"U daho emas!" Kapello Ronalduni Messi, Maradona va Ronaldo bilan solishtirib bo'lmasligini aytdi

Aslanov Jasurbek
11 fev 2026
"Real", "Yuventus" va Rossiya terma jamoasi sobiq ustozi Fabio Kapello zamonamizning ikki buyuk futbolchisi o'rtasidagi farq haqida gapirdi.

Italiyalik mutaxassisning fikricha, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi o'rtasida katta farq bor.

Kapello nima dedi? "ON Sport" telekanalining "Hat-Trick" ko'rsatuvida mehmon bo'lgan Kapello portugaliyalik yulduzning mahoratiga shubha qilmadi, biroq uni "tanlanganlar" qatoriga qo'shmadi:

"Krishtianu - buyuk to'purar va aql bovar qilmaydigan sportchi, lekin unda Messi, Maradona va Ronaldodagi kabi daholik yo'q.

Boshqalarda bor bo'lgan o'sha noyob iqtidor Krishtianuda mavjud emas. Uni bu uchlik bilan mutlaqo solishtirib bo'lmaydi", - dedi Kapello.

Bu birinchi marta emas... Takidlash joizki, Kapello avval ham Messining tug'ma istedodini Ronalduning mehnat evaziga erishgan natijalaridan yuqori qo'ygan edi. Bu galgi chiqish esa ijtimoiy tarmoqlarda yana katta munozaralarga sabab bo'lishi aniq.

Siz Kapelloning fikriga qo'shilasizmi? Ronaldu chindan ham bu uchlikdan pastroqmi?


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: A Bola