Yorqin Nazarov: "Yaxshi jamoani mag'lub etdik"

Aslanov Jasurbek
14 may 2026, 01:26
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" - "Surxon" uchrashuvi 3:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- G'alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Bugun Kubok doirasida birinchi uchrashuvni Superliga jamoasiga qarshi o'tkazdik va bu o'yinga ko'p narsa bog'liq edi. Futbolchilarimiz berilgan ko'rsatmalarni va mashg'ulotlardagi ko'nikmalarni to'liq bajarishdi. Bundan juda xursandman.

- Optimal tarkibni maydonga tushirmaganingiz sababi?
- Odatda Kubok o'yinlariga kam o'ynagan futbolchilar qo'yiladi. Bugun maydonga tushgan yigitlar asosiy tarkibdan ham yaxshi harakat qilishdi. Bu biz uchun juda yaxshi. Shu orqali raqobat kuchayadi va kimni asosiy tarkibga qo'ysak degan boshog'riq paydo bo'ladi. Shunday boshog'riq bo'lgani yaxshi. Lekin bugungi tarkibni ikkinchi tarkib demagan bo'lardim.

- Islom Sharipov yana chiroyli gol urdi.
- To'g'ri, Islom bugun jarima to'pidan chiroyli gol urdi. Qolaversa o'yinni ham yaxshi o'tkazdi. Avvalgi bahslarda ko'p to'p kirita olmay kelayotgandik. Lekin bugun gollar ham bo'ldi va chiroyli g'alabaga erishdik. Endi "Surxon" ham oddiy jamoa emas. Biz yaxshi jamoani mag'lub etdik. "Surxon" bejizga "Paxtakor" bilan durang o'ynagani yo'q.

- Jamoangiz Superliga klubiga qarshi bemlaol hujumkor futbol namoyish etdi va bu uslub jamoangizga ko'proq mosdek ko'rindi.
- Ha, shunaqa. Proligada eng kam gol o'tkazgan jamoa biz bo'lib turibmiz. Yangi jamoa tuzayotganda himoyadan boshlab keyin hujumga o'tiladi. Oxirgi mashg'ulotlarda ko'proq hujumga urg'u berdik, bu esa ish berdi. Ammo himoyani ham unutmasligimiz kerak. Mana bugun ham o'yinchilarni almashtirganimiz uchun ikkita gol qo'yib yubordik.

- Hisob 3:0dan keyin jamoangiz ikkita gol o'tkazdi. Bu vaziyatda hushyorlik yo'qolib qoldimi?
- Hisobga qarab bir nechta o'zgarishlarni qildik. O'yin amaliyoti kam va jarohatdan chiqqan futbolchilarni tushirdik. Futbolni aldab bo'lmaydi, hamma narsaning hisob-kitobini olish kerak. Agar himoyani yaxshi ushlasak, oldinda erkin harakat qilamiz.

- "Kattaqo'rg'on" oldiga O'zbekiston Kubogida ham jiddiy maqsad qo'yilganmi?
- Jiddiy maqsad qo'yilmagan-u, lekin maydonga tushgandan keyin o'zimizni ko'rsatishni xohlaymiz. Safimizda Superligani ko'rgan, sovrin yutgan futbolchilar bor. Shuning uchun maqsadsiz o'ynash yarashmaydi. Guruhdan chiqish biz uchun ham qiziq bo'ladi. Angliyada ko'rgansiz, oddiy jamoalar sensaciya ko'tarib yarim finalgacha boradi. Biz ham oxirigacha kurashamiz.

- Javohir Mubarakov bugun to'p kiritmagan bo'lsa-da, ikkita golda faol qatnashdi. Shuningdek, pressingda yaxshi ishtirok etdi, raqib o'yinchisiga sariq kartochka oldirdi. Unga berilgan ko'rsatma qanday edi?
- Mubarakov yosh yigit, pressing qiladi, yuguradi. Ikkinchi golimiz uning to'p uzatishidan so'ng kiritildi. Bir vaziyatda raqib uni to'xtatib qolgani uchun sariq kartochka oldi. Hujumchilar odatda qizg'anchiq bo'ladi, o'zim gol ursam deydi. Bu tomondan Mubarakovning qilgan ishini yaxshi deyman, lekin keyingi uchrashuvlarda o'zi ham gol urishini xohlayman. Bugun o'ziga berilgan ishonchni oqladi.

- Bu o'yinda o'zingiz qurmoqchi bo'lgan jamoani ko'rdingizmi?
- Agar gap oldingi chiziq haqida ketayotgan bo'lsa, ha. Hujumlarimiz rang-barang ko'rinish oldi, biz shunaqa futbol o'ynashimiz kerak. Men familiyaga qaramayman, kim yaxshi o'ynasa doim o'ynayveradi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia