Silvanus Nimeli: "Xatolardan vaqtida xulosa chiqarish muhim. Qo'qon-1912 uyg'onmoqda"

Iskandarov Abdulaziz
21 avg 2026, 11:10
"Qo'qon-1912" jamoasining liberiyalik hujumchisi Silvanus Nimeli "Bunyodkor"ga qarshi kechgan bahsdan (1:0) so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- O'yin haqida taassurotlaringiz...

- Bu biz uchun juda qiziqarli va muhim o'yin bo'ldi. Sir emas, so'nggi bir necha hafta davomida o'z o'yinimizni topib olishga juda qiynaldik. Murabbiylar shtabi va butun jamoa bilan birgalikda juda ko'p mehnat qildik, ammo maydonda ishlar o'xshamayotgandi. Futbolda shunaqasi ham bo'lib turadi - bor kuchingizni berasiz, lekin natija kelavermaydi. "Nasaf"ga qarshi Navoiydagi bellashuvda bor kuchimizni ishga soldik va aynan o'sha o'yindan so'ng o'zligimizni topa boshladik. Keyin uyga qaytib, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Toshkentga ham faqat g'alaba uchun kelgandik va maqsadimizga erishdik. "Bunyodkor" juda yaxshi va yosh jamoa, ularda sifatli futbolchilar ko'p, raqibni juda hurmat qilaman. Lekin bugun maydonga faqat uch ochko uchun tushgandik.

- Bu mavsumda kam gol urayotganingiz sababi nimada?

- O'tgan mavsumda ketma-ket ikkita jiddiy jarohat oldim. Bu meni o'yinimni pasayishiga olib keldi. Maydonga qaytish va etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun "Neftchi"dan vaqtincha ketishimga to'g'ri keldi. Bu futbol, tabiiy holat. Umid qilamanki, asta-sekin avvalgi sport formamga qaytyapman.

- Sizningcha, bu mavsumda Superligada qaysi jamoa zafar kuchadi?

- Superligadagi har bir klubni hurmat qilish kerak, chempionatda sifatli va kuchli jamoalar juda ko'p. Albatta, Farg'ona jamoasi ("Neftchi") men uchun birinchi raqamli. O'tgan yili ular bilan birga chempion bo'lgandik. Hozir "Qo'qon-1912" futbolchisiman va bor e'tiborim shu jamoada. Lekin chempionlik haqida so'rasangiz, "Neftchi"ni asosiy favorit deb hisoblayman.

- Bugungi o'yinda "Qo'qon-1912"ning ko'plab muxlislari jamoani faol qo'llab-quvvatlashdi...

- Ha, omadsiz o'yinlardan so'ng o'z maydonimizda bor kuchimizni berib o'ynaganimizni ko'rib, ishqibozlar bizga yanada ko'proq ishona boshlashdi va Toshkentgacha kelib qo'llashdi. Bu hali boshlanishi, biz oldinga intilishda davom etamiz.

- Oxirgi o'yinlardagi muvaffaqiyatli natijada asosiy rol nimada bo'ldi ?

- Muvaffaqiyat siri - ahil jamoaviy mehnatda. Biz uzoq vaqt omadsizlikka uchradik, hamma narsani to'g'ri qilayotgan bo'lsak-da, natija kelmadi. Ammo muxlislar, murabbiylar va klub rahbariyati bizni hech qachon yolg'iz qoldirmadi, doimo qo'llab-quvvatladi. Hayotda shunday paytlar bo'ladiki, oxirigacha kurashishingiz, vaziyatdan to'g'ri xulosa chiqarib, uyg'onishingiz kerak bo'ladi. Nazarimda, "Qo'qon-1912" aynan hozir uyg'onmoqda. Mehnat qilishda davom etamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia