Superliga 19-tur prevyusi. "Qaldirg'och"ning qanoti Qarshida qayriladimi?

Iskandarov Abdulaziz
22 sen 2023
FIFA kunlaridan so'ng yashil maydon ishqida yuragi olovdek yonib turgan jamoalarimiz bugundan Superligaga qaytishadi.

Yaxshi dam mehnatga hamdam. Lekin bu kimga foyda? Buni tez orada bilib olamiz. 


"Surxon" - "Qizilqum"

- "Qizilqum" o'z tarixida mehmonda hali "Surxon"ni mag'lub eta olmagan. "Surxon" o'zaro o'yinlarda uyda navoiyliklarga qarshi 9 marotaba maydonga chiqqan va 7ta uchrashuvda g'alabani begona qilmagan, 2ta o'yinda durang qayd etilgan. 

- "Qizilqum" 19 yildan beri "Surxon" darvozasiga yo'l topa olayotgani yo'q. So'nggi bor "oltin izlovchilar" 2004 yil termizliklar posbonini ranjitgan (1:2)

- "Qizilqum" Superligada ikkinchi davrada hali g'alaba qozongani yo'q, 4 mag'lubiyat, 1 durang. 

- "Surxon" bu mavsum uyda ochko jamg'arish bo'yicha kuchli uchlikda ketmoqda. Termizliklar 9ta uchrashuvning 6tasini o'z foydasiga hal qilgan, 1ta o'yinda durang, 2ta uchrashuvda mag'lubiyatga uchragan. 

- "Qizilqum" bu mavsum Superligada mehmonda g'alaba qozonmagan yagona jamoa bo'lib turibdi. Ko'rsatkich shunchaki daxshatli: 2 durang, 7 mag'lubiyat, 1-15. Jamaoa safarda faqat "Paxtakor"ga gol urgan. 

- Birinchi davradagi uchrashuvda g'olib nomi aniqlanmagan (0:0). 


"Andijon" - "Navbahor"

- "Andijon" o'z maydonida 7 yildan beri "Navbahor"ni mag'lubiyatga uchrata olayotgani yo'q. "Burgutlar" so'nggi marotaba 2016 yil Ro'zimboy Ahmedovning yagona goli evaziga g'alaba qozongan. 

- Aleksandr Xomyakov shogirdlarining uydagi mag'lubiyatsiz seriyasi 5taga etgan. Jamoa oxirgi marotaba 5 may kuni "So'g'diyona"ga uch ochkoni sovg'a qilgan. 

- "Navbahor" Superligada 4ta o'yindan buyon maydonni g'alabasiz tark etmoqda. "Lochinlar" so'nggi bor Superligada 30 iyul kuni 14-turda "Qizilqum"ni mag'lub etgan. 

- Aleksandr Xomyakov bosh murabbiy sifatida "Navbahor"ni so'nggi marotaba 2017 yil "Mashal" ustozi sifatida taslim qilgan (2:1). 

- Jamoalarning birinchi davradagi o'yinida "lochinlar"ning qo'li baland kelgan (1:0)

OKMK - "Metallurg"

- Olmaliqliklar 2 yildan buyon "Metallurg"dan 3 ochko tortib olishni uddasidan chiqmayapti. Ushbu jamoalar o'rtasida o'tgan so'nggi 3 o'yinning barchasi bekobodliklar foydasiga hal bo'lgan.

- "Metallurg" mehmondagi so'nggi 4ta o'yinning 3tasida mag'lubiyatga uchragan. 

- Olmaliqda bu jamoalar o'rtasida muxlislar doim gol guvohiga aylanishgan va 0:0 hisobi qayd etilmagan. 

- OKMK o'z maydonidagi o'zaro uchrashuvlarda katta ustunlikka ega, 11 g'alaba, 2 mag'lubiyat, 2 durang. 

"So'g'diyona" - "Paxtakor"

- "Paxtakor" 2019 yildan buyon Jizzaxdan ortga g'alabasiz qaytmoqda. 

2020. "So'g'diyona" - "Paxtakor" 1:0

2021. "So'g'diyona" - "Paxtakor"  1:0

2022. "So'g'diyona" - "Paxtakor" 2:2

Bu oraliqda jamoani Piter Xyuistra, Slavche Voyneski va Maksim Shackix boshqarishga ulgurdi. 

- "Paxtakor" bu yil mehmonda eng ko'p ochko qo'lga kiritgan jamoa hisoblanadi va bu formatda ham jamoa yetakchilikni qo'lga olgan. Natijalar: 7 g'alaba, 1 durang, 1 mag'lubiyat, to'plar nisbati 16-8, 22 ochko. Raqib maydonidagi yagona mag'lubiyat 2-turda "Neftchi"dan qabul qilib olingan. 

- Ivan Boshkovich murabbiy sifatida "Paxtakor"ga qarshi 3 marotaba jamoasini maydonga boshlab tushgan va 3tasida ham mag'lubiyatga uchragan. Demak chernogoriyalik murabbiy ishlagan jamoalarida "sherlar"ni taslim qila olgani yo'q. 

"Nasaf" - "Bunyodkor"

- "Bunyodkor" 2018 yildan buyon Qarshida g'alaba qozona olmayapti. Bu borada Mirjalol Qosimov "Nasaf"ni safarda yutgan so'nggi "qaldirg'och" bo'lib turibdi. 

2019. "Nasaf" - "Bunyodkor" 3:1

2020.  "Nasaf" - "Bunyodkor"  2:2

2021.  "Nasaf" - "Bunyodkor" 5:0

2022.  "Nasaf" - "Bunyodkor" 1:1

- Poytaxt klubi "Nasaf" bilan o'yinlardagi so'nggi g'alabasini 2021 yil o'z maydonida Shuhrat Maqsudov murabbiyligida nishonlagan (2:0). 

- "Nasaf" o'z maydonida 8ta o'yindan beri mag'lubiyatga uchramayapti. "Andijon" "ajdarlar"ni safarda taslim qila olgan yagona jamoa bo'lib turibdi. 

- Rahimbek Karimov bu yil "Bunyodkor" - "Nasaf" o'rtasidagi 2-o'yinda ham ishlaydi. Jamoalarning birinchi davradagi o'yinida u bosh hakam sifatida uchrashuvni boshqargan bo'lsa, 24 sentyabr kuni bo'ladigan o'yinda VARda ishlaydi.



Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia