

O'tgan yili pley-off bosqichida qiyinchilik bilan ligadagi o'rnini saqlab qolgan klub bu yil medallar uchun jiddiy kurashga kirishdi. Ushbu muvaffaqiyatlarda jamoa darvozasini ishonchli qo'riqlab kelayotgan mahoratli posbon Umidjon Hamroevning ham munosib hissasi bor. Jamoaning bugungi sport formaga kirishi va ichki muhit haqida posbon bilan suhbatlashdik.
- Hozirda hammaning e'tiborida "Buxoro". Jamoa yuqori o'rinlar va medallar uchun kurashmoqda. O'tgan mavsumda so'nggi pallada Superligada qolgan jamoa bu yilgi vazifasini allaqachon bajarib bo'ldi, desak bo'ladimi?
- Ha, o'tgan yili jamoamiz ancha murakkab va og'ir ahvolga tushib qolgan edi. Ammo xalqimizda "Ishtaha ovqat paytida keladi", degan ajoyib naql bor. Hozir aynan shunday holatdamiz. Xudo xohlasa, oxirigacha kurashishdan to'xtamaymiz va Buxoro muxlislarini quvontirishda davom etamiz.
- Bu mavsum "Buxoro" tarixidagi eng muvaffaqiyatli yillardan biriga aylanmoqda. Buning ortida qanday sir bor? Ma'lumki, klubda moliyaviy muammolar ham mavjud edi. Bunday sharoitda jamoaga nima ustunlik berdi?
- Darhaqiqat, jamoamiz hozirda juda yaxshi sport formasida. Bu natijaga erishish uchun klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va barcha futbolchilar tomonidan katta mehnat sarflandi. Muvaffaqiyatimizning asosiy omili - jamoadagi jipslik va ichki ahillikdir. Rahbariyat va futbolchilar o'rtasida mustahkam ishonch qaror topgan, shu sababli moliyaviy qiyinchiliklar bizga to'siq bo'la olmayapti.
- Faoliyatingizga nazar tashlasak, "Xorazm" va "Mashal" tarkibida Pro liga va musobaqa jadvalining quyi qismida o'ynaganingizga guvoh bo'lamiz. Bu yilgi mavsumni o'zingizni to'liq ko'rsatadigan va milliy terma jamoadan chaqiruv oladigan eng muvaffaqiyatli bosqich deb hisoblaysizmi?
- Yaratganga shukur, bu yilgi mavsum faoliyatimdagi eng mahsuldor yillardan biri bo'lmoqda. Ilgari "Mashal" bilan Pro ligada yuqori natija qayd etib, 27 ta o'yinda 13 ta gol o'tkazib yuborgan va 15 ta uchrashuvda darvoza daxlsizligini saqlab qolgan bo'lsam-da, bu raqamlarni Superliga darajasi bilan solishtirib bo'lmaydi. Bugungi kunda ko'rsatayotgan o'yinim va samaradorligim chindan ham yuqori darajada.
- "Neftchi"ga qarshi kechgan bahsda "Buxoro" kuchli o'yin ko'rsatdimi yoki o'sha kuni raqibning omadi kelmadimi?
- Bu yerda har ikkala omil ham rol o'ynadi. Uchrashuvning dastlabki 20 daqiqasida "Neftchi" juda katta bosim o'tkazdi va bir nechta xavfli vaziyatlarni yaratdi. Shu tomondan ularning kuni emas edi. Ushbu bosimga bardosh bergach, jamoamiz himoyada juda ishonchli va intizomli o'yin ko'rsata oldi.
- Qo'qondagi o'yinda ko'proq nima noqulaylik tug'dirdi: maydon holatimi yoki raqibning qarshiligi?
- Maydon holati desam adashmagan bo'laman. Ushbu maydonda oddiy pas uzatish ham katta xavf tug'dirar, bitta xato juda qimmatga tushishi mumkin edi. Shu sababli to'p asosan havoda harakatlandi. Ochig'i, bu maydonning ahvolidan hayron qoldim - o'zimizning uy maydonimiz bundan ancha yaxshi holatda. Shunday ekan, nima uchun bizga o'z maydonimizda o'ynashga ruxsat berishmaganiga tushunmayman.



