

Bu haqda klub bosh direktori Antonio Manuel Porro Granados ma'lum qildi. Fojia 2 noyabr, dushanba kuni Segundaning 12-turidan o'rin olgan "Andorra"ga qarshi uchrashuvda (2:2) yuz bergan edi.
"Bizning rejamiz - qizaloqning yonida bo'lish va butun "Tenerife" oilasi uni qo'llab-quvvatlashini taminlashdir. Biz hech bo'lmaganda u voyaga etguniga qadar u bilan birga bo'lishni istaymiz. Ushbu majburiyatni asosiy akciyadorimiz Rayko Garsiyaning tashabbusi bilan o'z zimmamizga oldik va barchamiz buni to'liq qo'llab-quvvatlaymiz. Bu "Tenerife"ning klub sifatida oila va ularning qizi Karla oldida olayotgan majburiyatidir.
Biz qonun bo'yicha taqdim etishimiz shart bo'lgan narsalardan tashqari, barcha jihatdan imkon qadar maksimal yordam ko'rsatamiz. Shuningdek, yuzaga kelgan vaziyat ularning hayotiga hech bo'lmaganda moddiy tomondan juda kuchli ta’sir qilmasligi uchun moliyaviy ko'makni oshirishning boshqa yo'llarini ham o'rganmoqdamiz - garchi, albatta, bu holat ularga umuman ta’sir qilmasligining iloji yo'q.
Klublar tomonidan ko'rsatilayotgan reakciyadan faxrlanaman. Ko'pchilik o'z tashabbuslari bilan o'rtoqlashish uchun biz bilan bog'landi. Masalan, "Burgos" klubi qo'ng'iroq qilib, biz ular bilan o'tkazadigan o'yin chiptalari sotuvidan tushgan barcha mablag'ni oilaga - birinchi navbatda futbolchining qizi va merosxo'rlariga topshirmoqchi ekanligini ma'lum qildi. Bularning barchasi odamlardagi eng yaxshi xislatlarni namoyon etadi. Kecha "Manchester Yunayted" ham o'z taziyasini yo'lladi", - deya Granadosning so'zlarini keltiradi The Athletic nashri.
Nashr ma'lumotlariga ko'ra, o'yinchining oilasi bazaviy kompensaciya sifatida 360 ming evro oladi. Bundan tashqari, 2020/2021 yilgi mavsumni ijara asosida "Tenerife"da o'tkazgan "Erkules" hujumchisi Fran Sol alohida kraudfanding kampaniyasini ishga tushirdi. Fondga mablag' o'tkazganlar qatorida Ispaniya terma jamoasi a'zolari Alvaro Morata va Aleks Baena, shuningdek, ko'plab muxlislar bor. Hozirga qadar ushbu tashabbus doirasida 100 ming evrodan ortiq mablag' yig'ilgan.



