

– Bugungi o'yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Bugun "Olimpik Mobiuz" jamoasi bilan o'ynadik. Oldindan bilardik, yaxshi jamoa, necha yillik jamoa, chiroyli futbol o'ynaydi. Shuning uchun shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgan edik. O'yin 0:0 hisobida yakunlanganiga qaramasdan, menimcha, yaxshi o'yin bo'ldi deb o'ylayman. G'alaba bizga ham, ularga ham kerak edi, yakunda durang qayd etildi. Umuman olganda, o'yindan qoniqdik. Yigitlar ko'rsatmalarni, barcha vazifalarni bajarishdi. Faqat oxirida gol kiritmaganimiz sababli hisob 0:0 bo'ldi.
– Adashmasam, jamoa darvoza tomon bitta aniq zarba berdi. Bunday tajribali futbolchilari bor jamoa uchun bu kam emasmi?
– Biz o'yin davomida ko'plab hujumlar qildik. Buni hali tahlil qilib, ko'rib chiqamiz. Qanotdan uzatmalar ham bo'ldi, yomon emas. Yana aytaman, biz bitta aniq zarba bergan bo'lsak, ular ham, menimcha, yo bitta zarba berdi, yoki umuman aniq zarba bergani ham yo'q. Darvozabonimiz qachon sakrab to'pni ushlaganini eslay olmayman. Jarima maydonchasiga to'p uzatishlar paytida ularda ham, bizda ham vaziyatlar bo'ldi. Zarbalar kam bo'lgani uchun ham o'yin 0:0 hisobida yakunlangan bo'lsa kerak.



