Yuriy Utkulbaev: "G'alaba qozonishni istagandik"

21 avg 2026, 22:22
Proliganing 16-turidan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" - "G'azalkent" (2:4) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Yuriy Utkulbaev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz bilan bo'lishsangiz... 

 - Nima ham derdim, kutilmagan penalti, futbolchini ko'rmay qolish holati va avtogol bo'ldi. Umuman olganda, ko'plab vaziyatlarga boy o'yin kechdi, o'ylashimcha, bu muxlislarga maqul keldi. Gollar soni va keskin epizodlar ko'p bo'ldi. Raqibni g'alaba bilan tabriklashdan boshqa ilojim yo'q.

 - Odatda jamoangiz hisobda oldinga chiqib olgach, zich himoyalanib, hisobni ushlab qolishni yaxshi uddalardi. Bugun esa bunday bo'lmadi, bunga nima sabab bo'ldi? 

 - Biz faqat hisobni ushlash haqida o'ylamaymiz, bugun ham o'z o'yinimizni ko'rsatib, imkoniyatlar yaratdik. Shunchaki bugun o'z darvozamizdan nojo'ya gol o'tkazib yubordik. Ushbu uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik va g'alaba qozonishni istagandik. Bunday maydonda har qanday kutilmagan holat yuz berishi mumkinligini tushunardik, shu bois yana gol urishga harakat qildik.

 - Ildar Mamatkazin almashtirilganda nima sodir bo'ldi? Hakamlar adashdimi yoki yordamchingiz tabloga xato raqam yozdimi? 

 - Yo'q, yo'q, barchasi rejamiz bo'yicha edi. Yoshi nisbatan katta futbolchilarni almashtirib, hujum chizig'ini va o'ng qanotni kuchaytirmoqchi edik. Ildarga tezkor hujumchilar bilan olishish qiyinlashayotgani uchun uni almashtirishga qaror qildik. Vagizni yarim himoyaga chiqardik. Umuman olganda, o'ng qanotni yangilab, hujumkorlikni oshirishni ko'zlagandik. Ildar va Hoshimov bilan hammasi joyida. Faqat almashtirish qog'ozidagi raqamlarni yozishda ozgina tushunmovchilik bo'ldi, shekilli.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia