

"Real"ning qanot hujumchisi Vinisius Junior klub bilan hamkorlikni davom ettirishga ikkilanmoqda. Braziliyalik futbolchi ilk bor "oq kiyimlilar" muxlislarining bir qismi uni qo'llab-quvvatlamayotganini his etdi. Bu haqda El Chiringuito xabar bermoqda.
Manba ma'lumotiga ko'ra, hozirda 25 yoshli futbolchi "Qirollik klubi" bilan 2027 yil yozida tugaydigan mehnat shartnomasini uzaytirish masalasida aniq bir qarorga kela olmayapti.
Eslatib o'tamiz, "Real" muxlislari La Liganing "Sevilya"ga qarshi o'yinida (2:0) Vinisius almashtirilgandan so'ng, u maydonni tark etayotganda unga nisbatan hushtak chalishgan.
Joriy mavsumda braziliyalik futbolchi barcha musobaqalarda 24 ta o'yinda ishtirok etib, 5 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma berdi.



