Yoan Vissa: "Ikkita goldan so'ng g'alaba qozonishimizni his qildim"

Оқил Абдубарноев
28 iyun 2026, 19:35
Jahon chempionati "K" guruhi 3-turidan o'rin olgan O'zbekistonga qarshi o'yinda (3:1) dubl qayd etgan Kongo DR hujumchisi Yoan Vissa taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

– Shu yerdagi hissiyotlarni tasvirlab bersangiz. Siz va jamoadoshlaringiz tomonidan qanday ajoyib o'yin namoyish etildi! Pley-off bosqichiga ilk bor yo'llanma oldingiz va keyingi raqib – Angliya. Bu haqda nima deysiz?

– Ha, juda ajoyib o'yin bo'ldi. Biz uchrashuvni juda yomon, o'ta bo'sh tarzda boshladik. O'ylaymanki, bunga elkalarimizdagi mas'uliyat yuki sabab bo'ldi. Ammo gol o'tkazib yuborganimizdan so'ng xotirjamlikni saqlashga va boshni baland ko'tarishga muvaffaq bo'ldik. Tanaffusda murabbiy maydondagi joylashuvimizga bazi o'zgartirishlar kiritdi. Menimcha, bizda yana gol urish uchun juda ko'p vaziyatlar bo'ldi. Penalti esa ayni vaqtida belgilandi. Bilasizmi, penalti tepayotganda gol urish shart, ayniqsa, bunday pallada bu oson emas. Penaltidan gol urganimda va ikkinchi golni kiritganimizda, g'alaba qozonishimizni anglagandim. Uchinchi golni ham urdim, bundan juda faxrlanaman. Bugun tunda ushbu g'alabadan rohat olishga harakat qilamiz. To'g'ri, keyingi raqibimiz – Angliya. Mutlaqo boshqacha, yani top-raqibga qarshi juda qiyin o'yin bo'ladi. Biroq bunday o'yinlardan zavq olish kerak. Biz dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo'lgan Angliyaga qarshi o'ynashga haqlimiz. Shuning uchun oldinda kutayotgan uchrashuvni intiqlik bilan kutyapman.

– So'nggi hushtak yangraganidan so'ng bazi o'yinchilar tizza cho'kkanini, murabbiylar esa maydon bo'ylab raqsga tushganini ko'rdim. Bu g'alaba Kongo xalqi uchun nimani anglatadi?

– Bu shuni anglatadiki... biz jahon chempionatida endigina ikkinchi bor ishtirok etyapmiz. 52 yildan so'ng! Jahon chempionatiga saralash bosqichini 4 yil oldin boshlaganmiz. Mana shu tarkib bilan Nigeriya va Kamerunga qarshi pley-off bosqichlarigacha bordik, Yamaykaga qarshi o'tish o'yinida maydonga tushdik. Musobaqani Portugaliyaga qarshi o'yin bilan boshlab, durang qayd etdik. Kolumbiyaga yutqazdik. O'yinning 5-daqiqasidayoq 1:0 hisobida ortda borayotgan edik... Ha, bu nafaqat futbolda, balki hayotda ham hech narsa oson emasligini ko'rsatadi. Biz shunchaki matonat ko'rsatishimiz kerak. Bunday damlar kelganda esa, undan zavqlanish lozim, chunki bu osonlikcha kelmaydi. Bu quvonch barchamiz uchun mana shuni anglatadi.

– Birinchi bo'lim sizlar xohlagandek o'tmaganini ta'kidladingiz. Tanaffusda taktik o'zgarishlardan tashqari, murabbiy tomonidan qo'shimcha motivaciya berish uchun biron so'z aytildimi?

– Bilasizmi, murabbiy bizni juda yaxshi biladi. U shunchaki yarimhimoyachi va qanot o'yinchilarining joylashuvini o'zgartirdi. U ko'p narsani o'zgartirdi, menga esa himoyachilar ortiga yugurish va orqaga qaytish uchun erkinroq rol berdi. Ayniqsa, ko'proq uzatmalarni amalga oshirishni so'radi. Chunki ikkita hujumchi bilan o'ynaganimizda bizga uzatmalar kerak bo'lardi. Penalti ham aynan shundan yuzaga keldi. Murabbiy to'g'ri qaror qabul qildi va buning uchun qoyil qolishimiz kerak.

– Sizning g'alabangiz va Afrika jamoalarining ushbu jahon chempionatida ko'rsatayotgan ta’sirini hisobga olsak, bu harakatlar Afrika futbolining hozirgi darajasi haqida nimani anglatadi?

– O'ylaymanki, bu juda yaxshi. Bu Afrika jamoalari ham ulkan maqsadlarni ko'zlay olishini ko'rsatmoqda. Bilasiz, o'tgan jahon chempionatida Marokash yarim finalgacha yetib borib, buni isbotladi. O'ylashimcha, hozir 8 ta jamoamiz bor, umid qilamanki, bugun tunda ular 1/16 finaldan o'tadi. Shunday ekan, biz tayyor turishimiz kerak, chunki oldinda kutayotgan voqealar Afrika jamoalari uchun yaxshi holat. Hozir yosh futbolchilar ertaroq yetishib chiqayotganini ko'ryapmiz. Buni Sadiki, Mukau hamda Natan Mbuku misolida o'z jamoamizda ham ko'rsatyapmiz. Bu juda yaxshi va bu federatsiyamiz ulkan orzular qila olishidan dalolat beradi.

– Bu yerda, Atlantada juda ko'p kongoliklar yashaydi. Ularning aksariyati sizlar bilan bir shaharda bo'lishning o'zi baxt ekanligini aytishdi. Bugungi o'yinga kela olmagan, lekin baribir siz va jamoangizga havas bilan qaraydigan o'sha oilalarga qanday murojaatingiz bor?

– Ularga aytar so'zim: rahmat! Bilasizmi, chindan ham rahmat deyman, chunki biz qaerga bormaylik, u yerda kongoliklar bor. Biz g'ururli mamlakat, g'ururli xalqmiz. Mamlakatimizni, milliy terma jamoamizni va o'zimiz taqdim etayotgan narsani sevamiz. O'ylaymanki, biz bugun qanday vaziyat bo'lishidan qati nazar, faqat kurashish uchun maydonga tushganimizni ko'rsata oldik. Bilasiz, mamlakatimizda vaziyat oson emas, Sharqiy Kongoda urush ketmoqda va har safar bu libosni kiyganimizda, ular haqida o'ylaymiz. Shuning uchun bugungi o'yinimiz orqali xalqimizga: "Yigitlar, nima bo'lishidan qati nazar, oldinga intilishimiz kerak", – demoqchimiz. Chunki biz tinchlik istaymiz. Ularga shunchaki rahmat aytmoqchiman. Rahmat, chunki biz bu ergacha uzoq yo'l bosib keldik. Yo'qdan bor bo'lib, shu erga yetib keldik. Endi o'z tariximizni zarhal harflar bilan yozyapmiz va bundan faxrlanishimiz kerak. Bugun bizni qo'llab-quvvatlagan barcha kongoliklarga katta rahmat. Ayniqsa, vatanda tungi soat 2 gacha uxlamay, faqat shu o'yinni kutgan insonlarga rahmat. Ular bizdan faxrlanishlarini istayman va ularga ham rahmat aytaman.

– "Nyukasl"dagi mavsum siz uchun qiyin o'tdi, bazi jarohatlar va sport formangizda pasayish kuzatildi. Jahon chempionatida ishtirok etib, o'zingizning eng yaxshi holatingiz va nimalarga qodirligingizni ko'rsatish qanday tuyg'u?

– O'ylaymanki, bu to'g'ri gap. Shuning uchun ham men bu kiyinish xonasidagi hammadan ko'ra ko'proq faxrlanaman. Chunki men uchun juda qiyin yoz bo'ldi, jiddiy jarohatni boshdan kechirdim. Bilasizmi, ertaroq qaytishni, poezdga ulgurishni xohlaysiz... bu unchalik yaxshi fikr emas ekan. Shuning uchun men "Nyukasl"da o'zimning eng yaxshi o'yinimni ko'rsata olmadim, lekin vaqtim kelishini bilardim. Va o'sha vaqt hozir keldi. Men shunchaki hozir hammaga yaxshi holatda ekanimni ko'rsatdim. Jismoniy va ruhiy tomondan o'zimni yaxshi his qilyapman. Shuning uchun bugun yaxshi futbolchi ekanimni isbotlaganimdan faxrlanaman. Men futbol o'ynashni bilaman va ayniqsa, jismoniy holatim yaxshi bo'lganda, miyam xotirjam bo'ladi va qolgani o'z-o'zidan o'xshaydi. Shuning uchun bugun juda g'ururlanyapman.

– Bugun siz uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi bo'ldingiz, ikkita gol urdingiz. Siz yaxshi futbolchisiz, lekin bu o'yinda eng yaxshisi bo'ldingiz. Bugun siz jamoa yetakchisisiz. Ushbu yangi poziciyada jamoadoshlaringizga nima bera olyapsiz?

– Bu jamoaga nima beryapman? Juda katta ishonch beryapman... Men bu mas'uliyat yukini o'z elkamga olishga harakat qilyapman. Jamoadoshlarim erkinroq harakat qilishi uchun elkamga katta yuk olyapman. Hozir yetakchilik rolini qabul qilganman, chunki bugun men yetakchiman va Kongo terma jamoasi yetakchisi ekanligimdan faxrlanaman. Biroq bu rolni shunchaki maqtanish uchun emas, balki jamoani, atrofimdagi futbolchilarni kuchaytirish uchun olganman. O'ylaymanki, bugun buni qoyilmaqom tarzda uddaladim va terma jamoa safiga qo'shilganimdan beri shunga intilib kelyapman. Shuning uchun bugun o'zim va jamoadoshlarim qilgan ishdan juda faxrlanaman. Chunki birinchi marta terma jamoaga chaqirilgan Teo Bongonda, jahon chempionatida ilk bor o'ynayotgan Meshak Eliya va Fiston Mayele kabilarni ko'rganimizda, bu jamoamizning qiyofasini ko'rsatadi. Bu barchamiz bir-birimizga kerakligimizni anglatadi. Shuning uchun, nima bo'lishidan qati nazar, ularni rag'batlantirishga, qiyin damlarda ularga ozgina tabassum ulashishga va eng asosiysi, og'ir damlarda ular uchun shu yerda ekanimni tushuntirishga harakat qilaman. Ular buni ko'rishdi va erishgan natijamizdan mamnunman. Endi esa oldinda bizni uzoq yo'l, katta yirtqichlar – "sherlar" kutmoqda, ammo biz – "qoplonlar" bunga qanday javob qaytarishni yaxshi bilamiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: FIFA