Yorqin Nazarov: "Jamoaviy o'yin qilaylik desak to'p darvozaga kirmayapti"

1 may 2026, 00:11
Proliga 6-turdan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" – "BuxDU" uchrashuvi 1:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Yana bir bor hammani muhim uch ochko bilan tabriklayman. G'alaba qozonish oson bo'lmadi. "BuxDU" oxirgi o'rinda borayotgan bo'lishiga qaramay yaxshi himoyalandi. Bizda golgacha ham imkoniyatlar bo'ldi. Qiynalib bo'lsa-da, uchrashuv oxirida gol urib yutib ketdik.

- Tarkibda rotaciyaga qo'l urganingizni ko'rdik. Bir nechta futbolchilar zaxiradan joy olishdi. Bu nima bilan bog'liq?
- O'yinimizda o'zgarish bo'lsin deb rotaciya qilyapmiz, uni buyoqda, buni uyoqda sinab ko'ryapmiz. Biz yangi jamoamiz va zaxira o'rindig'imiz ham yoshlardan iborat. Har xil variantlarni sinab ko'ryapmiz. Bugun rotaciyaga qo'l urib boshqa usulni sinab ko'rdik va bu borada muammo yo'q. Tajribali futbolchilar ikkinchi bo'limda maydonga tushib, jamoamizga foyda keltirdi.

- Bu safar individual mahorat evaziga urilgan gol g'alaba keltirdi. Bunday holat avvalgi bahslarda ham bo'lgandi. Lekin uzoq mavsum davomida faqat individual mahoratga ishonib natija ko'rsatsa bo'ladimi? Bu savolni berganim, yigitlar maydonda bir-birini yaxshi tushunmayotgandek. Bu muammoni qanday hal qilmoqchisiz?
- Aytib o'tganimdek, biz hali yangi jamoamiz. Futbolchilar turli klublardan kelgan. Hozircha oltita uchrashuvda maydonga tushib to'rt g'alaba, bir durang va bir mag'lubiyat qayd etdik. Eng birinchi navbatda bizga natija kerak, xayolimiz faqat uch ochkoni qo'lga kiritishda. To'g'ri, hozircha individual mahorat bilan yutyapmiz. Kuchli futbolchilar shunaqa payt o'zini ko'rsatadi. Jamoaviy o'yin qilaylik desak to'p darvozaga kirmayapti. Bu yo'l bilan gol urmasak, boshqa yo'l bilan harakat qilamiz. Natijaga erishish uchun har xil taktikani sinab ko'ryapmiz. Yetakchi jamoalar bilan bir qatorda borayotganimiz bizni xursand qilmoqda.

- Proligada kimlar yetakchi ekanini bilamiz. Shunga qaramay sizningcha, kimlar Superliga yo'llanmasi uchun kurash olib boradi?
- "Metallurg" yaxshi futbolchilarni yig'gan. "Sho'rtan" ham yaxshi jamoa, ularning o'yinchilari o'tgan yil Superligada o'ynab katta tajriba to'plashdi. "Aral" ham yaxshi jamoa, sababi hozirgi tarkib bilan murabbiylar shtabi uchinchi yo to'rtinchi yil birga ishlamoqda. Bu jamoalar qatoriga o'zimizni ham qo'shamiz. "Kattaqo'rg'on" yangi jamoa bo'lgani bilan klubimiz oldiga maqsad qo'yilgan. Superligaga chiqish uchun oxirigacha kurashamiz.

- Tez orada O'zbekiston Kubogi start oladi. Kubok o'yinlariga qanday qaraysiz?
- Kubok bo'yicha jamoamiz oldiga hech qanday vazifa qo'yilmagan. Tarkibda rotaciya bo'ladi. Lekin murabbiy sifatida men jamoamiz guruhdan chiqishini xohlayman. Qaergacha borishimiz nafaqat men, balki futbolchilarimiz uchun ham qiziq bo'ladi.


Manba: championat.asia