

Endi navbat pley-offga. Bir qarashda vazifa bajarildi-ku, yana nima istayapsan dersiz? To'g'ri, guruhdan chiqib oldik, ammo o'yinimiz, natijalar va boshqa ko'rsatkichlar havotirlarni taqdim qilgani ham bor gap.
Aslida biz bu mundialga shunchaki ishtirokchi sifatida borishimiz kerak emasdi, chunki bizda yaxshi avlod yetishib chiqmoqda. 2006 va 2008 yillarimiz har holda uyaltirib qo'yishmagandi. Biroq mundial shuni ko'rsatdiki, eski muammolarimiz o'zgarmagan, bu safargi O'zbekiston esa turnirning yetakchi jamoalari fonida kuchli jamoa emasdi.
Murabbiy tanlashdagi xato va shtabdagi "bo'shliq"
Sergey Chigodaevning murabbiylik salohiyatiga shubha yo'qdir - u "Bunyodkor" akademiyasida yomon ishlamagan, bizni ilk bor Olimpiadaga olib chiqqan avlodga ustozlik qilgan, Timur Kapadzening shtabida yillar davomida tajriba orttirgan mutaxassis. Ammo futbolda "o'z jamoasini topish" degan tushuncha bor. Superliga misolida Xomyakov "Buxoro"ni, Kapadze "Navbahor"ni yaxshi jamoaga aylantirdi. Shipilov va qo'qonliklarning yulduzi-yulduziga mos kelmadi. Bu bir misol, xolos. Tan olish kerak, Chigodaev aynan shu avlodga mos murabbiy emasdi. Albatta, u hech kimning eshigini qoqib, "meni shu termaga qo'yinglar" deb yalinib bormagan. O'FA terma jamoalar markazi va Usmon Toshevning murabbiy tayinlashdagi mantiqsiz qarorlari haqida avval ham ko'p yozganman.
Masalaning yana bir og'riqli tomoni shundaki, jamoaga kelgan murabbiy loaqal o'z atrofiga shu yosh toifasini ich-ichidan biladigan, ushbu futbolchilar bilan yillar davomida ishlagan mutaxassislarni jalb etishi shart edi. Bugungi kunda murabbiylar shtabimiz chindan ham kuchlimi? Chigodaevga yordamchilik qilayotgan Artur Kagirovdan boshqa yana kim bor?
Jahon chempionatidagi raqiblarimizni o'yinini kim borib o'rganib keldi? Tahliliy guruh bormi, selekciya guruhichi?

2. Muhammad Hakimovning jarohati boshqa muammolarni ochib berdi
Kot-d’Ivuarga qarshi kechgan ochilish bahsida Muhammad Hakimov nafaqat mudofaada ishonchli harakat qildi, balki hisobni tenglashtirgan muhim gol muallifiga ham aylandi. Ammo uning jarohat olib safdan chiqishi ortidan himoya chizig'imiz ancha zaiflashdi. Aslida Hakimov asosiy tayyorgarlik yig'inlarini Islom Ismoilov qo'l ostidagi 2008 yilda tug'ilgan futbolchilar jamoasida o'tkazgandi. Demak, shtab uning o'rnini bosa oladigan munosib muqobil variantni umuman tayyorlamagan.

Raqamlar ham bu fikrni yaqqol isbotlaydi: guruh bosqichida Chigodaev bor-yo'g'i 14 nafar futbolchiga asosiy tarkibda ishonch bildirdi. Vaholanki, guruhdoshlarimiz - Kot-d’Ivuar 17, Yamayka 16, Italiya esa naq 19 nafar futbolchini ilk daqiqalardan maydonga tushirib, balansni saqlab turdi.
Bizning barcha yosh toifasidagi terma jamoalarimizda surunkali kasallik bor: yil davomida 14 ta yig'in o'tkaziladi, lekin hammasiga bitta o'sha-o'sha o'zak futbolchilar jalb etiladi. Natijada raqiblar bizning o'yinimizni ochiq kitobdek o'qib bo'ladi, zaxira o'rindig'imiz esa shunchaki ro'yxat to'ldirish uchun olib ketiladi.
3. Tezkor gollar o'yinni hal qildi
O'zbekiston U-17 terma jamoasi guruhdagi uchta o'yinning birortasida dastlabki 10 daqiqani xotirjam va tartibli o'tkaza olmadi. Bu shunchaki tasodif emas, balki o'yinga tayyorgarlikdagi asosiy kamchilik desa ham bo'ladi.
Kot-d’Ivuar - 7-daqiqadayoq darvozamizni ishg'ol qildi;
Yamayka - 8-daqiqada hisobni ochdi (guruhda faqat bizga 2 ta gol urdi);
Italiya - yana o'sha 7-daqiqada darvozamizga yo'l topdi. Demak Italiya avvalgi 2 ta o'yinimizni sinchkovlik bilan o'rgangan va ojiz nuqtamizni bilgan.
Birinchi bo'limlarda tashabbus to'liq raqiblar qo'lida bo'ldi. Ayniqsa, Italiyaga qarshi bellashuvning birinchi taymida Yevropa grandi o'yin taqdirini amalda hal qilib qo'ydi: raqib 2.24 xG ko'rsatkichi qayd etib, darvozamiz tomon 11 ta zarba (6 tasi aniq) yo'lladi, bizning yigitlar esa biror-bir keskin vaziyat yarata olishmadi. Ikkinchi bo'limda italiyaliklar safidagi qizil kartochkadan so'nggina oldinga o'tishga jurat etdik, ammo poezd allaqachon kyetib bo'lgandi.

Agar bir xil xato uchta o'yinda ketma-ket takrorlanayotgan bo'lsa, demak, murabbiylar shtabi o'yinlar oralig'ida xatolar ustida ishlamayapti. Guruhda o'z darvozamizdan 7 ta to'p olib chiqdik, raqiblar darvozasiga esa 8 ta gol urdik - va aynan o'sha sakkizinchi, Suhrob Sadirjonov tomonidan kiritilgan gol bizni musobaqada olib qoldi. Aslida terma jamoa yilning eng muhim pallasida o'zining jismoniy va taktik cho'qqisiga chiqishi kerak edi, ammo biz mundialga eng optimal formada yetib kela olmadik.
4. Pley-off yo'llanmasi - mehnat samarasimi yoki taqdir sovg'asi?
To'g'risini aytish kerak, 1/32 finalga chiqishimiz o'z o'yinimizdan ko'ra ko'proq parallel guruhlardagi matematik hisob-kitoblar va omadning tuhfasi bo'ldi. Italiya darvozasiga urilgan so'nggi gol to'plar nisbatimizni yaxshilagan bo'lsa, keyingi bahslarda Ruminiyaning Kamerunga to'rtinchi golni ura olmagani hamda Tanzaniyaning Irlandiyaga imkoniyatni boy bergani bizga eng yaxshi 3-o'rin sohiblari orasida so'nggi - 8-pog'onani taqdim etdi. Biz pley-offga eshikni tepib, boshni baland tutib emas, boshqalarning natijasiga ko'z tikkan holda kirib bordik. Bu bilan o'zimizga past baho bermoqchi emasman, lekin real voqealar haqida gapirmasam bo'lmasdi.

5. Oldinda "qizil furiya"
Pley-offning ilk bosqichidayoq bizni turnirning eng dahshatli jamoalaridan biri - Ispaniya kutib turibdi. Ispaniyaliklar Qatarga shunchaki g'alaba uchun emas, balki raqiblarini yanchib tashlash ishtiyoqi bilan kelishgan. Ular guruh bosqichida raqiblar darvozasiga naq 22 ta to'p yo'llab, birorta ham gol o'tkazib yuborishmadi:
Ispaniya – Xitoy 5:0
Ispaniya – Fiji 15:0
Marokash – Ispaniya 0:2
2023 yil Indoneziyada o'tgan mundialda Jamoliddin Rahmatullaev boshchiligidagi yigitlarimiz Ispaniya bilan tengma-teng kurashib, 2:2 hisobida jangovar durang qayd etgandi. Ammo bugungi vaziyat boshqacha. Shu yilning avgust oyida o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvida ham ispanlar jamoamizga hech qanday imkoniyat qoldirmay, 3:0 hisobida g'alaba qozonishgan edi. Endi esa raqib yanada kuchaygan holatda maydonga tushadi.

Muammolar o'sha-o'sha...
Murabbiy tayinlashdagi tushunarsiz qarorlar, mas'uliyatli musobaqalarda 13–14 nafar futbolchiga bog'lanib qolish va yig'inlarda munosib zaxira shakllantirmaslik - bu shunchaki bugungi mag'lubiyat yoki qiyinchiliklar sababi emas. Agar bu tizimli kamchiliklarga hozirdan barham berilmasa, ertaga ushbu avlodning Olimpiya terma jamoasiga aylanish jarayonida yana o'sha eski kamchiliklarga duch kelishimiz turgan gap.
Ispaniya bilan o'yinda esa yigitlarga faqat va faqat omad tilab qolaman.



