Saudiya Arabistoni federatsiyasi "Al Taavun" muxlislarining Jotaning ismini qichqirib, Neveshni provokaciya qilganini qoraladi

Aslanov Jasurbek
14 sen 2026, 21:56
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi "Al Taavun" muxlislarining Ruben Neveshga nisbatan qilgan harakatlarini keskin qoraladi.

Milliy chempionatning 7-turidan o'rin olgan "Al Taavun" - "Al Hilol" (0:6) uchrashuvi vaqtida mezbonlarning ayrim muxlislari mehmonlar yarim himoyachisi Ruben Neveshni ruhiy jihatdan izdan chiqarish va provokaciya qilish maqsadida Diogu Jotaning ismini qichqirib shiorlar yangratishgan. "Al Hilol" klubi ushbu holat yuzasidan rasmiy shikoyat kiritdi.

Eslatib o'tamiz, Nevesh va Jota yaqin do'st bo'lib, ilgari "Portu", "Vulverxempton" hamda Portugaliya terma jamoasida birga to'p surishgan. Diogu 2025 yilning 3 iyul kuni Ispaniyada sodir bo'lgan avtohalokat tufayli ukasi Andre Teysheyra da Silva bilan birga fojiali tarzda vafot etgan edi.

"Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi (SAFF) va Saudiya professional ligasi (SPL) "Al Taavun" va "Al Hilol" o'rtasidagi uchrashuvda hozir bo'lgan ayrim muxlislarning Saudiya futboli qadriyatlari va sport mahorati tamoyillariga zid bo'lgan nomaqbul xatti-harakatlarini qatiyan qoralaydi.

SAFF va SPL shaxsiy fojialardan haqorat yoki provokaciya maqsadida foydalanish mutlaqo qabul qilib bo'lmaydigan holat ekanini va Saudiya futbolida bunday qilmishlarga o'rin yo'qligini takidlaydi.

SAFF tegishli qo'mitalar shikoyatni qabul qilganini va amaldagi qoidalar hamda tartib-qoidalarga muvofiq zarur choralar ko'rilishini tasdiqlaydi. Tekshiruv jarayoni yakuniga etgach, uning natijalari e'lon qilinadi", - deyiladi federatsiya bayonotida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: x.com/saudiff_en