Vodiy derbisi: Farg'onada 7 ta gol urilgan tarixiy o'yinni yodga olamiz

Iskandarov Abdulaziz
28 iyul 2026, 17:45
Vodiy derbilari har bir davrda o'ziga xos shiddat, intriga va yuqori ehtiros bilan o'tgan.

Ayniqsa, "Neftchi" - "Navbahor" to'qnashuvlari avjiga chiqqan, murosasiz kurash, ketma-ket gollar va shijoatga boy kechgan davrlar muxlislar yodida o'chmas iz qoldirgan.

Tarixda shunday bellashuvlar bo'lganki, ishqibozlar darvozalarga urilgan naqd 7 ta golga guvoh bo'lishgan.
2010 yilgi mavsumda o'tgan o'sha unutilmas uchrashuvda Mansur Saidov 10-daqiqadayoq hisobni ochadi. Unga javoban, 39-daqiqada Elyor Jahonov muvozanatni tiklaydi. Ammo bu hali "dengizdan tomchi" edi. 45-daqiqada Alisher Xoliqov yana "Neftchi"ni hisobda oldinga olib chiqadi. Buyog'iga ochiq futbol boshlandi - jamoalarni faqat hakamning xushtagigina to'xtata olardi.

photo_2026-07-28_16-00-53.jpg



"Lochinlar"ning ukrainalik legioneri Evgeniy Sayko tanaffusdan so'ng gol urib, muvozanatni yana tiklashga erishadi. Keyinroq Anvar Berdiev penaltini aniq amalga oshirib, Farg'ona klubini yana oldinga etaklaydi. Gollar shousini "Navbahor"dan G'ayrat Jo'raev davom ettiradi. Vaholanki, uchrashuvdagi yakuniy nuqtani "Neftchi" hujumchisi Sherzod Hakimov qo'yadi - 4:3.

photo_2026-07-28_15-59-24.jpg


O'sha mavsum "Navbahor" uchun ancha yaxshi boshlangan, Viktor Jalilov munosib kurasha oladigan jamoa shakllantirgan edi. Namanganliklar dastlabki 7 ta turda atigi 1 bor mag'lubiyatga uchrab, chempionat startida ijobiy natijalar ko'rsatishgan. Keyinchalik, afsuski, moliyaviy muammolar fonida jamoa natijalarida pasayish kuzatilgan.

"Neftchi"ni esa o'sha paytda tajribali Yuriy Sarkisyan boshqarayotgan edi. Islom To'xtaxo'jaev, Sardor Mirzaev kabi yosh va iqtidorli futbolchilarning katta sahnaga chiqib kelishi aynan shu mavsumlarga to'g'ri keladi.

Sunnatilla Mamadaliev ("Navbahor"ning sobiq yarim himoyachisi):

"Farg'onadagi derbi baribir derbi-da. Bunday o'yinlarda jamoangiz turnir jadvalining nechanchi o'rnida borayotgani umuman ahamiyatsiz bo'lib qoladi. Qaysi raqibni engishingizdan qati nazar, eng muhimi - derbida g'alaba qozonish. Bosim juda yuqori bo'lardi.

Mavsum boshida juda yaxshi tarkibimiz bor edi, keyinchalik moliyaviy muammolar yuzaga kela boshladi. Jamoani Sergey Kovshov boshqargan. Shu tarkib bilan ham 3:4 hisobida boy bergan bo'lsak-da, maydonda haqiqiy kurash kechgan. Muxlislar joy etmaganidan daraxtlarga chiqib olishardi, kimningdir qo'li singan, kimdir lat egan... Qisqasi, derbilar doimo qiziqarli va esda qolarli o'tgan".

260611.jpg


Ma'lumot uchun, 2010 yilgi Oliy ligada 14 ta jamoa ishtirok etgan. Mavsum yakunlariga ko'ra "Navbahor" 9-o'rinni, "Neftchi" esa 10-o'rinni egallagan.


Superliga-2010. 16-tur

"Neftchi" - "Navbahor" 4:3

Gollar:
Mansur Saidov 10, Alisher Xoliqov 45, Anvar Berdiev 54, Sherzod Hakimov 83 - Elyor Jahonov 39, Evgeniy Sayko 48, G'ayrat Jo'raev 67

"Navbahor": Oleg Gorvic, Rahmatillo Berdimurodov, Doniyor Usmonov, Mixail Denisov, Evgeniy Sayko, Sunnatilla Mamadaliev, Elyor Jahonov, Timur Ayzatulov, Maksim Krivoy, Otabek Valijonov, G'ayrat Jo'raev

Zaxiradan tushganlar: Ivan Nagaev, Ilhom Boydadaev, Abdumalik Abdullaev

"Neftchi": Yuriy Coy, Vladimir Radkevich, Iqbol Boboxonov, Mansur Saidov, Iqbol Akramov, Sardor Mirzaev, Sanjar Asqaraliev, Baxtiyor Yoqubov, Anvar Berdiev, Alisher Xoliqov, Oybek Nurboev

Zaxiradan tushganlar: Dilyorbek Ermatov, Islom To'xtaxo'jaev, Sherzod Hakimov.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia