarixiy bir bosqichda – Eron futbolida avlodlar almashishi jarayoni kechayotgan davrda milliy jamoa bosh murabbiyiga aylandi. Shu bois, u aksariyat musobaqalarda yosh futbolchilardan foydalanmoqda. Bu yondashuv kelgusi avlod shakllanishiga xizmat qiladi.
Sherzod Nurmatov suhbatlashdi
O’xshash yangiliklar

Fikrlar