"Qanday azob chekkaningizni, yiqilib, yana oyoqqa turganingizni ko'rdim". Messining rafiqasi turmush o'rtog'iga murojaat qildi

Sherzod Nurmatov
1 sen 2026, 11:23
Lionel Messining rafiqasi Antonella Rokucco erining Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlash qarori munosabati bilan unga ta’sirli post bag'ishladi.

Antonella futbolchiga Instagram tarmog'idagi sahifasi orqali murojaat qildi.

"Ushbu bosqichni aynan shunday yakunlaganingizdan naqadar faxrlanaman. Shuncha yillar, shuncha lahzalar, qanchadan-qancha quvonch va albatta taqdirning qancha zarbalari... Qanday azob chekkaningizni, yiqilib, yana oyoqqa turganingizni ko'rdim. Nimadir o'xshamay qolganida oldinga intilishda davom etganingizni va har doim qaytadan urinib ko'rganingizni ko'rdim. Va shuncha yillardan so'ng siz bilan birga orzularingiz ro'yobga chiqishini ko'rish va hayotimizning eng baxtli kunlarini birgalikda kechirish menga nasib etdi. Biroq bu butun tarixda meni eng ko'p ta’sirlantirgan narsa - farzandlarimiz bularning barchasini yaqindan kuzatib ulg'ayganligi bo'ldi. Ular o'z otasining o'zi istagan narsa uchun kurashganini, taslim bo'lmaganini va eng oxirigacha ishonishda davom etganini ko'rishdi. Keyin esa yoningizda bo'lib, qanday qilib hamma narsaga erishganingizni va Jahon kubogini boshingiz uzra ko'targaningizni ko'ra olishdi", – deb yozdi futbolchining rafiqasi.

Uning so'zlariga ko'ra, qachonlardir farzandlari o'z otasining tarixi qanchalik buyuk ekanini haqiqatan ham tushunib etadilar.

"Bugun esa ular shunchaki o'z otasi bilan faxrlanishadi. Men ham siz bilan faxrlanaman. Sizning bosib o'tgan yo'lingiz, barcha engib o'tgan qiyinchiliklaringiz va eng muhimi, ushbu har bir lahza ortida turgan shaxsiyatingiz bilan faxrlanaman. Bularning barchasini siz bilan birga boshdan kechirish - qanday baxt! Biz sizni cheksiz sevamiz", – deya so'zini yakunladi u.

Avvalroq Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgan edi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: instagram.com/antonelaroccuzzo