Afrika Millatlar kubogi saralashi: "Qo'qon-1912" hujumchisi gol urdi

Оқил Абдубарноев
26 sen 2026, 12:39
2027 yilgi Afrika Millatlar kubogi saralash bosqichi doirasidagi "K" guruhi bahslari start oldi.

Dastlabki turda Ruanda terma jamoasi Kigali shahridagi "Amaxoro" stadionida Liberiyani qabul qilib, 3:1 hisobida ishonchli g'alabani qo'lga kiritdi.

O'zbekistonlik futbol muxlislari uchun e'tiborli jihati shundaki, mazkur bellashuvda mehmonlarning taskin beruvchi yagona goliga "Qo'qon-1912" klubi hujumchisi Silvanus Nimeli mualliflik qildi.

Uchrashuv mezbonlarning faolligi bilan boshlandi. O'yinning 2-daqiqasidayoq Abeddi Biramaxire hisobni ochgan bo'lsa, 33-daqiqada Mikels Leroy Jak Ruandaning ustunligini ikki barobarga oshirdi. Oradan besh daqiqa o'tib, qo'qonliklar legioneri Silvanus Nimeli hisobni qisqartirdi va jamoasini o'yinga qaytarishga urindi. Biroq ko'p o'tmay Mikels Joy Lens belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, ikkita to'p farqini qayta tikladi. Ikkinchi taymda Liberiya vaziyatni o'nglashga intilganiga qaramay, "Amavubi yulduzlari" hisobni ushlab qolishni uddaladi.

Ushbu g'alabadan so'ng Ruanda o'z guruhida peshqadamga aylandi. Guruhdagi ikkinchi o'yin Mali va Kabo-Verde terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadi.

Saralashning 2-turida Ruanda Kabo-Verdega qarshi uzoq safarga yo'l olsa, Silvanus Nimeli harakat qilayotgan Liberiya terma jamoasi o'z maydonida Malini qabul qiladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia