Sport huquqshunosi Eronda to'p tepayotgan O'zbekiston terma jamoasi futbolchilari qanday qilib Superligaga qaytishi mumkinligini aytdi

Оқил Абдубарноев
24 mar 2026, 18:55
"Fint Turaeva" podkastida sport huquqshunosi Yuriy Zaycev ("Sila Lawyers" xalqaro yuridik kompaniyasi) Eronda to'p tepayotgan o'zbekistonlik futbolchilar Superligaga qaytish imkoniyati uchun nimalar qilishi mumkinligi haqida gapirib berdi.

– 2022 yil FIFA "Annex 7", yani Futbolchilar maqomi va transferlari bo'yicha reglamentning 7-ilovasini chiqardi. Unda xorijlik o'yinchilarning Ukraina klublari bilan shartnomalari avtomatik tarzda to'xtatilishi, Rossiya klublariga esa futbolchilar bilan kelishib olish uchun bir oy muhlat berilishi ko'rsatilgan edi.

Eron bilan bog'liq vaziyatda FIFA xuddi shunday yo'l tutishi kerak edi. Masalan, hozir u yerda O'zbekistondan besh nafar futbolchi o'ynamoqda. Ko'plab xorijlik futbolchilar qiyin ahvolda qolishdi. Xayriyatki, ularning barchasi mamlakatdan chiqib ketishga muvaffaq bo'lishdi, ammo ular to'liq noaniqlik holatida qolyapti. FIFA qandaydir chora ko'rishga shoshilmayapti va o'ylashimcha, endi biror narsa qilishi dargumon.

FIFA o'zining siyosiy intrigalari qurboniga aylandi. Aftidan, Eron bilan hech kimning ishi yo'q. Shu bilan birga, Yaqin Sharqda, masalan, Saudiya Arabistoni bor, u yerda ham xavfsizlik kafolatlanmagan. Agar FIFA Rossiya va Ukraina bo'yicha qabul qilgan qaroriga o'xshash qaror chiqaradi deb faraz qilsak ham, bu qaror "uchinchi mamlakatlar"ga ham tatbiq etilishi kerak edi. FIFA bir mintaqa ichidagi nizoni har bir mamlakat uchun turli xil shartlar bilan tartibga solishni xohlamaydi, chunki bu boshqalarga nisbatan adolatsizlik bo'ladi. Tasavvur qiling, agar FIFA Saudiya klublaridagi futbolchilarga ham o'z shartnomalarini to'xtatib turishga ruxsat bersa, nima bo'lardi.

FIFAda bunga o'xshash bir nechta qarorlar mavjud. Ulardan biri – yaqindagina fuqarolar urushi bo'lib o'tgan Sudan bo'yicha qabul qilingan. Ayrim o'yinchilar shartnomalarini bekor qilishdi, klublar bunga rozi bo'lishmadi va yakunda tomonlar o'zaro sudlashishdi. FIFA oxir-oqibat bu shunday vaziyatki, unda klub o'yinchidan qolishni talab qila olmaydi, o'yinchilar ham klublardan shartnoma bekor qilingani uchun biron-bir tovon puli talab qila olmaydi, deb hisobladi.

Hozirda Eronda to'p tepayotgan xorijlik futbolchilar ham xuddi shunday qilishlari mumkin. Biroq o'yinchilar oldida darhol bir savol tug'iladi: ular Erondagi kabi maosh sharoitlarini topa olishadimi? Bunday "muallaq holatda" qolar ekan, ular hech bo'lmaganda ertami-kechmi o'z pullarini olishlarini tushunishadi, chunki ular klublar bilan shartnomaga ega. Shartnomani bekor qilish orqali esa ular hech vaqosiz qolish xavfi ostida qoladi.

Ikkinchi jihat – yangi klublarda ro'yxatdan o'tish. Aytaylik, o'yinchi Eron klubi bilan shartnomani bekor qildi. Uni yangi chempionatda ro'yxatdan o'tkaza oladimi? "Annex 7"ning o'ziga xosligi shunda ediki, bunday futbolchilar uchun transfer oynasi bir oyga "uzaytirilgan" edi. Rossiya va Ukrainada to'p tepgan o'yinchilar yakunda Italiya, Fransiya va boshqa kuchli chempionatlarga yo'l olishi mumkin edi. Eron misolida esa hech kim futbolchilar uchun transfer oynasini ochmaydi va ular to yozgacha "muallaq" qolib ketishadi.

Erkin agentlarni ro'yxatdan o'tkazish mumkin bo'lgan mamlakatlar bor. FIFA reglamentida shunday band borki, unga ko'ra shartnomasi yo'q yoki shartnomasi asosli sabablarga ko'ra / tomonlarning kelishuviga binoan bekor qilingan o'yinchi, musobaqaning "sport yaxlitligi"ni hisobga olgan holda, transfer oynasidan tashqari vaqtda ham ro'yxatdan o'tkazilishi mumkin. Bundan buyog'iga har bir mamlakat "sport yaxlitligi" ular uchun nimani anglatishini o'zi belgilaydi. Rossiyada klublar uchun transfer oynasi yopilgandan so'ng buning uchun 14 kun vaqt beriladi.

O'zbekistonda, masalan, bor-yo'g'i to'rtta tur o'tdi. O'FA aynan mana shu o'yinchilar uchun maxsus tartib o'rnatishi mumkin, yani klublar "sport yaxlitligi"ni saqlab qolgan holda ularni ro'yxatdan o'tkazishi mumkin. Ammo buning uchun Eron klublari bilan amaldagi shartnomasi bo'lgan futbolchilar avvalo ularni bekor qilishi kerak. To'g'ri, FIFA buni tasdiqlashi lozim, lekin bularning barchasi TMS tizimi (xalqaro transferlarni rasmiylashtirish uchun FIFA onlayn-platformasi) va FIFAning "Legal & Compliance" (futbol federatsiyalari faoliyatini huquqiy qo'llab-quvvatlash, axloq meyorlariga rioya etish, futbolning halolligi hamda barcha jarayonlarning ichki ustavlar va xalqaro huquqqa mosligi uchun javobgar bo'linma) deb nomlangan profil departamenti orqali juda oson amalga oshiriladi. Bu mazkur vaziyatda to'laqonli real va amalga oshirsa bo'ladigan modeldir.

Yuriy Zaycev ishtirokidagi "Fint Turaeva" podkastining to'liq versiyasini quyidagi havola orqali topishingiz mumkin (rus tilida):


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia