

"Biz uch kun avval o'z uyimizda o'ynagandik. Tiklanish uchun vaqt yo'q edi. Qiyin bo'lishini bilardik. Toshkentga yetib kelish ham ko'p vaqt oldi. Ikkinchi bo'limda sustlashib qoldik. Jismoniy jihatdan tiklanib olish qiyin. Lekin holatimiz shu. Barcha jamoalar shunday zich taqvim ostida o'ynamoqda. Jangovar va qiziqarli o'yin bo'ldi. Yaxshi imkoniyatlar ikki jamoada ham bo'ldi. Natija adolatli bo'ldi deya olaman", - dedi Sergey Tokov bugungi bahs haqida.
- Yomg'irli ob-havo o'yinga qanchalik ta’sir o'tkazdi deb o'ylaysiz?
- Katta ta’siri bo'lmadi. Maydon ideal holatda. Bunday maydonda mazza qilib futbol o'ynaysiz. Yigitlar futboldagi birinchi mavsumini o'tkazishmayapti-ku. Maydon nam ekanligi va to'p bilan biroz boshqacharoq muomala qilish kerakligini bilishardi. Rejamizni o'zgartirmagandik.
- "Xorazm"da sun'iy qoplamali maydon. Bir o'yinni sun'iy qoplamada o'ynab, ikkinchisini tabiiy maydonda o'ynash qanchalik farq qiladi?
- Ochig'ini aytaman, biroz qiyin. Biz uchun qiyinroq. Raqiblarimiz faqatgina bir o'yinni sun'iy qoplamada o'tkazishsa, sun'iy va tabiiy maydonda ketma-ket o'ynayapmiz. Ko'nikib ketish oson emas. Agar imkon bo'lsa, o'yindan bir hafta oldin tabiiy maydonda mashg'ulot o'tkazamiz. Hozir esa vaqt umuman yo'q. Shu sabab biroz muammo bo'lmoqda. Sun'iy maydonda o'ynaganlar ko'proq charchashadi. Bu esa tiklanish uchun ko'proq vaqt talab etadi. Futbolchilarga o'zim istayotgandek yuklama bera olmayapman. Imkon qadar ko'proq dam olib, ushbu muammoni bartaraf etmoqchimiz. Jarohatlar soni ko'paysa kerak. Albatta, qiyinchiliklar bor, ammo imkonsiz vaziyatlarning o'zi bo'lmaydi.
- Bugun jamoangiz bir ochko qo'lga kiritdimi yoki ikki ochko yo'qotdimi?
- Biz hisobda oldinga borayotganimizni hisobga olsak. Ikki ochko yo'qotdik deb aytsam bo'ladi. Lekin o'yin suratiga nazar tashlasak. Shuningdek, o'yin so'ngida raqib ustunlikka ega bo'lganini hisobga olsak, bir ochkoni qo'lga kiritdik desak bo'ladi. Hozir hissiyotlarga berilib, bir nima deyish qiyin. Natijadan ko'nglim to'ldi. Yigitlar namoyish etgan o'yindan qoniqdim. Raqib hisobni tenglashtirib olganidan so'ng hisobda oldinga chiqib olish uchun etarli vaqt bo'ldi.




