

Ivan Boshkovich "So'g'diyona"ni tark etdi. Chernogoriyalik mutaxassisning Jizzaxdagi faoliyati xuddi Amerika arg'imchoqlari kabi voqealarga boy va shiddatli kechdi.
2024 yilgi mavsumda "So'g'diyona" uchinchi o'rinni egallagan edi, biroq keyinchalik bu natija tezda "bekor qilindi" va bronza medallari "Navbahor"ga nasib etdi. Hujumda Doriev va Yovovich harakat qilgan o'sha "So'g'diyona" juda kuchli edi.
Boshkovichning muammosi ham aynan shunda edi: u oldingi chiziqda o'z yetakchilarining individual mahoratiga juda katta urg'u berardi. Bu holat Yovovich jamoani tark etganidan so'ng yaqqol ko'zga tashlandi. Agar 2024 yilgi mavsumda "So'g'diyona"da o'yin taqdirini hal qiluvchi ikkita "tortuvchi" futbolchi bo'lgan bo'lsa, 2025 yilgi mavsumda ulardan faqat bittasi qoldi.
Buni Dorievning statistikasi ham tasdiqlaydi: agar 2024 yilda u "gol+pas" tizimi bo'yicha 12+7 natija qayd etgan bo'lsa, 2025 yilda bu ko'rsatkich 16+8 ga etdi. Farq sezilarli. Lyupcho jamoaning shunchaki yetakchisi emas edi – u "So'g'diyona"ning hujumdagi BUTUN O'YININI belgilab berardi. Raqibga Dorievni "yopib qo'yish" nasib etgan uchrashuvlarda jizzaxliklarning oldingi chiziqdagi harakatlari umuman o'xshamasdi.
Bu muammo 2026 yilgi mavsum startida yaqqol ko'rindi. Ammo "Dorievga qaramlik"dan tashqari, o'z darvozasi oldida ham muammolar paydo bo'ldi. "So'g'diyona" 4 ta o'yinda 12 ta to'p o'tkazib yubordi – bu Superligadagi eng yomon ko'rsatkich. Bu erda darvozabonga ham (Mirkovichning qanchalik "zo'r" ekanligi haqida avval ham yozgan edim), himoya chizig'iga ham savollar bisyor.
Boshkovich yomon murabbiymi? Shubhasiz, yo'q. U qo'lida bor imkoniyatlardan kelib chiqib ishladi. Doriev darajasidagi faqat bitta o'yinchisi borligida Boshkovich aybdor emas. Taqqoslash uchun, "Neftchi"da bunday hujumkor futbolchilar kamida 5-6 nafarni tashkil etadi. Lekin Boshkovich o'z o'yinini faqat bir futbolchiga bog'lab qo'yganida aybdor. "So'g'diyona" uning qo'l ostida jamoa sifatida kuchaymadi. Boshkovich undan shunchaki maksimumni siqib chiqardi.
Superliga klublarida murabbiylar qanchalik tez-tez almashayotanini hisobga olsak, Boshkovich katta ehtimol bilan yaqin vaqt ichida yana qayerdadir "paydo bo'lishi" mumkin. Buyog'iga uning yangi jamoasida qanday ijrochilar bo'lishi muhim savol, chunki oxir-oqibat aynan tarkib sifati natijani belgilab beradi. Murabbiy yakunda aynan o'sha natija uchun javobgar bo'ladi.



