So’nggi yangiliklar

14:40"Навбаҳор"га 3 та гол урган "Бухоро" футболчиси кейинги турда майдонга тушмайди  0 14:28"Қизилқум" – "Насаф" ўйинида пенальти белгиланиши керакмиди? Суперлиганинг 22-туридаги ҳакамлик фаолияти таҳлили  0 14:22Гвардиола "Арсенал"га қарши ўйин ҳақида: "Фаолиятимда ҳеч қачон бунчалик узоқ ҳимояланмаганмиз"  1 13:31Гол уриб, қизил карточка олган Экитике кечирим сўради  1 12:51Моуринью "Риу Аве" билан 1:1 ҳақида: "Бош ҳакамда ирода йўқ"  4 12:44ЎФФ президенти Миллий терма жамоа ўйинчилари билан учрашди  0 11:58Футзал. Бугун Ўзбекистон Қирғизистон билан ўйнайди  0 10:55Пролига. "Олимпик-Mobiuz" бугун Нукусда меҳмон бўлади  0 10:32МЮ қишда тажрибалироқ дарвозабон билан шартнома имзоламоқчи  5 09:38"Ливерпуль" ҳужумчиси гол уриши билан қизил олди  0 09:10ФИФА 2030 йилги жаҳон чемпионатини 64 та жамоа билан ўтказишдан манфаатдор - манба  15 09:05Goal. 2026 йилги "Олтин тўп" даъвогарлар рейтингини тузди. Амалдаги "Олтин тўп" соҳиби ТОП-5 да ҳам эмас  14 08:47Расман: "Барселона" юлдузларидан бири жароҳат туфайли узоқ муддатга сафдан чиқди  4 08:20Саудия қироли кубоги. "Олтин тўп" соҳиблари майдонга тушмаган баҳсда "Ал Насср" ва "Ал Иттиҳод" кейинг босқичга чиқди  1 07:48Ҳусанов жароҳат сабабли "Манчестер Сити"нинг нечта учрашувида майдонга тушмаслиги маълум  15

“Bersang eyman, ursang o'laman” - Pul topishni istamaydigan klublar haqida Yangiliklar

“Bersang eyman, ursang o'laman” - Pul topishni istamaydigan klublar haqida

O'zbekistonda qishki transfer oynasi yopildi.

Jamoalar o'z tarkiblarini kuchaytirib olishga imkon qadar urinib ko'rishdi. Kimlar uddaladi, kimlar ulgurmadi. Mayli, bular o'z yo'liga.

O'zbek futboli haqida gap ketsa, doim  klublarning boqimandaligidan noliymiz va ularning tezroq xususiy qo'llarga o'tishini istaymiz. Quvonarli jihati, Superliganing boshlangan mavsumida xususiy jamoalar soni yana ikkitaga (“Turon”, “Andijon”) ko'paydi. Hozir ayni jamoalarning qishki transfer oynasidagi harakatlari to'g'risida biroz mushohada yuritsak...

Sizga malumki, O'zbekiston sharoitidagi futbol jamoalari bugungi kunda televizion huquqlardan daromad qilish haqida o'ylay olishmaydi. Homiylik shartnomalari-yu tijoriy hamkorlik ham o'z yo'liga. Ammo istalgan jamoa transfer oynasida yaxshigina mablag' ishlab olish imkoniyatiga ega. Faqat o'zbek klublari bu imkoniyatdan foydalanishni istamaydigandek ko'rinadi...

Futbol — bu global bozor, unda o'yinchilar suratli ravishda jamoalarni almashtirib turishadi. XXI asrga kelib millionlar o'yinida milliardlar aylana boshlanadi. FIFA xisobotiga ko'ra, 2020 yil davomida umumiy hisobda 17077 ta transfer amalga oshirilgan va bunga 5,63 milliard dollar mablag' sarflangan. 

Transfer bozorida juda katta foyda qilsa bo'ladi. Buni yaxshi tushungan professional klublar o'z transfer siyosatlarini ishlab chiqishadi va shunga mos keladigan o'yinchilarni, iqtidorlarni qidirishadi. Masalan, portugal grandlari asosiy etiborini potencial yulduzlarga qaratib, qisqa muddatda ulkan daromad qilishni ko'zlasa, "Yuventus" mutasaddilari katta futbolda o'z so'zini aytishga ulgurgan, tajribali o'yinchilarni tarkibiga qo'shib olish uchun ter to'kadi.

Ming afsuski, aksar klublarimizning professionalligi haminqadar. “Bersang eyman, ursang o'laman” qabilida yashaydigan zamonlar allaqachon o'tganini  bilishmaydigandek. Bizda yangi o'yinchi bilan shartnoma qiladigan klublar ko'p (99%) holatlarda 1 yil yoki 6 oyga mo'ljallangan “bitimcha”ni tuzishadi. Bu dalolat beradiki, “professional”larimizda na transferga mo'ljallangan siyosat bor, na ular transfer bozorida foyda qilish haqida o'ylashadi. O'zbek futbolidagi aksar shartnomalar 1 qadah achchiq choy ustida qilib kelingandek go'yo.

Davlat mablag'lari asosida moliyalashtiriladigan klublarimizga shu haqdagi savol bilan yuzlansak, jamoa smetasining beqarorligidan nolishadi. Aks holda, uzoq muddatga bitim tuzishni, ularni transfer oynasida katta-katta mablag'larga sotishni orzu qilishlari haqida malomat qilishadi. 

Mayli, futbol ichida transferdan tushgan pulni klubning hisob raqamiga emas, o'zining yashirin cho'ntakiga tushirish uchun o'yinchilarni “qora bozor”ga soladigan janoblar borligi haqidagi gumonlarni bir chekkaga suraylikda, mavzuni xususiy jamoalarimiz manziliga buraylik.

Xo'p, davlat mablag'lari asosida moliyalashtirilayotgan klublarimiz smetasining beqarorligidan qo'rqib “odnorazovyy” transferlar  qilisharkan. Lekin, “Turon” kabi xususiy jamoalarimiz ham peshona teriga topilgan mablag'larini bir yillik futbolchilar uchun sarflab yuborayotgani bir tomondan kishini hayron qoldirsa, boshqa tomondan xafa qiladi.

Etibor qiling, yaypanliklar 1-turda “Qo'qon-1912”ni qabul qilishdi. “Turon” tomonidan o'sha o'yin qaydnomasiga 23 nafar futbolchi kiritilgan. Ulardan 21 nafari mavsum oxirida erkin agentga aylanadi (Kim Boyong va Bilolxon Toshmirzaevdan tashqari). 

Yani jamoa rahbarlari tomonidan 1 yillik futbolchilar uchun sarflangan milliardlar faqat bugungi natija uchun yo'naltirilgan. Birovning hisobidagi mablag'ni hisoblash fikridan yiroqmiz, lekin “pulni maqsadsiz sarflash” deb shunga aytishadi. Aytmoqchimizki, klub rahbarlari futbol orqali foyda qilishni o'ylamayapti, faqat sarflayapti. Foyda kelmas ekan, ko'p hollarda bunday siyosat iqtisodiy inqiroz bilan yakunlanadi yoki rahbariyat zerikkan kuni futbol o'ladi.

Endi “Turon”ning o'sha kungi raqibi qo'qonlik futbolchilar tarkibiga razm solamiz. Jamoa qaydnomasidan 23 nafar o'yinchi o'rin olgan. Ulardan 22 nafarining shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi (Ilhomjon Vahobovdan tashqari).

Afsuski, yaqinda xususiy qo'llarga o'tgan “Andijon” jamoasidagi holat ham bundan farq qilmaydi. Jamoa qishki transfer oynasida 18 yoshli Jasurbek Jaloliddinov bilan shartnoma imzoladi. Navoiylik futbolchiga xalqaro maydondan ham “sovchilar” borligidan xabardorsiz. “Andijon” futbol klubi mutasaddilari uzoqni ko'zlasa, Jasur bilan joriy yilning oxirigacha mo'ljallangan shartnoma imzolashga shoshilmasdan, uni uzoq muddatlik bitimga ko'ndirishlari kerak edi.  

To'g'ri, yuqoridagi malumotlar o'zbek futboli uchun ajablanarli holat emas. Biroq, umid qilamizki, futbolga pul tikayotgan tadbirkorlarimiz tez orada bu orqali mo'may daromad qilish mumkinligini ham tushunib etishadi va yangi iqtidorlarni kashf qilish yo'liga o'tishadi, kuchli akademiyalar kerakligini nihoyat anglashadi. Hozir pul topishni istamayotgan klublar qachondir shuning harakatiga tushib qolishadi. Aks holda, mantiq degan matoh bir chekkada yig'lab turaveradi...

Faxriddin Ro'ziev

Qadrli muxlis, o'zbek futbolidagi 1 yillik shartnomalar to'g'risida siz qanday fikrdasiz?

Muallif :
Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика