"ALFRAGANUS": Toshkentdan Germaniyaga 5000 km, 1.500 km ortda qoldi, go'zal Turkiston, qurigan Orol
14 iyu 18:43
Yangiliklar
"ALFRAGANUS": Toshkentdan Germaniyaga 5000 km, 1.500 km ortda qoldi, go'zal Turkiston, qurigan Orol
Bu safarga yarim yildan ortiq tayyorgarlik ko'rdim. Ko'plab savollaringizga maqola ko'rinishida javob berishga harakat qilaman. Avvaliga yaxshilab reja tuzdim. Afsuski UEFAning media markazidan akkreditaciya olishning imkoni bo'lmadi. Ancha harakat qilgan bo'lsamda, OFKda ekanligimiz yakunda pand berdi. Ularning so'roviga ko'ra ko'plab musobaqalardagi ishtirokimni ko'rsatib berdim, ularning orasida eng so'nggisi klublar o'rtasidagi JCH edi. Balki qaerdadir o'zim xato qilgan bo'lsam kerak, tag'in bilmadim.
Mazkur maqola "Alfraganus University"ning bosh homiyligida har kuni berib boriladi. Siz talaba bo'lmoqchi bo'lsangiz, unda bizni tanlang!
SHunchaki fan zonalarda o'yinlarni tomosha qilishning ham o'zgacha gashti bor. Rossiyadagi JCHda Portugaliya - Ispaniyani o'yinini Moskvadagi fan zonada tomosha qilgandim, emociyalar hamon yodimda. O'yinlarga tushamanmi, yo'qmi bu ikkinchi masala, viza bilan shug'ullanishni boshladim. 3 hafta deganda viza qo'limga tegdi. Bu safarni Abdusalom Jalilov bilan reja qilgandik. Nimasini reja qilasiz demang, rejamiz mashinada Olmoniyaga borish!
Biz nafaqat o'zimiz uchun, balki mashina uchun ham kerakli hujjatlarni yig'ishimiz kerak edi. CHunki Evropaning o'z talablari bor. 12 iyun kuni 01:30da "SA"ning ofisidan barcha kerakli narsalarni olib "CHernyaevka" deb nomlanuvchi chegaraga etib bordik. 7 soatga yaqin vaqt ichida qo'shni davlatga kirib oldik. Xavfsizlik yo'lida bizning chegarachilarga etadigani yo'q. Ko'pchilik bundan norozi bo'ladi, tekshiruvlarni cho'zilib ketishidan arz qilishadi, unutmaylik, aynan shu tekshiruvlar ortidan biz tinch va xotirjam yashayapmiz! O'zbekistonlik chegarachilar qo'shnilarining ishini engillashtirib berishadi. Bizning mamlakat tekshiruvidan o'tgan mashinani qozog'istonliklar ortiqcha nazorat qilib o'tirmaydilar. SHunchaki, anavi zahri qotilni isini biladigan it tekshiruvidan o'tdik bo'ldi. Meni quvontirgani chegaradagi muomula. Ikki yurt o'rtasidagi munosabatlarni yildan yilga iliqlashishi ortida chegarachilarning ikki millat vakillariga bo'lgan gap so'zlariga shira kiribdi. Qisqasi, bu safar xursand o'tdim.
Uyqu kelyapti. CHimkentga 70 km masofa, Turkistonga esa 2 soatdan ortiq yo'l. Tong ham otgan, yaxshisi Turkistonga ketamiz. U erda bizni shogirdimiz, Dilshod Abdullaevning (O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi safida Saudiya Arabistoniga gol urib JCHga chiqishimizga sabab bo'lgan futbolchilardan biri) tog'asi Ulug'bek aka kutib oldilar. Mehmondo'stlik bo'lsa shuncha bo'ladida. Tushlik qildik, ketidan bizni yotoqqa joyladilar, keyin tungi Turkistonni maza qilib aylantirdilar. Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildik, shaharni ko'rkam joylarida bo'ldik, ancha chiroyli joylar ekan. Ketidan Do'ppi Cafe da kabobni paqqos tushirib, Ulug'ubek akaning tavsiyasiga ko'ra tongda yo'lga chiqadigan bo'ldik. Abdusalom aka kechasi yuramiz degan edilar. 200 kmlardan keyin kechasi mollar yo'lga bilintirmay chiqib ketishi mumkinligi va bu yo'llarni bilmaydigan haydovchilar uchun havfli ekanligini aytdilar, tabiiyki biz ularning gaplariga quloq soldik.
Safar bosh homiysi: Alfraganus University
Homiylar: Coca Cola, Trastbank, AKFA, Ucell
Ahmad Yassaviy ziyoratgohi. U Amir Temur bobomiz tomonidan qurilgan bo'lib, Turkiston shahrining ko'rki hisoblanadi.
Qozog'istonda maza qilib yuboradigan joyingiz 92 AYOQSH, 5600 so'm. 400 000 so'mga ikki marotaba to'liq "zapravka" qildik. Oldimizda bir litri 2 evro turadigan shengen mamlakatlari turibdi. Qisqasi, sharoitingiz bo'lsa albatta Turkistonga keling. Buyuk ipak yo'lining asosiy nuqtalaridan biri bo'lgan bu shahar ancha go'zallashgan. Ulug'bek Asanbaevni tanisangiz kerak, turkistonliklar shahar bo'lishiga qadar CHimkentga qaraganlar. Tabiiyki, ularning aksariyati "Ordabasi" muxlislari. O'tgan yili Umarov va Abduxoliqov benifisiga aylangan chempionatda Asanbaev menedjerlik qilgan tom manodagi qo'shnilarimiz o'z tarixlaridagi ilk chempionliklarini nishonlaganlari yodingizda bo'lsa kerak.
Tonggi 6:00da biz Aralsk tomon yo'lga chiqdik. Yo'llarning ravonligi va mashinamizning holatining yaxshiligi 700 km masofani bir zumda bosib qo'yishimizga sabab bo'ldi. Bu erning yo'llarida asabingiz buzilmaydi, hamma qonunga bo'y so'nyapti. "Neksiya 3" chiqib qoladi degan xavotiringiz yo'q. Trassalar 110 km tezlikgacha mumkin, lekin 119 gacha yursangiz ham Sizga jarima kelmas ekan. Ikki marotaba "DAN" xodimining nazariga tushdik. Hujjatlarimiz joyida, ammo bari bir kelishish kerak ekan :) ikkinchisda homiylarimizning futbolkalaridan berdik, jurnalist ekanligimizni aytganimizga chiroyli kuzatib qo'ydilar. "Furachi" akalarimiz juda ko'p, ularning aksariyati Rossiyaga mahsulot olib ketyaptilar. Aralskka etmasdan Sirdaryo suvlaridan to'plangan katta ko'l bor ekan, shu erda mashinamizni biroz muddatga saqladik. Bu suv bir paytlar Orol dengiziga borib quyilgan, hozir uzilish bor.
Coca Cola "Dunyo bo'ylab 40 kun" homiylaridan biri hisoblanadi.
Rejaga ko'ra, bugun Aralska etib olib (750 km), ertaga Aktobe viloyati tomon yo'lga chiqishimiz kerak edi. Ammo holatimiz bizni yana yurishga undadi. Ha aytgandek, ikki sherigimizni vizalari chiqmagan. SHu ikki kun ichida olishlari kerak. SHunga O'zbekistonni safarda Eronga qarshi o'yinini ofisda ko'rayotgan bolalar orasida Norchaev bilan o'zbek do'ppisini trendga olib chiqqan Jahongir Fayzullaevni olib ketishga qaror qildim. Kutilmagan taklifdan boshi gangib qoldi, otasiga telefon qilib berdi, javob oldim. Men maqola yozyapman, u uxlab ketyapti. Aslida u ikkinchi haydovchi bo'lishi kerak edi, mayli rasmlarga yaxshi olyapti, bergan teshik kulchamga roziman.
Bu uslubdagi maqolalarni yozmay qo'yganimga yillar bo'lib ketdi. Bugungi avlod balki bu uslubni tushunmas, zamon instagram va yutubniki, lekin yoshi katta o'quvchilarimiz hurmati 40 kun davomida ijod qilishga bel bog'ladim. Loyihamizga ko'plab homiylar jalb qilindi. Alfraganus University bosh homiy, ular Parij Olimpiadasida ham biz bilan bo'ladilar. Siz talaba bo'lishni istasangiz, bu oliy yurtida o'zingiz istagingizdagi fakultetlarga kirib o'qishingiz mumkin bo'ladi.
Bugun Germaniyada Evropa chempionatining ochilish o'yini, Germaniya va SHotlandiya. 40 kun davomida biz 15 ga yaqin davlatda bo'lamiz. Har biridan mana shunday qiziqarli reportajlar tayyorlaymiz. Birozdan keyin safarga chiqamiz. Hozir turgan joyimiz va boshqalar haqida endi ertaga o'qiysiz.
ROWE OIL bu Germaniya brendi bo'lib, uning sifatiga BMW baho berib bo'lgan
Suratlar internetdan olinmadi, barchasi o'zimizning ijod :)
Fikrlar